Oʻqituvchining choʻntagiga koʻz tikmang, janob mutasaddilar!

18:38 11 Sentyabr 2020 Jamiyat
231 0

Yangi oʻquv yilining boshlanishi biz, oʻqituvchilar uchun oʻzgacha hayajon va zavq beradi. Sogʻinch koʻzlarida balqib turgan oʻquvchilarning yugurib yonimizga kelishi, gullar tutishi — ular uchun kerakli inson ekanimizni anglatardi. Afsuski, pandemiya bizni bu shukuhdan mosuvo qilmoqda. Ijtimoiy masofa saqlash, qoʻl berib koʻrishmaslik va boshqa shu kabi talab va ehtiyojlar bunga sabab.

Hozirgi vaziyat — urushga teng. Bu virus — koʻrinmas dushman. Hamma oʻzini asrashi, ehtiyot choralarini koʻrishi lozim. Shifokorla­rimiz koʻrinmas balo bilan jang qilishmoqda. Biz ular uchun taʼzimdamiz. Endi navbat ustoz­larga keldi. Biz ham bu jangda mardonavor qatnashamiz va hech qachon ortga qaytmaymiz. Lekin qurolsiz, hech qanday himoya vositalarisiz, hech qanday ragʻbatsiz jangga kirish gʻalabaga eltarmikan? Yoxud “Himoya vositangni ham, qurolingni ham oʻzing topasan, biz seni tanimaymiz”, deb askar urushga kuzatiladimi?!

…Majlislar zalida hamma oʻqituv­chilar toʻplangan. Maktabimiz rahbarlari, shukurki, vazmin, salohiyatli, insofli kishilar. Hamma ularning ogʻziga tikilgan, ular esa gapni nimadan boshlashni bilmay turishardi. Sezdimki, qan­daydir yoqimsiz topshiriq boʻlgan va uni bizga qanday yetkazishni bilmay turishardi. Va nihoyat, yutinibgina bazoʻr soʻz boshlashdi: “Xabaringiz bor, yangi oʻquv yili 14-sentyabrdan boshlanadi, shu sababdan yuqori tashkilot aytgan vazifalarni zudlik bilan amalga oshirishimiz kerak. Sinfxonalarni epi­demiologik vaziyatga moslashtirish, yaʼni xonalarda antiseptik vositalar, chiqindi qutilari, dezinfeksiya vositalari, nam salfetkalar boʻlishini taʼminlash darkor.

Navbatdagisi — barcha sinf rahbarlari quyidagi mazmunda kafolat xati yozib berishadi:

— sinfga tashqaridan infeksiya kirishiga yoʻl qoʻymaslik uchun javobgar boʻlish;

— oʻquvchilarni shaxsan kutib olish;

— oʻgʻil-qizlar sinfga kirishida ijtimoiy masofani saqlashi, boshqa sinf oʻquvchilariga aralashib ketmasligi uchun doimiy nazorat oʻrnatish;

— oʻquvchilar hojatxonalarda qoʻl yuvish va quritish vositalari, sovun yoki antiseptik vositalardan doimiy foydala­nishlarini kafolatlash.

Agar yuqoridagi talablarni bajarmasak, maktabimizga chora koʻrilarkan, bizni toʻgʻri tushunasiz degan umiddamiz”, deya soʻzlarini yakunlashdi.

Hamma jim. Hamma sukutda. Bizdagi naqllarga koʻra sukut — alomati rizo. Aslida ham shundaymikan? Balki inson mavhum, tushunarsiz va chorasiz vaziyat sabab sukut qilayotgandir.

Endi tabiiy, alamli savollar paydo boʻlmoqda. Birinchidan, Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Prezidentimizning “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq xalq taʼlimi muassasalarini qoʻllab-quvvatlash, xususan, tegishli hududda umumtaʼlim muassasalariga yordam koʻrsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilishi belgilanganini, shu sababli maktablarda taʼlim jarayonini tashkil etishda qoʻllaniladigan dezinfeksisya vositalarining birortasi ham oʻqituv­chilar tomonidan xarid qilinmasligini, pandemiya sharoitida umumtaʼlim maktablariga pirometr, dezinfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar markazlashgan holatda yetkazib berilishini aytdi. Unday boʻlsa, nima uchun barcha tashkiliy ishlar oʻqituv­chilar zimmasiga tushyapti? Bu voqealar sinfxonalarni taʼmirlash ishiga oʻxshab ketayotgandek.

Ikkinchidan, butun dunyo virusning oldini ololmay turgan vaqtda sinf rahbari qanday qilib kafolat xati bilan bajarilishi kerak boʻlgan vazifalarni uddalaydi?

Uchinchidan, sinf rahbarlik alohida olib boriladigan, qoniqarli maosh toʻlanadigan ish emas. Oʻqituvchilik faoliyati bilan birga olib boriladi. Shu yerda yana bir mantiqsizlik bor: sinf rahbari 30–35 oʻquvchining har biri qoʻlini yuvganini, hojatga borgan-bormaganini, boshqa sinfga aralashib ketmasligini, shaxsan kutib olishni qanday amalga oshiradi? Yoki u dars oʻtmaydimi? Koʻplab maktablarda hali hamon ikki tartibli, yaʼni tushgacha va tushdan soʻng dars mashgʻulotlari oʻtiladi (darsdan soʻng onlayn taʼlim olmoqchi boʻlganlar­ning davomati yuritilishi, ularga vazifa, mavzular oʻtilishi bu alohida mavzu). Tasavvur qilib koʻring-a, bu ishlarga jismoniy jihatdan ulgurishning imkoni bormi? Yoki oʻqituvchining sogʻligʻi ahamiyatsizmi? Shu kabi savollarga mutasaddilardan koʻpminglab oʻqituvchilar javob ilinjidamiz.

Aytgancha, ishlamay oylik ol­ding-ku, nima boʻpti shu narsalarni qilsang, deydiganlarga maslahatim — mehnat qonunchiligi bilan yaxshilab tanishib chiqing. Yana, pandemiya davrida koʻplab ustozlar ustamalardan mahrum boʻlib, iqtisodiy yoʻqotishga uchradi. Oʻqituvchining ham farzandlari, roʻzgʻori va boshqa zarur xarajatlari bor. U ham avtomashina minishni, soʻnggi rusumdagi telefon ishlatishni, huzur bilan oilasi uchun pul sarflashni istaydi. Ularning halol puliga koʻz tikmang!

Iskandar GʻOZIXOʻJAYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?