Oʻqituvchilar va shifokorlarning oylik ish haqidan majburiy ushlab qolish holatlari aniqlandi

15:04 02 Noyabr 2018 Jamiyat
583 0

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan oʻrganishlar davomida ijtimoiy soha muassasalari xodimlari oylik ish haqlarini noqonuniy ushlab qolish bilan bogʻliq 345 mingdan ortiq holat aniqlandi.

Tasodifiy tanlov usuli orqali butun mamlakat boʻylab 729 ta ijtimoiy soha, jumladan, tibbiyot, maktab va maktabgacha taʼlim muassasasi oʻrganib chiqildi.

Tadqiqotlar ish beruvchilar tomonidan kommunal xizmat toʻlovlari uchun pul mablagʻlarini oʻz qoʻl ostidagi xodimlarning maoshlaridan noqonuniy ushlab qolish holatlari mavjudligini koʻrsatdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Shu boʻyicha jami 345 mingdan ortiq holat aniqlangan. Ularning yarmi Fargʻona vodiysi viloyatlariga toʻgʻri keladi(Andijonda — 72205, Namanganda — 50198 va Fargʻonada — 49897 ta).

Xodimlarning oylik ish haqlaridan ushlab qolish 69 foiz(237434) holatda ularning roziligisiz, 11 foiz(37696) holatda ular kasallik, taʼtil, xizmat safari tufayli ish joyida yoʻq boʻlgan paytda sodir etilgan. Maoshning 60-70 foizini ushlab qolish holatlari ham kuzatilgan.

Qonunchilikka koʻra, agar ishchi-xodim kasallik yoki taʼtil sababli ishda boʻlmasa, uning oylik ish haqidan ushlab qolish keyingi oyda amalga oshiriladi. Ushlab qolishning umumiy hajmi xodimga beriladigan maoshning 50 foizidan oshmasligi kerak.

Fargʻonada toʻqqiz oyda maktablarning 1821 oʻqituvchisidan ularning yozma roziligisiz 300 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ushlab qolingan, 2000 fuqarodan majburiy tarzda “bosib” qolingan qariyb 50 mln. soʻm Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi hududiy boʻlinmasi hisob raqamiga oʻtkazib berilgan.

Andijonda ish beruvchilar tomonidan 609 oʻqituvchidan ular xizmat safarida boʻlgan payt 44 mln. soʻmdan ziyod mablagʻ ushlab qolingan.

Qoraqalpogʻiston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Xorazm va Buxoroda oylik ish haqining 70 foizini ushlab qolish bilan bogʻliq 100 dan ziyod holat aniqlangan. Bu ham qonunbuzilishi hisoblanadi.

Oʻrganishlar yakunida adliya idoralari tomonidan 400 ta taqdimnoma va 2000dan ortiq ogohlantirish xatlari kiritildi. Vakolatli organlarga aybdor boʻlgan 277 nafar mansabdor shaxsni maʼmuriy, 2 nafarini jinoiy javobgarlikka tortish taklifi yuborildi.

Adliya vazirligi kommunal xizmatlar toʻlovlari uchun oylik ish haqining bir qismini ushlab qolishga asos boʻlib xizmat qilayotgan idoraviy qoidalarni tubdan qayta koʻrib chiqish tashabbusini ham ilgari surmoqchi. Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi vazirliklari va boshqa tashkilotlarga bu boradagi qonunbuzilish holatlarini ildizi bilan yoʻq qilish boʻyicha shoshilinch chora-tadbirlar qabul qilish boʻyicha taqdimnomalar kiritildi.

“Har bir fuqaro mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlari va munosib mukofot olish huquqiga ega. Mehnat qilayotganlar oylik ish haqining bir qismini faqatgina ularning yozma roziligi bilan yoxud sud qarori mavjud boʻlgan yoki davlat ijrochisi talabi asosida ushlab qolish mumkin. Boshqa asoslarda ushlab qolishga yoʻl qoʻyilmaydi”, - deyiladi xabarda.

Oylik ish haqidan noqonuniy ushlab qolish yoki noqonuniy tarzda maoshning bir qismini ajratish boʻyicha bosim oʻtkazish holatlari kuzatilganda, Adliya vazirligining “1008” ishonch telefoniga yoki bevosita Inson huquqlari himoyasi boshqarmasining 71-236-29-63 telefon raqamiga yoki info@minjust.gov.uz elektron pochtasi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar(“Feysbuk”, “Odnoklassniki”dagi“Dialog s yustitsiyey / Adliya bilan muloqot” guruhi)ga murojaat qilish mumkinligi eslatib oʻtilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?