Oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi takomillashtiriladi

17:24 14 Avgust 2019 Jamiyat
113 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosini taʼminlash hamda amaldagi meʼyoriy hujjatlardagi tushunmovchiliklarga aniqlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror loyihasining ishlab chiqilishidan maqsad xalq taʼlimi tizimi xodimlarining ijtimoiy mavqei va nufuzini oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash toʻgʻrisidagi nizom yangi tahrirda bayon qilinmoqda.

Ushbu Nizom bilan xalq taʼlimi tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirishning eng muhim jihatlari inobatga olingan.

Jumladan, amaldagi xalq taʼlimi tizimiga oid hujjatlarda yoritilmagan rahbar xodim, pedagog xodim, texnik xodim, xizmat koʻrsatuvchi xodim, xalq taʼlimi tizimi xodimlari hamda bazaviy tarif stavka atamalariga tushunchalar berilgan;

oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) taʼlim shaklida taʼlim olayotgan talabalarga 2-kursdan boshlab haftada 20 soatgacha dars oʻtishlariga yoʻl qoʻyilmoqda.

Bundan tashqari, maktablardagi pedagogik mutaxassislikka ega yoshlar yetakchisi va psixolog lavozimlarning bilim-tajribalaridan keng foydalanish maqsadida ular mehnatiga soatbay haq toʻlash sharti bilan 10 soatgacha dars oʻtishlariga imkon yaratilmoqda.

Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularda vatanga boʻlgan sadoqatni mustahkamlash maqsadida umumtaʼlim maktabidagi oʻquvchilarni chaqiriqqa tayyorlash rahbari maktab direktorining vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash boʻyicha oʻrinbosari sifatida kiritilmoqda.

Shu bilan birga, tegishli tekshiruv organlari tomonidan bahsli mulohazalarga sabab boʻlayotgan amaldagi meʼyoriy hujjatlarda mavjud boʻlmagan taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining yozgi taʼtildan qaytgan davri uchun ularga haq toʻlash masalasi koʻrsatib berilgan. Bunda, ularga (iyun-avgust oylari) navbatdagi oʻquv yili boshlangunga qadar ular mehnatiga haq toʻlash faqatgina belgilangan bazaviy tarif stavkalardan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yildagi Farmoniga asosan 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori oʻrniga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori qoʻllanilishi belgilangan. Shu munosabat bilan, mazkur loyihada umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilariga qoʻshimcha haq toʻlovlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan foiz hisobida amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, taʼlim standartlarini bajarish xalq taʼlimi tizimining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishda, kadrlarga ehtiyoji yuqori boʻlgan maktablarda Davlat taʼlim standartlari talablarini bajarish maqsadida istisno tariqasida tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimining tegishli buyrugʻi asosida oʻqituvchiga bir yarim stavkadan ortiqcha dars (10 soatgacha) berishiga ruxsat etilmoqda. Bunda, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari va maktab direktorlari mavjud vakantlarni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini koʻrishi va malakali xodimlar bilan taʼminlanishi uchun masʼul hisoblanishi belgilanmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi qaror loyihasini yanada takomillashtirish uchun barcha jamoatchilik vakillarini muhokamalarga faol ishtirok etishga chaqiradi. Hujjat loyihasining muhokamasi 2019-yilning 29-avgustiga qadar qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?