“O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari” tashkil etiladi

18:16 15 Avgust 2018 Jamiyat
311 0
Arxiv foto

2018 — 2020 yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro‘sini targ‘ib qiluvchi “O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari” tashkil etiladi.

Bu ezgu loyiha Prezidentimizning “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududlarda tatbiq etiladigan bo‘ldi.

“Bugungi kunda ta’lim tizimida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Masalan, sohada ortiqcha qog‘ozbozliklarga, pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilishga chek qo‘yish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad bor e’tiborni yoshlar tarbiyasiga qaratishdan iborat. Yangi qabul qilingan qaror esa mana shu yo‘ldagi ezgu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir. Ushbu hujjat, aytishi mumkinki, tarixiy ahamiyatga ega”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Qaror bilan shuningdek, “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Unda yuksak ma’naviyatli, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularni yot g‘oyalar ta’siridan himoyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, pedagog xodimlarning nufuzini oshirish, ularning moddiy-ma’naviy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor masalalar belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?