Oʻqituvchi tuman markazida katta kitob majmuasi ochdi

15:33 19 Iyul 2019 Jamiyat
194 0

Shofirkonlik oʻqituvchi Ziyodulla Bahronov oʻzining azaliy orzusiga erishdi. U tuman markazida muhtasham kitob majmuasi barpo etdi.

-Kitob kirib borgan uydan yomonlik chiqmaydi, - deydi tashabbuskor muallim.-Uzoq yillar davomida yoshlarga taʼlim – tarbiya berdim. Ularning keyingi taqdirlarini kuzatdim. Hayotlari qanday kechayotgani bilan qiziqdim. Pirovardida shunday xulosaga keldim: kitobga oshno boʻlgan kishi turmushning oʻnqir – choʻnqir yoʻllaridan oʻtishda qiynalmas ekan.

Shofirkon – koʻplab allomalar yetishib chiqqan yurt. Bu oʻrinda birgina Ibrohim Moʻminovni yodga olishning oʻzi kifoya. Jonkuyar muallim ana shularni oʻylab, kitob doʻkoni ochishni niyat qilgandi. Yaqinlari, tuman hokimligi uni qoʻllab – quvvatladi. Oʻqituvchining 800 million soʻm mablagʻi hamda moliyaviy muassasa tomonidan ajratilgan 200 million soʻm miqdoridagi kredit evaziga majmua qad rostladi. Bu yerda 10 mingtadan ziyod ilmiy – texnik, siyosiy – huquqiy, badiiy adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalari mavjud. Oʻquv qurollari, ish qogʻozlari va jihozlari sotuvi ham yoʻlga qoʻyilgan. Elektron kutubxona va mutolaa burchagi tashkil etilganini aytmaysizmi? Muhimi, majmuadan kitobsevarlar qadami uzilmayapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?