O‘qishga kiritish uchun pora olgan ham, bergan ham jazolandi

11:14 23 May 2018 Jamiyat
486 0

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida Muhabbat opa qizini oliy o‘quv yurtiga kiritish maqsadida sport kolleji o‘qituvchisi Shamsiddin ismli shaxs bilan 3 ming dollarga kelishib, oxirida chuv tushib qoladi. 

O‘zA xabariga ko‘ra, Muhabbat opa qizini Toshkent Davlat jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirishi uchun Shamsiddinga 2,5 ming dollar topib beradi. Ammo reja amalga oshmaydi va qiz o‘qishga kira olmaydi. Pulni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan Shamsiddin har xil bahonalar to‘qib, pulni qaytarmaydi. Natijada toqati toq bo‘lgan ayol sudga murojaat qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi mazkur holat yuzasidan olib borilgan sud jarayonida sudlanuvchining firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zgalarning mulkini qo‘lga kiritganini aniqladi. Jazo tayinlashda barcha jihatlarni e’tiborga olindi va unga 9,7 million so‘m jarima jazosi tayinladi.

Sudda ikkinchi tomonning xatti-harakatlariga ham baho berildi. Ayol pora berish, ya’ni mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi qonunga xilof ekanligini bila turib, bevosita yoki vositachi orqali mansabdor shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish maqsadida, sudlanuvchiga 2,5 ming AQSh dollarini pora tariqasida bergan. Bu qilmish uchun unga 7,4 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Pora sifatida berilgan va keyinchalik ayblanuvchidan olingan 2,5 ming dollar davlat foydasiga musodara etildi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?