Oqil isteʼmolchilar jamiyatini yaratish — pirovard maqsad

13:13 13 Mart 2020 Jamiyat
553 0

Bizning asosiy maqsadimiz chinakam demokratik jamiyatni barpo qilishdan iborat ekan, buning uchun, avvalo,aholi huquqiy savodxonligi hamda isteʼmol madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi oʻz huquqini anglagan va talab qila olgan jamiyat bilangina biz kutgan natijaga erishamiz. Aholi isteʼmol madaniyatini rivojlantirish nafaqat davlat tashkilotlari, balki nodavlat tashkilotlarning ham hissasi ancha salmoqli.
Joriy yil Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida ham “nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini oʻylantirayotgan muammolarga davlat idoralari eʼtiborini qaratib, oʻzlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq boʻladi”,degan asosli undovi fikrimiz dalilidir.

Bu borada Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi juda koʻp manfaatli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Qilingan ishlar yuzasidan, bugun Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2020-yil 13-martda“15-mart – Xalqaro isteʼmolchilar huquqini himoya qilish kuni” munosabati bilan 2019-yil faoliyati yakunlari va joriy yildagi rejalarga bagʻishlangan matbuot konferensiyasi oʻtkazdi.

Konferensiyada federatsiya faoliyatiga oid masalalar haqida jurnalistlarga axborot berildi.
 

Xususan, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi oʻrinbosari – ijrochi direktori Inomjon Togʻayev qayd etishicha, federatsiya va uning tarkibiga kiruvchi hududiy birlashmalar va isteʼmolchilar jamiyatlarida isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasida koʻplab ishlar amalga oshirildi. Masalan, 2019-yilda Federatsiyaga 10261 ta ariza kelib tushdi, uning 9736 tasi, yaʼni 94,9 foizi ijobiy hal etildi va isteʼmolchilar foydasiga jami 10 174 967 565 (oʻn milliard bir yuz yetmish toʻrt million toʻqqiz yuz oltmish yetti ming besh yuz oltmish besh) soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori va 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida koʻrsatilgan topshiriqlarni oʻz moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib bajarish maqsadida federatsiya joylarda 50 dan ziyod “Isteʼmolchi kutubxonasi”ni tashkil etilmoqda, shulardan 10 tasi foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Federatsiya joriy yilda ham qator loyihalarni amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan boʻlib, bular jumlasiga, milliy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish maqsadida “Sifat belgisi” ragʻbatlantiruvchi mukofotini joriy etilishi hamda mustaqil ekspertizalar oʻtkazish orqali, ichki isteʼmol bozoridagi mahsulot va xizmat turlarini obyektiv baholash, mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirish, milliy mahsulotlar sifatiga nisbatan ijobiy imijni shakllantirish, yuqori sifatga ega milliy mahsulotlarning ichki va tashki bozorga erkin kirib borishiga imkon yaratish, milliy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlovchi “Oʻzbek sifat tizimi” jamoatchilik tashkilotini taʼsis etishni kiritishimiz mumkin.

Qayd etish lozimki, shu kunlarda Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International) taklifi bilan “Sustainable Consumer” (“Barqaror” (oqil) isteʼmolchi”) shiori ostida dunyo mamlakatlari isteʼmolchilar tashkilotlari atrof muhit muhofazasiga qaratilgan koʻplab tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi atrof muhitni muhofaza qilish borasida amaliy ish ham qilayotganini alohida qayd etish lozim. Jumladan, Orolboʻyidagi ekologiya muhitini sogʻlomlashtirish maqsadida 2019-yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi koʻmagida “Orolboʻyini obod etaylik” loyihasini amalga oshirdi va Orol dengizining suvsiz qolgan 5 ming gektarlik hududida himoya oʻrmonzori – saksovulzor barpo qildi.

Federatsiya tashabbusi bilan Xalqaro isteʼmolchilar jamiyatlari konfederatsiyasi “Yuksalish” umummilliy harakati koʻmagida joriy yilning 15-20-yanvar kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtkazilgan “Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilar forumi” yalpi majlislarida muhokama qilingan hamda uning yakuniy deklaratsiyasida aks etgan masalalar bu yilgi “Sustainable Consumer” shiori ostida oʻtkazilayotgan kampaniyaga hamohangdir. Bunga forumning uchinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “barqaror isteʼmol madaniyati” mavzusini hamda yakuniy deklaratsiyaga kiritilgan “Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yashash sharoitlarini yaxshilash”ga qaratilgan bandini misol qilib keltirish mumkin.

Qayd etish lozimki, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha yetakchi prinsiplari”da atrof muhitni asrash isteʼmolchilar huquqini himoya qilishning asosiy prinsiplaridan biri ekani belgilab qoʻyilgan.

Ushbu forumda dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan koʻplab xalqaro ekspertlar, davlat va nodavlat isteʼmolchilar tashkilotlari vakillari qatnashib, bugungi tobora globallashayotgan dunyoda dolzarb boʻlib turgan elektron tijorat, turizm sohasida isteʼmolchilar huquqini himoya qilish va barqaror isteʼmol madaniyati borasida fikr va tajriba almashdi. Unda ishtirok etgan vatandosh ekspertlar ham Oʻzbekistonda isteʼmolchilar huquqi va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirayotgan ishlar xususida forumning chet ellik ishtirokchilariga axborot berdi. Yakuniy deklaratsiyada uni har 2 yilda Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib olindi.


Matbuot konferensiyasi soʻngida Federatsiya bilan yaqindan hamkorlik qilgan OAV vakillari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?