“Oqayotir Ilohiy mehr”... Anna Axmatova — oʻzbeklardan mehr koʻrib, oʻzbek zaminiga mehr qoʻygan shoira

16:52 19 Oktyabr 2018 Madaniyat
907 0

Dunyoga mashhur rus shoirasi Anna Andreyevna Axmatova (haqiqiy familiyasi – Gorenko) 1889 yil 11 iyunda Odessada tavallud topdi. U ona tomonidan tatar xoni Axmat xonga borib taqaladi.

Anna oʻzining ilk sheʼrini oʻn bir yoshida yozgan. Anna Axmatovaning birinchi sheʼriy toʻplami — “Oqshom” 1912 yilda, ikkinchi toʻplamii “Tasbih” — 1914 yilda eʼlon qilinadi va shoira har ikki toʻplami bilan butun Rossiya boʻylab shuhrat qozonadi. Aleksandr Blok kabi taniqli shoirlar shoira sheʼrlarini yuksak baholashadi. Vladimir Mayakovskiy esa shoiraga shunday baho beradi: “Anna Axmatova sheʼrlari yaxlitligi bilan eʼtiborga molikdir, ular har qanday tanqidga dosh bera oladi, har qanday tazyiqda darz ketmaydi”.

1921 yili inqilob dushmani sifatida uning eri Nikolay Gumilyovni otishga hukm qilishadi. 1935 yilda oʻgʻli Lev Gumilyovni qamoqqa olishadi. Shoira 17 oyni qamoqxona navbatlarida oʻtkazadi. Boshiga tushgan mislsiz uqubat va iztiroblarni u “Marsiya” poemasida yorqin ifoda etgan. Shoira Ikkinchi jahon urushi davrida Toshkentga koʻchib kelganligi va u yerda ikki yarim yil yashaganligi koʻpchilikka maʼlum. Uning bu davrda ushbu zaminga bagʻishlab yaratgan sheʼrlarida Sharq nafasi oʻziga maftun qiladi.

Yolgʻizlikda yashayotgan shoirani faqat Toshkentdagi qoʻni-qoʻshnilarigina emas, balki notanish odamlar ham qoʻllab turishgan. U keyinchalik ham Toshkentda bir qariya unga sut olib kelib, oʻta tavoze bilan huzurida qoʻllarini qovushtirib turishini, ayniqsa, qariyaning bir gal stoldagi koʻzguni olib, uning yuziga tutgani va soʻngra koʻzguni mehr bilan oʻpganini hayajon bilan yod olardi.

Yetti yuz yil kelmadim, bu yer

Oʻzgarmabdi hech qancha, biroq...

Oqayotir Ilohiy mehr

Xayol yetmas choʻqqilarda oh.

Yulduzlaru suvlar joʻrovoz,

Qoramtir koʻk gumbazi hamon.

Sovriladi donlar yelda, soz

Ona kuylar bir qoʻshiq omon.

Mening pishiq uyim – Osiyo.

“Yetti yuz yil kelmadim, bu yer” satrlari bilan oʻzining ulugʻ ajdodlariga ishora qilgan shoira oʻzbek xalqi oʻziga yaqin va aziz ekanligini teran anglaydi. Uning 1942 yil 23 fevralda Toshkentda yozgan “Jasorat” sheʼri yashin tezligida front boʻylab tarqab ketadi. Bu sheʼr “Pravda” gazetasida bosilib chiqqach, Hamid Olimjon uni, “rus harbiy lirikasining noyob namunasi”, deb atagan edi.

Samarqand ziyoratiga borishni kanda qilmagan shoira betob holda alahsirab yotganida quyidagi satrlarni oʻqigan ekan:

Atirgullar oʻlkasi abad

Samarqandda oʻlmoq uchun, yur...

Toshkentning Jukovskiy koʻchasidagi 54-uyda Anna Axmatova 1942-1944 yillar davomida Abdulla Qahhor, Timur Fattoh, Vladimir Lugovskoy, Kseniya Nekrasova, Lidiya Chukovskaya bilan qoʻni-qoʻni boʻlib, hamnafaslikda yashadi. Uning ijodi yangi oʻzbek sheʼriyatining rivojiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Oʻzbek sheʼriyatining turli avlod vakillari uning sheʼrlarini katta mehr-muhabbat bilan oʻzbek tiliga oʻgirishdi. Yuksak did va qoʻyma satrlar oʻzbek sheʼrxonlarining qalblaridan joy oldi.

1953 yilda Stalinning oʻlimi munosabati bilan Anna Axmatova “Endilikda qamoqdagilar qaytadi va ikki Rossiya — qamalganlar hamda qamaganlar, bir-birlarining koʻzlariga qaraydi. Yangi davr boshlanadi”, degan tarixiy soʻzlarini aytgan edi. Metin irodali shoira bu yangi davrda yana oʻn uch yil yashab, ijod qildi.

Oʻzbekistonda jahon adabiyotining nodir namunasi sifatida oʻnlab sheʼrlar bitgan shoira keyinchalik ham qalbida oʻchmas yorqin iz qoldirgan oʻzbeklar va oʻzbek zaminini unutmadi. “Bu sheʼrlar Toshkentniki va men ularni oʻz Vataniga joʻnataman”, degan edi u.

Minnatdor tuygʻular oqadi toʻlib,

Rahmat va xayr! — sizga, azizlar.

Durrachamni silkiyman kulib,

Rahmat, Oybek, rahmat, Chustiy! — sizga azizlar.

Rahmat, Toshkent! — kechir, meni kechirgil,

Sokingina goʻsham, eng koʻhna uyim.

Yulduzlarga rahmat, gullarga rahmat,

Yosh va dilbar qora sochli onalar,

Shirin kulchalar tutgan bolalar,

Shu jajji qoʻlchalar, qoʻllarga rahmat!

Sakkiz yuz kunim — moʻjizaviy sas,

Shu moviyrang cheksiz osmon ostida,

Shu lojuvard tubsiz ummon ostida

Biz birga yashadik yorqin, oʻt nafas,

Ey, otashin bogʻ...

Shoyim BOʻTAYEV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?