Oq uydagi matbuot anjumaniga AQSHlik jurnalist kiritilmadi

18:27 26 Iyul 2018 Dunyo
310 0
Foto: News Front

AQSH prezidentiga noo‘rin savollar bergani uchun CNN telekanali muxbiri Donald Tramp va Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker ishtirokidagi matbuot anjumaniga kiritilmadi. Bu haqida CNN kanalining o‘zi xabar berdi.

Jurnalistning ismi Keytlan Kollins. U 25 iyul kuni Oq uyda tashkil etilgan protokol tadbirida ishtirok etgandi. U yerda bu qiz Trampga bir qator, jumladan, uning RF rahbari Putinni Vashingtonga taklif qilgani borasida savollar berdi, biroq birortasiga javob ololmadi.

Shundan so‘ng Keytlan Oq uyning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Bill Shay xonasiga taklif etildi. U yerda matbuot kotibi Sara Sanders ham bor edi. Ular Oq uyning Atirgul bog‘ida tashkil etiladigan Tramp va Yunker ishtirokidagi matbuot anjumanida Kollinsning qatnashishi man etilganini bildirishdi.

- Ular prezidentga bergan savollarim ushbu tadbirga to‘g‘ri kelmasligini aytishdi. Bundan tashqari, ular baqirganimni ham gapirishdi, - deya jurnalistning so‘zlarini keltiradi CNN.

Oq uy hozircha mazkur holatga izoh bermagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?