Oq kabutarning parvozi

15:00 05 Iyul 2018 Madaniyat
139 0
Foto: wallpapers.99px.ru

— Abdumo‘min O‘tbosarov “O‘zbekiston xalq artisti” unvonini olgani haqida gazetada o‘qib, tabriklashga oshiqdik, hikoya qiladi bolalikdan birga o‘sgan do‘stim.

— Yuksak mukofot muborak bo‘lsin, jizzaxlik muxlislaringiz nomidan tabriklaymiz.

O‘sha kunlari tabriklar ko‘payib ketganmi, Abdumo‘min daf’atan eslolmadi.

— Rahmat. Kimsiz?

— Men Jizzaxdan Sultonman.

— Qaysi Sulton, eslolmayapman?

— Biznikiga keluvdingiz-ku. Familiyam Donaboyev. — Shunday dedimu “Axir Abdumo‘min respublikaning turli viloyat va tumanlarida bo‘lganligi, har birini eslab qolishi oson emasligini o‘yladim.

— Yana bir-ikkita voqeani eslating.

— O‘shanda o‘g‘limizni uylantirgandik. Siz aytgan gaplarni yozib qo‘yganmiz. Vaqti-vaqti bilan eshitib turamiz.

— Ha, eslaganday bo‘ldim. Uchrashuvda jurnalist Shuhrat Jabborov ham bor edi-ya?

— Xuddi shunday. Shuhrat bilan sinfdoshmiz.

— Ko‘z oldimga keldingiz. Tabrik uchun rahmat. Eslaganingiz uchun alohida minnatdorman.

Bu suhbatni eshitganda ich-ichimdan g‘ururlanib qo‘ygandim.

... 2016 yilning ilk kunida Sulton menga telefon qildi.

— Abdumo‘minga nima bo‘ldi? Ta’ziyaga borganingizda bizning ham hamdardligimizni bildirib qo‘ying...

Ha, Abdumo‘min O‘tbosarov bir marta ko‘rishgan insonlar qalbida ham o‘zi haqida yoqimli taassurot qoldirardi. “Men bu insonning qo‘lini olganman, suhbatida bo‘lganman” deb yurganlar yurtimizda ming-minglab ekanligiga shubha yo‘q. Hozir ham ayrim telekanallarda hujjatli yoki ilmiy-ommabop filmlarda Abdumo‘minning ovozi yangrab qolsa, “Eh, shunday odam oramizda yo‘g‘-a” deb qolamiz. Bunday holatda o‘zimizga taskin beramiz, Ollohning irodasi deya ko‘nikamiz. Biroq marhumlar haqida gap ketganda ko‘pincha “U insondan nima qoldi?” degan savolni beramiz. Nazarimda, ancha-muncha nasriy va nazmiy kitoblar muallifi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshevning “Mo‘minga begona bahor” kitobi ma’lum ma’noda o‘sha savolga javob berganday, muxlislar ma’naviy ehtiyojini qondirganday.

Avvalo, kitob muallifi A. O‘tbosarov bilan nafaqat hamkasb, balki hayotda hammaslak, “jigarlik darajasiga sazovor bo‘lgan” inson. O‘z qadrdoni haqida so‘z aytishga, xotirlashga to‘la ma’naviy huquqqa ega. Abdumo‘minning mehnatkashligi, halolligi, intiluvchanligi, ishbilarmonligi va oilaparvarligi barchaning nazariga tushgan.

Abdumo‘min televideniyeda, telefilmda, kinoda va radioda yaxshi ishlar qilib ketdi. Radiodagi oxirgi ishlaridan biri — “Amir Temur siymosi” radiofilmi bo‘ldi. Pirimqul Qodirov asari asosida tayyorlangan bu ishi Abdumo‘min O‘tbosarovning haqiqiy suxandonlik ishi, informatsiyaviy yoki publitsistik emas, ayni badiiy ishi bo‘ldiki, bu uning “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoniga loyiq va oqlaydigan ijodiy ishi edi. Muslimbek ana shu e’tiroflarni bayon etar ekan, qalb nidosini prozada ifoda etolmay qolsa, she’rga o‘tadi. Uning qayralgan qalami uchidan bamisol o‘t-olov sochiladi.

Muallifning aytishicha, Abdumo‘minning kitob mutolaasiga mehri bo‘lakcha ekan.Aynan muttasil kitobxonlik oddiy suxandonning keng mushohada sohibi bo‘lishiga, ijodning boshqa ummonlarida ham bemalol suzishiga imkon bergan. U bo‘sh qoldi deganda qo‘liga kitob olar ekan. Bu fazilat hammamiz uchun, ayniqsa, yoshlar uchun chinakam ibratdir.

Esimda, Abdumo‘minning Bodomzordagi hovlisiga bir hovuch fotiha uchun borganimda bizga Muslimbek peshvoz chiqqandi. Tilovatdan keyin undan ko‘ngil so‘radik. Shogirdining o‘limi unga qattiq ta’sir qilgan, aytish mumkinki, o‘zini boshqa olamda yashayotganday tutardi. Nega shunday bo‘ladi, erkin nafas olib turgan odamning yuragi tasodifan urishdan to‘xtab qoladimi, deya ajablanardi. O‘sha lahzalarda aytgan hasratini qisman shu kitobda ham o‘qidik: “Ammo Abdumo‘min O‘tbosarov tinimsiz izlanishda bo‘lganidan, doimiy talabgir suxandonligicha qolaverdi. Birovlarga o‘xshab “kattalar”ning eshigida engashib turish o‘rniga, o‘z ustida ishladi, jonini berib ishlab, o‘zini ko‘rsatdi, buyurilgan ishni kutilganidan yaxshiroq qilishga harakat qildi va bular o‘z samarasini berdi. Qarindosh-urug‘siz, “valine’mat” ota-onasiz, manfaat ko‘zlab va shuhratparast “akaxon”lar yordamisiz o‘zini o‘zi oyoqqa qo‘ydi. Endi kelin qilib, xudodan nabiralar so‘rab o‘tiraman, deganida esa, falak yana adolatsizlik qildi. Uning yoshgina joniga zormidi falak!”.

Muslimbekning Minor qabristonida o‘ziga xos mitingni olib borgani, u yerda qalbining tub-tubidan chiqqan so‘zlarini ifoda qilishi kitobxon vujudini larzaga soladi.

Xuddi shu o‘rinda Abdumo‘minning yozuv studiyasidan kasalxonaga jo‘natishgani, muallif eshitgan zahoti reanimatsiya bo‘limiga yelib borgani hikoya qilinadi. Bu fojeali voqea tafsiloti boshdan-oyoq Muslimbekning yuragidan, qalb mehvaridan o‘tkazib yozilgan.

Noxush holatdan keyin internetning turli saytlari Muslimbekka murojaat qilishadi. “Abdumo‘min qanday inson edi?” Bu savolga marhumning eng yaqin safdoshi, do‘sti sifatida Muslimbek javob beradi. Uning hamisha so‘zida ustuvor ekanligini, faqat mehnat qilish bilan bandligini, oilada yaqinlariga mehribonligini va boshqa fazilatlarini aytadi.

Muslimbek 1999 yilda tahririyat buyurtmasiga binoan A. O‘tbosarov bilan suhbat qilgan ekan. Bu dilkash gurung kitobda berilishi muxlislar uchun ayni muddao bo‘lgan. Suhbat orqali kitobxon Abdumo‘min va uning oilasi bilan yaqindan tanishadi. Qarang, baxt falsafasi haqidagi savolga Abdumo‘min qanday javob qiladi: “Har qanday sharoitda ham O‘zbekistondan, Vatandan yuz o‘girib bo‘lmaydi. Uning yuziga oyoq qo‘yib bo‘lmaydi. Vatan — iymon. Iymon — oxirat ne’mati. U baxtga eltuvchi yo‘lchi yulduz. Bu dunyo bo‘lmasa, u dunyo baxtiga yetaylik. Eng asosiysi, bu yer — mening ota yurtim, farzandlarimning ham vatani”.

Bu so‘zlar Vatan haqidagi har qanday balandparvoz gaplardan a’lo-ku?! Bu so‘zlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kitobxon qalbiga yetib boradi. Nazarimizda, bu samimiy e’tiroflar nafaqat Abdumo‘minning, balki Muslimbekning ham yon-atrofidagilarga dil murojaati. Axir suhbat muallifi Muslimbek-da. Shunday ta’sirchan so‘zlar, chin ma’nodagi hayqiriq suhbatdoshning chuqur o‘ylangan savollaridan kelib chiqqan.

Kitobning “Xotiralar” bobida asar qahramonining singlisi Barno O‘tbosarova, hamkasblari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Nasiba Ibrohimova, Farhod Bobojonov, O‘zbekiston xalq artistlari Muhammadali Abduqunduzov, Sultonali Mannopov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Tursun Qoratoyev, turmush o‘rtog‘i Go‘zal Rahimjonova va boshqa suxandonlarning Abdumo‘min O‘tbosarov haqida esdaliklari joy olgan. Shuni aytish kerakki, ushbu xotiralarning birortasida ham takroriy fikrlar uchramaydi, ular o‘zlari uchun yaqin bo‘lgan insonning turfa fazilat va xislatlarini o‘z nigohlari orqali kashf etishgan.

Muhammadali Abduqunduzov Yevgeniy Yevtushenkoning “Oq kabutar” dostonini Abdumo‘min bilan birga tayyorlashganini eslaydi. Taniqli aktyorning xotiralari shunday yakunlanadi: “...Dafn marosimidan chiqayotib, osmonda parvoz qilib yurgan bir gala kabutarlarga ko‘zim tushdi. Nazarimda, Abdumo‘min ham bir kabutarga, oq kabutarga aylanib, osmonga, moviy kengliklarga qarab parvoz etayotganday bo‘ldi. Abdumo‘min hayotdagi parvozining eng baland nuqtasida oramizdan ketdi. Ammo bu parvozni davom ettiradigan komil farzandlari, nabiralari bo‘ladi hali. Men shunga ishonaman”.
Navbatdagi bobda Abdumo‘min O‘tbosarovning turli nashrlar va efir mavjlarida yangragan suhbatlari berilgan. Ularning aksariyatini kitob muallifi M. Yo‘ldoshev qog‘ozga tushirganki, bu xizmat ham e’tiborga sazovordir. Diktorlik san’atining o‘ziga xos sirlaridan hikoya qiluvchi mahorat saboqlari, shuningdek, A. O‘tbosarovning kitob muallifi bilan ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalari ham muxlislarni qiziqtirishi tabiiy. Kitob yakunidagi “Topgan gul...” bobida Abdumo‘minning qalamiga mansub ijod namunalari taqdim etilgan. Bu bilan har bir inson ortidan aytiladigan: “Nima qoldi?” degan savolga javob olganday bo‘lamiz.
Shuhrat JABBOROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?