“Open Andijan” I-Xalqaro investitsiya forumi qanday oʻtkazildi

14:40 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
264 0

Oʻzbekiston oʻz tarixida yangi bosqichni boshladi. Endi uning oldiga qoʻygan aniq maqsadi bor. Ana shu manzil sari dadil odimlayotgan respublikamizda, eng avvalo, iqtisodiy yuksalish sari qoʻyilgan qadamlar oʻzining dastlabki natijasini bera boshladi. Andijon viloyatida 19-20-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan “Open Andijan” I-Xalqaro investitsiya forumi bu boradagi muhim odimlardan biriga aylandi.

Xabaringiz bor, joriy yilning yanvar oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiya Hindistonga tashrif buyurib, “Joʻshqin Gujarat - 2019” IX Xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Forumda soʻz olgan respublikamiz Prezidenti Hindiston bilan uzoq muddatli strategik hamkorlikni mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini alohida taʼkidlab, ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun bir qancha tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Gujaratning ulkan salohiyati va Andijon viloyati bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalaridan kelib chiqib, Andijonda Oʻzbekiston va Hindiston hududlarining biznes-forumini tashkil etishni taklif etgan edi. Nafaqat, ikki xalqni, balki ezgu amallarga tilakdosh boʻlgan Ozarbayjon, Afgʻoniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Misr, Isroil, Indoneziya, Italiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Rossiya, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Chexiya, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlaridan tashrif buyurgan, shuningdek, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik missiyalar, xalqaro moliya institutlari rahbarlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi forum samarali uchrashuvlarga boy boʻldi.

-Oʻzbekistonda tadbirkorlik salohiyatini oshirish, iqtisodiy hamkorlik qilish, mamlakatga investitsiya olib kirish borasidagi imkoniyatlar har doimgidan ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda,-deydi Hindistonning Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani.-Xususan, Andijon viloyatidagi mavjud imkoniyatlar Oʻzbekiston va Hindiston mintaqalari oʻrtasidagi doʻstlik, sheriklik munosabatlarini yanada shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bois ushbu forumda ishtirok etayotgan 80 nafar gujaratlik tadbirkorlar andijonlik ishbilarmonlar bilan istiqbolli loyihalarga asos soladi, degan umiddaman.

Forum davomida ishtirokchilarga Andijon viloyatining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, sayyohlik, toʻqimachilik va avtomobilsozlik, shuningdek, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar namoyish etildi.

-Forum davomida guvohi boʻldimki, Andijonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan,- deydi Hindiston savdo-sanoat palatasi Federatsiyasi xotin-qizlar tashkiloti prezidenti Xarjinder Kaur Talvar xonim.-Ayniqsa, hunarmandchilik borasida erishilayotgan yutuqlar ibratlidir. Bu jihatdan Oʻzbekiston va Hindiston davlatlari oʻrtasidagi uygʻunlikni his etib turibman. Tadbirda 20 nafar tadbirkor va hunarmand ayollarimiz ham faol ishtirok etdi va andijonlik xonimlar bilan oʻzaro tajriba almashdilar. Bugungi doʻstona munosabatlar tez kunda amaliy hamkorlikka asos boʻladi.

Xalqaro forum doirasida qatnashchilar hukmiga mashinasozlik tarmogʻida mahalliylashtirishga qaratilgan 17 ta investitsiya loyihasi, qishloq xoʻjaligida 5 ta, farmatsevtika sohasida 4 ta, yengil sanoat yoʻnalishida 6 ta loyiha hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qator loyihalar taqdim etildi.

Prezidentimizning 2019-yil 14-yanvardagi “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida Andijon farmatsevtika zonasiga asos solindi. Forum doirasida Hindistonning “Cadila Pharmaceutikals Limited” kompaniyasi bilan 2019-2022-yillarda 50 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish hisobiga farmatsevtika jihozlari, dori-darmonlar ishlab chiqarish loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha shartnoma imzolandi. Shu kuni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov va Hindiston davlatining Gujarat viloyati bosh vaziri Vijay Rupani ishtirokida “Cadilla Pharmaceuticals Limited “ kompaniyasining dori ishlab chiqarish zavodiga tamal toshi qoʻyildi. Aytish joiz, ushbu kompaniya Hindistonning yirik ishlab chiqarish obyektlaridan biri boʻlib, Ahmadobod va Gujarat shtatlarida faoliyat yuritadi. Kompaniyada 4 ming nafardan ortiq kishi mehnat qiladi. AQSH, Yaponiya, Afrika va MDHning qator davlatlarida tadqiqot boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Andijonda boʻlib oʻtgan forum oʻzining maʼnaviy-maʼrifiy jihatlari bilan ham ahamiyatga ega. Zero, shu kuni tadbir ishtirokchilari viloyatning ayniqsa, taʼlim sohasida olib borilayotgan salmoqli ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, Andijon shahridagi Hindistonning Sharda universitetida talabalar uchun yaratilgan sharoitni koʻzdan kechirdilar. Ayni paytda bu yerda 400 nafar talabalar jahon andozalariga mos ravishda tahsil ola boshladilar. Forum doirasida boʻlib oʻtgan ochilish marosimi har ikki davlat uchun tarixiy ahamiyat qozondi. Maʼlumki, Sharda universiteti Hindistondagi xususiy oliy taʼlim muassasasi hisoblanib, 2009-yilda tashkil etilgan. Hindistonning xususiy universitetlari orasida xorijiy talabalar soni boʻyicha birinchi oʻrinni egallaydi. U axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlaydi. Mazkur oliygoh 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab Andijon shahrida yangi tashkil etilgan filialida talabalar qabul qilishni boshladi.

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi hamkorlik va doʻstona munosabatlar har sohada oʻz ifodasini topib bormoqda. Andijon tumanida Hindiston davlat va siyosat arbobi Sardar Patel nomi bilan ataluvchi koʻcha va byustining ochilish marosimi ana shu munosabatlarning yorqin misoli boʻldi.

Tadbirda shuningdek, 31 ta davlatdan tashrif buyurgan delegatsiya aʼzolari viloyatning investitsion muhiti bilan yaqindan tanishdilar. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostida toʻqimachilik, avtomobilsozlik hamda farmatsevtika va boshqa qator sohalarda faoliyat olib borayotgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmalarida qatnashgan xorijlik mutaxassislar hududning iqtisodiy salohiyatiga baho berdilar.

-Korxonamiz garchi Oʻzbekiston bilan mustahkam aloqalar oʻrnatgan boʻlsa-da, shaxsan men bu davlatda ilk bor boʻlishim,- deydi Rossiyaning Tolyati shahrida faoliyat yurituvchi “Volgotsemmash” ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Dimitriy Oblivansev.-Biz sement ishlab chiqaruvchi va togʻ-kon metallurgiya korxonalari uchun uskunalar ishlab chiqaramiz. Ayni paytda Jizzax viloyatida yirik loyihani hamkorlikda amalga oshiryapmiz. Andijon viloyatida boʻlib, shunga amin boʻldimki, bu mamlakatning imkoniyatlari katta. Bu esa, xorijlik investorlar bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun asos boʻladi.

“Open Andijan” I-Xalqaro investitsiya forumi qatnashchilari, shuningdek, viloyatning qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik yoʻnalishlaridagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, Xonobod shahrining sayyohlik salohiyatiga yuqori baho berdilar. Qizgʻin muzokaralarga boy boʻlgan tadbirda 31 ta xorijiy davlatlardan 330 dan ortiq xorijiy investorlar, respublikamizning barcha viloyatlaridan jami 300 dan ortiq mahalliy investorlar ishtirok etdilar. Natijada 405 mln. AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri 22 ta shartnoma imzolangan boʻlsa, 60 mln. AQSH dollari miqdorida 12 ta eksport shartnomasi imzolandi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Ochiq Andijon” xalqaro forumi viloyatning jahon maydoniga yuz tutishi uchun yangi imkoniyatlarni yaratib berdi. Ilk qadamlar esa istiqbolli manzillarga boshlashidan umidvormiz.

Saminjon HUSANOV,
(“Xalq soʻzi”)

Xursandbek ARABBOYEV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?