OPEK Namangan viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun 54 million dollar kredit ajratdi

17:39 26 Fevral 2020 Jamiyat
231 0

2020-yilning 25-fevral kuni Vena shahrida OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi (OFID) tomonidan Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanining 22 ta aholi punktida va Namangan shahrida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasini moliyalashtirish uchun 54 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan hujjatni Elchi Sherzod Asadov va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi nomidan uning bosh direktori Abdulhamid Alhalifa imzoladi.

Ushbu loyiha doirasida xalqaro sifat standartlariga javob beradigan suv taʼminoti infratuzilmasi yaratiladi, buning natijasida Namangan viloyatining 200 mingga yaqin aholisi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. 

Imzolash marosimidan soʻng OFID Bosh direktori Jamgʻarma va Oʻzbekiston Hukumati oʻrtasidagi hamkorlik faol rivojlanayotganini taʼkidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholab, hamkorlikni yana-da mustahkamlashga umid bildirildi.

1975-yilda tashkil etilgan, qarorgohi Vena shahrida joylashgan OPEK Jamgʻarmasi rivojlanayotgan mamlakatlarga ijtimoiy va iqtisodiy yordam koʻrsatadigan moliyaviy rivojlanish boʻyicha hukumatlararo institutdir.

1999-yildan beri ushbu tuzilma Oʻzbekistonda davlat sektorida umumiy qiymati qariyb 80 million dollarga teng boʻlgan 7 ta loyihani amalga oshirdi, shundan 47,2 million dollari ichimlik suvi va sanitariya sohasidagi loyihalarni imtiyozli kreditlash uchun, 12,73 million dollari qishloq xoʻjaligiga, 5 million dollardan transport va taʼlimni rivojlantirishga ajratildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?