ONLAYN: Jurnalistlar media-tur doirasida Qoʻqon shahridagi “Buyuk allomalar” muzeyida boʻlishdi

18:17 27 Avgust 2019 Jamiyat
281 0

Xalqaro Hunarmandchilik festivali dasturi doirasida Qoʻqon shahriga tashrif buyuruvchi mehmonlarni Buyuk allomalar muzeyida yurtimiz madaniyati va tarixi, adabiy muhiti bilan yaqindan tanishtirish koʻzda tutilgan.

Qoʻqon musiqali drama teatriga yondosh binoda joylashgan muzey ekspozitsiyasi 5 qismdan iborat. Muzey rahbari Rahmatullo Ziyayevning koʻmagida ekspozitsiyalar bilan tanishdik. 1-qismda oʻrta asrlarda Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Muso Xorazmiy, Abu Nosir Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy, Ahmad Yassaviy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi buyuk allomalar hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlar, ular yaratgan noyob qoʻlyozmalar nusxalari oʻrin olgan.

Muzeyning ikkinchi qismida Temuriylar davrida yaratilgan ilm-fan va madaniyatga doir osori-atiqalar, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Saʼdiddin Taftazoniy, Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Mirxondkabi allomalarga oid tarixiy asarlar namoyishga qoʻyilgan.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Shuningdek, muzey ekspozitsiyalaridan XVIII-XIX asrlarda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan, Mashrab, Huvaydo, Sadoyi, Nizomiy Xoʻqandiy, Azimiy, Uvaysiy, Amiriy, Nodira, Hakimxon Toʻra, Gulxaniy, Fazliy, Muhyi, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Mahmud Hakim Yayfoniy, Haziniy kabi ulugʻ siymolar hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar ham oʻrin olgan.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Yana bir boʻlimda esa Turkistonda jadidchilik harakati va uning mashhur namoyandalari Behbudiy, Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ashurali Zohiriy, Ibrohim Davron, Ibrat hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Qoʻqon xattotlik sanʼati, milliy hunarmandchilik hamda ziyoratgohlarga doir maʼlumotlar va eksponatlar ham qoʻyilgan.

Muzeyning beshinchi qismida XX asrda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan ulugʻ olimlar, akademiklar – Qori Niyoziy, Tesha Zohidov, J.Saidov, A.Muhammadiyev, Rahima Aminova, Poʻlat Qayumov, Boqiy, M.Rahmonov, Aziz va Laziz Qayumovlar, M.Xayrullayev, Gʻ.Abdurahmonov va boshqalarning hayoti va ilmiy ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi materiallar va eksponatlar oʻrin olgan.

-Muzey qoshida “Allomalar vorislari” nomli oʻquv-axborot markazi tashkil etilgan,- deydi muzey filiali direktori Manzuraxon Mansurova. -Kelgusida bu markaz ilmga va ijodiy faoliyatga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat maktabi vazifasini oʻtaydi.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Ayni kunlarda binoning 3-qavatida Xalqaro Hunarmandchilik festivaliga qadar fotokoʻrgazma tashkil etishga tayyorgarlik koʻrilyapti. Galereyadan Qoʻqon shahrining 40 dan ortiq tarixiy obidalari suratlari oʻrin olishi koʻzda tutilgan.

Press tur davom etmoqda.

ElyorjonEHSONOV,
“Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?