Onlayn targʻibot loyihasiga start berildi

22:48 20 Avgust 2020 Jamiyat
586 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Vatanimiz Mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan «Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!» shiori ostida onlayn targʻibot loyihasi oʻz ishini boshladi.

Afsuski, joriy ulugʻ ayyom koronavirusga qarshi kurash ketayotgan murakkab bir paytga toʻgʻri kelmoqda. Moziyga boqib, oʻtmishi va kelajagi buyuk yurt qanchadan-qancha ogʻir sinovlarni mardonavor yengib oʻtgani, hamjihatlikda muzaffar tonglarni qarshi olganini anglaymiz. Bugun ham xalqimiz bir yoqadan bosh chiqarib, oʻz oldiga insoniylik, bagʻrikenglik, saxovat hamda olijanoblik kabi ezgu va ulugʻ maqsadlar qoʻyib, hurriyat bayramining 29 yilligini munosib kutib olishga tayyor turibdi.

Pandemiya bizni yangicha yashashga, mavjud vaziyatga moslashib, faoliyatimizni davom ettirishga oʻrgatmoqda. Shu maʼnoda, eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida avvallari har bir viloyatda oʻtkaziladigan konferensiyalar, festivallar, uchrashuvlar, tanlovlar bugun karantin talablariga koʻra onlayn shaklga oʻtdi. Ammo shakl oʻzgargani bilan, mazmunga, mohiyatga aslo putur yetgani yoʻq. Maqsad oʻsha — mehnatkash va fidoyi xalqimiz koʻnglida qutlugʻ bayramimiz — mustaqillik shodiyonasi kayfiyatini uygʻotish, ularga bayramona koʻtarinkilik bagʻishlash hamda eng ulugʻ neʼmat — hurriyatning nechogʻlik aziz va mukarram ekanligini yana bir bor yodga solishdir.

Loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar aholisi vakillarini jalb etgan holda taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida onlayn tizimda madaniy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshiriladi.

Ushbu loyihaning ilk taqdimoti Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi studiyasida Xorazm va Toshkent viloyatlari faollari hamda jamoatchilik vakillari bilan oʻtkazildi.

Onlayn muloqotda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar yurtdoshlarimizning turmushini yaxshilash, dunyoqarashini yuksaltirish, yurtimizni har tomonlama obod qilish, uning iqtisodiy qudratini kuchaytirish, yangi Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va obroʻsini oshirishga xizmat qilayotganini, pandemiya sharoitida ham bu oʻzgarishlar izchil davom ettirilayotganini taʼkidlab, fikrlarini aniq hayotiy misollar va ilmiy asoslangan tahlillar vositasida asoslab oʻtishdi.

Onlayn uchrashuvda bugungi kunda mamlakatimizda pandemiya bilan bogʻliq yuzaga kelgan murakkab sinovlarni munosib yengib oʻtishda mustaqilligimizning safarbar etuvchi va bunyodkor qudrati ilhombaxsh manba sifatida barchamizga kuch-gʻayrat, ertangi kunga beqiyos ishonch baxsh etayotgani alohida eʼtirof etildi.

Xorazm va Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy islohotlar haqida bildirilgan fikrlar poytaxt viloyati aholisi va xorazmlik yurtdoshlarimizga ruhiy kuch-quvvat bagʻishlab, ularni kelgusidagi istiqbolli rejalar sari ilhomlantirib yubordi. Onlayn seminar koʻtarinki ruhda, bayramona kayfiyatda oʻtdi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?