Onlayn nashrimizda qarovsiz holda yotgani tanqid qilingan Buxorodagi noyob yodgorlik taʼmirlanmoqda

15:02 30 Iyun 2020 Jamiyat
363 0

Gapni bundan bir necha oy muqaddam “Xalq soʻzi” online”da eʼlon qilingan tanqidiy maqoladan iqtibos keltirish bilan boshlamoqchimiz:

“Buyuk ajdodimiz Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, turk hoqoni Arslonxon shaharga yaqin joyda nomozgoh qilishga buyruq bergan. Natijada 1119-1120-yillarda Namozgoh qurib bitkazilgan. Bu yerda Iyd namozi oʻqilgan. Bayram qilingan. Yon-atrofi bogʻ-rogʻ, juda xushmanzara boʻlgan. Binobarin, Namozgoh 900-yillik tarixga ega. Bunaqangi uzoq va boy tarixga ega obidalar dunyoning hamma joyida ham uchravermaydi. Lekin Namozgohning bugungi ahvolini koʻrgan kishi yoqa ushlashi tayin. Salobatli imorat qarovsizlik oqibatida nurab bormoqda. Uning minbari, mehrobi, supasi, hovuzi, nuragan devorlarini koʻrgan kishi bu obidaning egasi bormi, degan mulohazaga borishi tayin. Tutdek toʻkilib borayotgan tarixiy obidaga boqarkansiz, mabodo Namozgohning tili boʻlganida ohi-nolasi dunyolarga sigʻmas edi, deb yuborasiz. Peshtoqidagi qadimiy bitiklar koʻchib tushganini aytmaysizmi?!”

Xalqimizda “Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi”, degan gap bor. Buxoroning eng soʻlim va zamonaviy qiyofa kasb etib borayotgan goʻshasida joylashgan Namozgohning taʼmirtalab holda ekanligi yoshu qariga ayon edi. Nihoyat, bu qadimiy yodgorlikni asrab-avaylash maqsadida taʼmirlash-tiklash ishlariga kirishildi. Bu yumushni “Usto Shirin Murodov” masʼuliyati cheklangan jamiyatining malakali ustalari bajarishmoqda.

Masjid ayvoni, devorlari, supasi taʼmirlanyapti. Yon-atrofi obodonlashtirilyapti. Muhimi, bu yerda viloyat Madaniy meros boshqarmasi tashabbusi bilan ochiq osmon ostida muzey tashkil etish rejalashtirilyapti. Namozgoh hududida qadimiy ashyolar, osori- atiqalar koʻrgazma sifatida qoʻyiladi. Oʻz navbatida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan “Yoshlar bogʻi” barpo etiladi. Agar bu niyatlar roʻyobga chiqsa, Namozgohning yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi qadr- qimmati yana-da oshadi, u sayyohlar oshiqadigan goʻshaga aylanadi. Asosiysi, maqsadni toʻla-toʻkis roʻyobga chiqarishdir.

Maqolamizni esa Namozgoh peshtoqidagi ushbu muqaddas bitik bilan tugatmoqchimiz: ”Paygʻambar (u Zotga salom boʻlsin) aytdilar: “Ishni puxta-pishiq bajargan kishini Alloh yaxshi koʻradi”. (Allohning) elchisi rost soʻzladi”. 

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Yodgorlikning avvalgi holati qanday edi?
 


Ta'mirlash jarayonlari qanday olib borilyapti?
 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?