ONLAYN: Media-tur ishtirokchilari “Usta Yusufjon naqqosh” xususiy korxonasida boʻlishdi.

09:46 28 Avgust 2019 Jamiyat
177 0

Foto: Xursandbek Arabboyev

Xalqaro hunarmandchilik festivali oldidan jurnalistlar uchun boʻlib oʻtayotgan media-turning ikkinchi kuni Furqat tumanidagi Oʻzbekiston xalq ustasi, naqqosh Muhammadali Yunusovning ustaxonasi va u yerdagi muzey koʻrgazmasidan boshlandi.

“Usta Yusufjon naqqosh” xususiy korxonasi asoschisi, nufuzli koʻrik-tanlovlar gʻolibi Muhammadali Yunusov ustaxonasida qoʻl mehnatiga asoslangan mahsulot tayyorlash jarayoni, hunarmandchilik namunalarini koʻzdan kechirdik, yogʻoch oʻymakorligi muzeyida boʻlib, usta bilan suhbat qurdik.

Foto: Xursandbek Arabboyev

— Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi 1879-81 yillarda qurilgan shaharning tarixiy obidasi hisoblanadi. Ushbu elchixona hududida 2013-yilning 18-fevralida yogʻoch oʻymakorligi sanʼati namunasida uchta ochiq ayvon, soʻri, xontaxta, Qoʻqon aroba, elchixonaning kirish eshigi va boshqa anjomlarni qurib bitkazganmiz, —deydi Muhammadjon Yunusov. — Bino ochilishiga tashrif buyurganlar elchixonaga milliy xususiyat va fayz kirganligini taʼkidlashgan. Oʻzbek milliy hunarmandchiligi va qurilish ishlari jarayoniga qiziqish bildirgan Ukraina prezidenti topshirigʻi bilan elchixonaning qulay va serqatnov qismiga Oʻzbekistonning har bir viloyatiga tegishli videofilmlar, fotolar namoyish qilingan. Yurtimizning turizm salohiyatiga bagʻishlangan seminarlar tashkil etilib, biz – fargʻonalik ustalarning milliy yogʻoch oʻymakorligi sanʼati namunalarimiz namoyish qilingan. Bu voqealar shuncha yil oʻtibdiki, hech yodimdan koʻtarilmaydi.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Milliy yogʻoch oʻymakorligi sanʼatini tiklash va avlodlarga yetkazish maqsadida “ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Ming nafardan ziyod shogirdim bor. Ularning 50 nafari milliy yogʻoch oʻymakorligi hunarini miridan-sirigacha oʻrganib, hunarimiz bilan bogʻliq har ishning ustasi sifatida mustaqil faoliyat yuritishyapti. 25 nafarining mahorati esa alohida maqtovga loyiq. Oʻzi fikrlovchi, keng dunyoqarash va iqtidorga ega bu usta-shogirdlarim bemalol mustaqil loyihalar yaratib, ularni amalga oshira olish darajasiga erishganlar.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Usta oʻymakor M.Yunusov shu kungacha Fargʻona shahridagi uzumni qayta ishlash korxonasi, “Baxt” uyi, Furqat tumanida Abduqahhor ota ziyoratgohi, Toshkent shahrining yangi halqa yoʻli yoqasidagi “Xon chorbogʻi” tepaligi va qator tashkilot va muassasalarda milliy hunarmandchilik ishlarini amalga oshirgan. 2015-yilda Samarqand shahridagi Doniyor paygʻambar maqbarasida 60 nafar ustazoda shogirdlari bilan 8 qirralik, 8 ustunlik milliy arkli ayvon, Toshkent shahridagi Hazrati Imom masjidi majmuasi ayvon ustunlari, poytaxtimizning Yunusobod dahasida Qatagʻon qilinganlar xotirasiga qurilgan muzeyning ustunlarini ham oʻymakor naqshlar bilan bezatishgan. Poytaxtimizdagi milliy bogʻda “Xalq amaliy sanʼati” galereyasining aylana ayvon qismi, Samarqandning Hazrati Imom Ismoil Al-Buxoriy majmuasi ayvonlari qurilishi, Jizzaxda “Ipak yoʻli” choyxona-oromgohi va yurtimizning koʻplab tuman-shaharlarida choyxona-oromgohlarning yogʻoch oʻymakorligi ishlari aynan M. Yunusovga tegishli.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Ayni paytda Qoʻqon shahrida oʻtkaziladigan festivalga tayyorgarlik ishlari doirasida Jomeʼ majmuasiga 21 ustun tayyorlash ishlari oʻz yakuniga yetkazildi.

— Boshida qiyinchilik koʻrgan odamning kelajagi boʻladi, —deydi biz bilan suhbat davomida M. Yunusov. —Bir yaxshi shogird tayyorlash uchun 10 yil vaqt ketadi. Zehni tez boʻlsa 7 yilda oʻrganadi. Ayrim shogirdlar esa uzoq yillar oʻrgansalar-da, ixtiro ham, ijod ham qilmaydilar. Buyurtmani usta koʻrsatgandek bajarib berishadi xolos. 1000 tadan 25 nafaridagina ijodga moyillik boʻlib, muvaffaqiyatga erishadi. Ustaxonamizda naqshlarni ham oʻzimiz chizamiz, loyihalarimizni oʻzimiz yaratamiz va quramiz. Bu hunarda betakrorlikka erkin va mustaqil ijod bilan erishish mumkin. Katta oilaning farzandi boʻlganman. Yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik ota kasb. Men 5-avlod ustazodaman. Oʻgʻillarim ham hunarimni egallashgan. Xususiy korxonamizning asosiy ishlarini bugungi kunda oʻgʻillarimga ishonib topshiryapman. 2 oʻgʻil, ikki qizim va 13 nevaram bor.

Foto: Xursandbek Arabboyev

2007-yilda tajribalai ustaning xizmatlari munosib taqdirlanib, “Oʻzbekiston xalq ustasi” davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Bugun usta ishlatgan katta zakrov randa, kichik bosma randa, jafsranda, konshranda, xatkash, choʻpsa, tekislash egovi, koshak arra kabi qator oʻymakorlik uskunalari oʻrnini zamonaviylari egallagan. Bu dastgohlar ustaning yogʻoch oʻymakorligi tarixi aks etgan muzeyidan oʻrin olgan.

Birozdan soʻng media-tur ishtirokchilari Qoʻqon erkin iqtisodiy zonasidagi yirik loyihalar - “Shaffof omadli sanoat”, “Geat Kokand” korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishadilar.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Media-tur davom etmoqda.

Foto: Xursandbek Arabboyev

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?