Onkologik kasalliklar koʻrsatkichlari nega oshmoqda?

04:10 11 Yanvar 2019 Jamiyat
494 0

Oʻsma kasalliklari nafaqat respublikamizda, balki butun dunyo miqyosida murakkab muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yillarda dunyoning koʻpgina mamlakatlarida onkologik kasalliklarga chalinish koʻrsatkichlari oshib borayotir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlari shuni koʻrsatadiki, 2030 yilda butun dunyoda oʻsma xastaliklari bilan 15 million kishi kasallanishi mumkin. Yurtimizda yiliga 22 mingdan ortiq bemorlarda onkologik xastalik aniqlanayotgani, oʻz navbatida, mazkur kasallikka qarshi kurashish tizimining takomillashtirilishi, yangi normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi, uni moliyalashtirish manbalarining aniq belgilanishini taqozo etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitalari hamkorligida “Oʻzbekistonda onkologik kasalliklar bilan kasallanish holati: mavjud muammolar va ularning yechimi” mavzuida oʻtkazilgan seminarda oʻsma kasalliklarini erta aniqlash, oldini olish va samarali davolash naqadar muhimligi alohida taʼkidlandi.

Tadbirda bugun dunyoda fan va amaliyotning taraqqiyoti, sogʻliqni saqlash va insonlar salomatligini muhofaza qilish tizimining rivojlanishi natijasida onkologiya sohasida, birinchi navbatda, birlamchi boʻgʻinlarda profilaktika hamda tibbiy xizmat koʻrsatish sifati darajasini oshirish bilan bogʻliq bir qator oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi, yuqori texnologik operatsiyalarning oʻtkazilishiga talab va ehtiyoj yuqori ekanligi qayd etildi.

Illyustrativ foto

Ishtirokchilarning fikricha, yurtimizda roʻyxatga olingan xavfli oʻsma kasalliklari orasida sut bezi, oʻpka, qon va limfoid toʻqimalar xavfli oʻsmalari hamda bachadon boʻyni raki bilan kasallanish koʻrsatkichlari oshib bormoqda. Sogʻliqni saqlash tizimida islohotlar bosqichma-bosqich davom etayotgan boʻlsa-da, oʻsma kasalliklari bilan kasallanishni kamaytirish maqsadida davlat miqyosidagi keng qamrovli dasturlarning amalga oshirilishi, kadrlar tayyorlash masalasiga eʼtibor qaratilishi, ayniqsa, uzoq qishloq joylarda ishlayotgan umumiy amaliyot vrachlarining onkologik sezgirligining oshirilishi va tibbiy koʻrik sifatining yaxshilanishiga hamon zarurat katta boʻlib qolmoqda.

Shu bois seminarda onkologik bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, oʻsma kasalliklarning oldini olish, mazkur yoʻnalishga oid muammolarning hal etilishiga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha amaliy takliflar bildirildi.

Yakunda tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Ziyoda Ashurova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?