Onani almashtirib boʻladimi?..

20:38 05 May 2019 Jamiyat
494 0

Dunyoda biz bilgan va bilmagan sir-sinoatlar juda koʻp. Shulardan biri til masalasidir. Til haqida gap ketganda, uni Onaga mengzash odat tusiga kirib qolgan. Bunday yondashuv jahon tillarining hammasida deyarli bir xil: ONA TILI.

Tilimiz xuddi onamiz kabi bizni oq yuvib, oq taragan, bizga ulkan imkoniyatlar eshigini ochib bergan, ammo evaziga hech narsa talab qilmaydigan noyob hodisa sanaladi. Yashash tarzimiz, kiyinishimiz, ovqatlanishimiz, yurish-turishimiz negizida ona tilimizning beminnat xizmatlari yotadi.

Hammaning yodida boʻlsa kerak, 80-yillarning oxirida ozodlik, mustaqillik uchun boʻlgan saʼy-harakatlarning jon tomirini til masalasi tashkil etgan va millat dardi, millat kelajagi uchun qaygʻurgan hamyurtlarimizning aksariyati oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi masalasini dadil koʻtarib chiqishgan edi. Oʻshanda ham yuragida hadik, qoʻrquv boʻlgan bir guruh millatdoshlarimiz oʻzbek tiliga davlat tili maqomi bermaslik yoki ikki tillilik masalasiga mahkam yopishib olishgandi. Yurtimiz boshida turgan buyuk insonlarning teran tafakkuri, uzoqni koʻzlab yurgizgan siyosati va ulkan jasorati tufayligina tilimizga davlat tili maqomi berilgandi. Respublikamizning chekka-chekkalaridan kelgan xalqimiz vakillari ham markaz koʻchalarida, davlat idoralari va tashkilotlarida oʻz ona tilisida gapirish imkoniyatlariga ega boʻlgandi. Hammamiz guvoh: bu siyosatni davlatimiz rahbarlari to hanuz ogʻishmay yurgizib kelmoqda.

Shu kunlarda bir guruh ziyolilarimiz tomonidan rus tiliga rasmiy til maqomi berilishi toʻgʻrisidagi murojaatni oʻqib, shu yurtning oddiy bir farzandi sifatida hayron boʻlib qoldim. Respublikamizda rus tilini oʻrganishga hech qanday monelik qilinmayotgan, til siyosatida dunyo davlatlariga oʻrnak boʻladigan siyosat olib borilayotgan, xalqimiz tomonidan boshqa millat vakillarining barchasiga oʻziga yarasha sharqona izzat-ikrom koʻrsatilib, hamma xalqlar bir-biri bilan doʻst, inoq boʻlib, bitta yagona Oʻzbekiston xalqi boʻlib yashayotgan paytda kimga kerak boʻlib qoldi bunday “Murojaat”. Oshkoralik, demokratiya niqobi ostida xalq qalbidagi eng teran rishtani “chertish”, u bilan hazillashish emasmi bu?!

“Murojaatnoma” bitgan insonlarning boshqa ishi yoʻqmi?! Axir ular shu xalq bergan neʼmat tufayli yaltir-yultur kiyimlarni kiyib, qimmatbaho mashinalarni minib, oʻzbek tilida yozilgan mukofotlarni olib yurishibdi-ku!? Oʻzlarining sohalarida siyqasi chiqqan qoʻshiqlar, bir pulga qimmat kinofilmlar taqdirini oʻylashsa yaxshi boʻlardi. Madaniyatimiz, sanʼatimiz sohasida Prezidentimiz tomonidan koʻtarib chiqilayotgan masalalarni hal etishda ularning yordamlari juda-juda zarur. Buning oʻrniga ular kimlarningdir “topshirigʻi”ni bajarayotgan boʻlsalar ajab emas.

7 ta tilda taʼlim-tarbiya ishlarining olib borilishi dunyoning bironta davlatida yoʻq. Koʻchalariga ingliz, nemis, arab, rus tillarida reklamalar toʻlib-toshib yotgan, lavhalar, koʻrsatkichlarning koʻrinarli qismi rus yoki ingliz tillarida bitilgan yurt dunyoda bormi oʻzi?! Aslo yoʻq! Ularga nisbatan indamayotganimiz ostida xalqimizning bagʻrikengligi, tinchlik-osoyishtalikni hamma narsadan ustun qoʻyishi, har qanday millat vakillariga nisbatan xayrixohlik nigohi bilan boqishi sababchi boʻlmoqda, desam yanglishmagan boʻlamiz.

Shundoq ham rus tili va uning rivojlanishiga hech kim toʻsqinlik qilayotgani yoʻq. “Davlat tili” haqidagi Qonunning tegishli joylarida rus tilining ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni koʻrsatib qoʻyilgan. L.N.Tolstoy, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov asarlarini hamma joyda targʻib qilib yuribmiz. Shu kungacha rus millatiga mansub bironta shaxs oʻz ona tiliga nisbatan oʻzbeklarning mensimay murojaatda boʻlayotgani haqida shikoyat qilgani ham yoʻq. Yana oʻzimiz... Bu qora koʻzoynak taqadigan janoblar bitta haqiqatni bilib olishsa yaxshi boʻlardi. Bugun bizga bitta rus tili emas, ulugʻ maʼrifatparvar adib Mahmudxoʻja Behbudiy aytganidek “toʻrtta tilni oʻrganish” ham kamlik qilib qoldi... Oʻzbekiston dunyo mamlakatlari bilan boʻylashayotgan, jahonda oʻz oʻrnini topishga astoydil urinayotgan bir paytda bunda subyektiv yondashish foyda keltirish oʻrniga zararga ishlaydi. Rus xalqi bilan oʻrtadagi munosabatlarimizni loyqalatishga olib keladi. Nahotki, katta-katta filmlarni olishga aqli yetgan, ancha-muncha xalq artistlari ham chiqa olmaydigan sahnalarda turib qoʻshiq aytgan madaniyatimiz va sanʼatimiz dargʻalari shu oddiy haqiqatni bilishmasa. Ularni alqab yurgan xalq bu haqda nima deydi?!

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi bu – Yaratganning irodasi. Unga qarshi borish xalqparvarlikdan, fidoyilikdan emas. “Qonun” bandlariga oʻzgartirishlar kiritish uchun hissiyotlarga berilmaslik, 4000 yillik tarixchilik anʼanalarimizdan kelib chiqqan holda oʻta bosiqlik bilan uzoqni koʻzlab ish koʻrmoqligimiz zarur. 18 ta dargʻaning gapi bilan oʻn sakkiz ming olam ichida yagona boʻlgan oʻzbek millati va oʻzbek xalqining irodasi bukilib, ular aytgan havoyi soʻzlarga uchib qolmaydi.

Lutfiy, Atoyi, Navoiy, Yassaviy, Boburlar alqagan, Nodira, Uvaysiy, Zulfiyalar baralla kuylagan, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriylar qalam tebratgan tabarruk til bu. Bu tilning ildizlari tarixning olis qaʼriga yetib boradi. Ne-ne bosqinlardan, zulmlar oʻtib kelgan bunday ulkan chinorni oʻrnidan qoʻzgʻatib boʻladimi? U bir guruh insonlarning istaklariga qarama-qarshi ravishda dunyoning eng boy va qadimiy tillaridan biri sifatida minglab, millionlab insonlarni ulgʻaytirishda, tarbiyalashda davom etaveradi. Axir, u bizning onamiz-ku! Onani ham almashtirib boʻladimi?..

Abdulhay Sobirov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti “Leksikologiya va dialektologiya” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?