Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati qanday?

17:45 12 Oktyabr 2020 Jamiyat
244 0

Mamlakatimizda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sogʻlom bola tugʻilishi, jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni voyaga yetkazish sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylandi.

2020-yil 12-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom bola tugʻilishini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitdi.

Axborotda qayd etilganidek, soʻnggi yillarda onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularga ixtisoslashgan va yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish, reproduktiv salomatlikni saqlash, goʻdaklar va bolalar oʻlimining oldini olishga qaratilgan qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Mazkur yoʻnalishda bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida perinatal, skrining, reproduktiv salomatlik va diagnostika markazlari, tugʻruq boʻlimlari, koʻp tarmoqli poliklinika, oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlari tomonidan aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Yurtimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar deputatlar tomonidan eʼtirof etildi.

Xususan, ayollar va oʻsmir qizlarni sogʻlomlashtirish va boʻlajak onalarning reproduktiv salomatligini yaxshilash, homiladorlarga tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirish, onalar salomatligini mustahkamlash maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida “Ayollar maslahatxona”lari, qizlar salomatligi boʻlimlari tashkil etilgan. Aholini profilaktik koʻrik, tizimli patronaj bilan qamrab olish va reproduktiv salomatligini mustahkamlash yuzasidan koʻrilgan choralar oʻz natijasini bermoqda.

Shuningdek, ginekologik kasalliklarni zamonaviy xalqaro talablarga mos tashxislash, davolash va reabilitatsiya usullari amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. Onalik va bolalikni muhofaza qilishga yoʻnaltirilgan markazlardagi malakali mutaxassislarining joylarga chiqib homiladorlar, reproduktiv yoshdagi ayollarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishi, mahorat darslari va oʻquv-seminarlari tashkil etishi yoʻlga qoʻyilgan.

Joriy yilning oʻtgan davri davomida hududlardagi tugʻruq muassasalari mutaxassislarining 15 nafari xorijiy mamlakatlarda (13 nafari Rossiyada, 1 nafardan Polsha va Turkiyada) malaka oshirdi.

Hozirgi kunda koronavirus infeksiyasiga chalingan homilador ayollar uchun respublikadagi 15 ta muassasa qoshida ixtisoslashtirilgan 820 shifo oʻrni tashkil etilib, faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, yigʻilish ishtirokchilari sohada kuzatilayotgan ayrim muammolar, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar borasida oʻz fikr va mulohazalarini, shuningdek ularning yechimlari hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflarni bildirishdi.

Shuningdek, deputatlar onalar va goʻdaklar oʻlimi jumladan, erta neonatal oʻlim, voyaga yetmaganlar orasidagi tugʻruqlarni kamaytirish borasida kadrlar salohiyatini kuchaytirish, tizimga yangicha yondashish borasida bir qator takliflar berdilar.

Eshituvda xalq vakillari tomonidan hududlarda 18 yoshgacha boʻlgan qizlar va fertil yoshdagi ayollar sonidan kelib chiqqan holda “Ayollar maslahatxonasi” va “Qizlar salomatlik markazlari” uchun shtatlar ajratish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari shtat meʼyorlarini qayta koʻrib chiqish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmati umumiy amaliyot shifokorlarining ish yuklamalarini qayta koʻrib chiqib, ularning sonini optimallashtirish hisobiga oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida akusher-ginekolog hamda pediatr, qizlar uchun bolalar ginekologi shtat birliklarini joriy etish taklifi bildirildi.

Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflardan kelib chiqib, qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?