Ona tilisini farzandidan ustun qoʻygan keksa ayol irodasi. Yoxud uchta kuch birlashsa, qoʻldadir dunyo

17:50 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
217 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tilsiz millat boʻlmaydi. Davlat ham. Bu uch tushunchaning birini boshqasidan ayro tasavvur qilish mumkin emas. Abdulla Avloniy bejiz “Milliy tilni yoʻqatmak – millatning ruhini yoʻqatmakdir”, demagan. Shuning uchun yuksalaman degan mamlakat borki, millatining ruhini, gʻururini koʻtaradi, davlat tilining obroʻsini oshiradi. Shunda u haqiqiy taraqqiyot chuqqisini zabt eta oladi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugun dunyoda 7000 dan ortiq til va lahja bor ekan. Ammo hozirgacha ulardan 500tasigina ilmiy jihatdan oʻrganilgan deyiladi. Jahondagi 1400ta tilning yoʻqolib ketish xavfi borligi esa har qanday odamni sergak torttiradi. Ayrim mutaxassislarning aytishicha, har uch tildan bittasining yozuvi boʻlmay, faqat ogʻzaki nutq shakliga ega ekan.

Oʻzbek tilining ildizlari uzoqlarga qadalgan. Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri.

21-oktyabr oʻzbek millati uchun qutlugʻ sana. Bundan 30 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulugʻ orzusiga yetishdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Ushbu sanaga ham sanoqli kunlar qoldi. Bu yil oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil toʻlmoqda. Shu yilning 4-oktyabr kuni Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu hujjat ham tarixiy. Negaki, yurtimizda til kunini nishonlash toʻgʻrisidagi hali biror marta davlat rahbari tomonidan qaror imzolanmagan edi.

Til kunini yurtimiz boʻylab katta bayram qilamiz. Oʻquvchilar oʻrtasida oʻzbek tili mavzusida insholar tanlovi oʻtkaziladi. Teatrlarimizda, kinoteatrlarimizda, madaniyat saroylarimizda buyuklarimiz haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar koʻrsatiladi.

Oʻzbek tiliga bagʻishlangan xalqaro va respublika konferensiyalari oʻtkaziladi. Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida oʻzbek tiliga bagʻishlangan bayram tadbirlari boʻladi. U yerlarda “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari tuziladi.

Bugun Oʻzbekiston yangilanyapti. Milliy yuksalish yoʻliga chiqmoqda. Milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi oʻrnini oshirish boʻyicha katta ishlar boshlandi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ham ana shunday islohotlarning mevasi. Yangi oliy oʻquv yurti zimmasiga davlat tilining qaddini koʻtarish borasida salmoqli vazifalar yuklatilgan. Universitetda ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganilmoqda, oʻzbek tili ilmiy asosda rivojlantirilmoqda, qoʻllanish doirasi kengaytirilmoqda.

Keyingi yillarda davlat tili borasida erishilgan eng katta yana bir yutuqlarimizdan biri, bu hududlarda atoqli alloma va adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablarining barpo etilayotganidir. Ushbu taʼlim maskanlari oʻquvchilariga oʻzbek tili va adabiyoti fani chuqurlashtirib oʻrgatilmoqda.

Tilni shunchaki “aloqa vositasi” deguvchilar adashadi. U insonning ichki dunyosi koʻrsatadi, olamni idrok qilishiga yordamlashadi, tafakkur tarzi va kamolotini belgilab beradi. U dunyoni anglashga yoʻl. Til milliy gʻurur.

Davlat tilining qaddini yuksaltirishda asosiy vazifa Oʻzbekiston yozuvchi-shoirlariga ham yuklanadi. Ularning aksari til haqida kuyinchaklik bilan sheʼrlar yozgan, yozmoqda, aksari esa tilni yuksaltirish boʻyicha mustaqil tadqiqotlar sanaladigan kitoblar ham chop etmoqda. Eshqobil Shukurning “Bobosoʻz” izidan kitobi shular qatorida.

Tilni boyituvchi eng yaxshi manba bu shevalardir. Har bir hududning soʻzlarini yozib olib, kitob qilish esa xazina toʻplashday gap. Oʻtgan davr mobaynida bu borada ham arzirli ishlar qilindi. Masalan, Bosim Toʻychiboyev, Qozoqboy Qashqirli muallifligidagi “Zominning til qomusi”, Toʻra Nafasovning “Qashqadaryo xalq soʻzlari” kitoblari haqiqiy durdonalardir. Lekin bu bilan toʻxtab qolmaslik kerak. Kerak boʻlsa, har bir hududning ana shunday lugʻatlarini tuzib, nashr qilishimiz kerak.

Oʻzbek tilida soʻzlovchi, gaplashuvchi kishilar bugun nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyo boʻyicha ham tarqalgan. Yer yuzida taxminan 50 million kishi oʻzbek tilida gaplashar ekan. Endilikda, hatto, oʻzbek tilini oʻrganuvchi oʻzga tilli millatlar ham koʻpaymoqda. Xususan, Berlindagi Humbold universitetida oʻzbek tilini oʻrganayotgan xorijlik talabalar, Markaziy Osiyo xalqlari kuy-qoʻshiqlarini ijro etuvchi “Chilton” guruhi faoliyat yuritmoqda.

Agar biz chindan ham millatimizning asl fazilatlarini, boshqalar havas qilgulik urf-odatlarini, shirin taomlarini, goʻzal adabiyotini, maʼnoli filmlarini, jozibali tilini dunyoga bundanda ziyoda qilib koʻrsata olsak, mamlakatimizga qiziquvchilar soni yanada ortadi.

Til borasida yana bir yangilik. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida koʻchadagi reklamalar, joy nomlari, firmalarning nomlanishi bilan shugʻullanadigan “Nomlash” markazi ochildi. Hozirgi kunda ushbu markaz Poytaxtimizdagi Chilonzor tumani boʻyicha tahlil olib boryapti. Tez orada ushbu tahlil natijalari umumlashtiriladi va ularni milliylashtirish boʻyicha tegishli tashkilotlarga takliflar joʻnatadi.

Ta Jen Shen Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon viloyatidan. Hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining doktoranturasida oʻzbek tili yoʻnalishi boʻyicha mustaqil tadqiqotchi. Universitet jamoasi Ta Jen Shenga uyqashtirish unga Tojiddin deya oʻzbekcha ism ham qoʻyib olishgan. Bu ism uning oʻziga ham maʼqul. U bilan gaplashar ekanmiz, hatto oʻzbekcha qochirim, maqol va matallarni gaplariga qoʻshib ishlatganini koʻrib, judayam gʻururlandim.

– Oʻzbek maqollari menga juda yoqadi, – deydi Ta Jen Shen. – Masalan, “Pul boʻlsa, changalda shoʻrva”, “Ish bilganga bir tanga, til bilganga ming tanga”. Oʻzim toʻrt yil avval Toshkentga keldim. Hozirgi kunda oilam ham shu yerda. Xotinim Sharqshunoslik institutida xitoy tilidan dars beryapti. Qizimni oʻzbekcha bogʻchaga berganman.

Ayni kunlarda shoir Aʼzam Obidov tashabbusi bilan dunyoning turli hududlaridan kelgan ijodkorlar yurtimizda. Mehmonlar oʻzbekistonlik shoir va yozuvchilar, rassomlar uy-muzeylariga, galereyalariga, borib, ijodkorlarning merosi, ijodi bilan tanishmoqda. Vatanimizning tarixiy joylarini oʻz koʻzlari bilan koʻrishmoqda. Qishloqlardagi oʻquvchilar bilan yuzlashmoqda. Navoiy va boshqa shoirlarimizning sheʼrlarini oʻz ona tillarida, qolaversa, oʻzbek tilida oʻqishmoqda.

– Bir shoir doʻstimiz Navoiy gʻazallari ingliz tilida menga joʻnatgan edi, – deydi yaponiyalik shoira, tarjimon Ke Mori. – Ularni oʻqib, juda taʼsirlandim. Gʻazallar garchi ingliz tilida boʻlsa-da, uning chuqur maʼnosini, taʼsirchanligini, chiroyli ekanini his qildim. Navoiy gʻazallarida nafaqat insonning insonga boʻlgan muhabbati, balki Vatanga, zaminingizga boʻlgan muhabbatini ham sezdim. Va ularni men yapon tiliga tarjima qildim.

Bundan yuz yil avval jadid bobolarimiz milliy uygʻonishni boshlab berishgan va ona tilimizning rivoji borasida koʻplab amaliy ishlarni qilishgan. Bugun ham davlatimiz milliy yuksalish sari odimlamoqda. Bugun ham Qodiriylarga, Choʻlponlarga, Fitratlarga, Abdulla Avloniylarga ehtiyojimiz bor.

Ushbu maqolaga materiallar toʻplash jarayonida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda “Oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitishda fan va taʼlim integratsiyasi” mavzusida boʻlayotgan seminarning ustidan chiqdim. Shunda oliy oʻquv yurti auditoriyasida yangi islohotlarning mahsuli sanalgan ijod maktabi oʻquvchilarini koʻrib, toʻgʻrisi, zavqim keldi.

Ona tilimizning ertasini mana shunday yangi davr bolalariga bemalol ishonsa boʻladi va tilning qaddini yanada koʻtaruvchilar ham shular aslida. Bular kelajak Qodiriylari, kelajak Choʻlponlari, kelajak Usmon Nosirlariyu Avloniylari. Abdulla Oripovu Halima Xudoyberdiyevalari.

Avar shoiri Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” badiasida uzoq yillar Fransiyada yashagan rassom yigit va uning avar onasi haqida hikoya bor. Muallif Parijdan qaytgach, musavvirning qondoshlarini qidirib topadi. Baxtni qarangki, uning onasi hali hayot boʻladi. Kampirning uyiga yigʻilgan qarindoshlari Vatanini oʻzga yerlarga almashgan oʻgʻil haqidagi gʻamgin hikoyani tinglashdi, adashgan oʻgʻilni kechirganday boʻlishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Ona esa kutilmaganda soʻrab qoladi: “Sizlar avarcha soʻzlashdinglarmi?” Shunda Rasul Hamzatov javob qaytaradi: “Yoʻq, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha”.

Shunda ona yuziga qora chodrasini tushiradi, avarlarda oʻz oʻgʻlining oʻlganini eshitgan onalar shunday qilishar ekan.

Uzoq jimlikdan keyin mushtipar: “Rasul, sen yanglishibsan, mening oʻgʻlim allaqachon oʻlgan ekan. Agar u hayot boʻlganida, avar onasi oʻrgatgan tilni unutmagan boʻlardi!” deya suhbatga nuqta qoʻyadi.

Mana, milliy gʻurur, ona tiliga boʻlgan sadoqat! Bu yoʻlda hatto oʻgʻlidan ham voz kechgan mushtipar va millatsevar ayol. Uni, hech ikkilanmay, millat onasi, millat qahramoni, desak boʻladi.

Bunday gʻurur aslida millatini yaxshi koʻrgan har bir insonda boʻlmogʻi lozim. Bizning ham har bir onamiz farzandlari qalbida oʻzbek tilini yaxshi koʻrishi uchun oʻsha ayolning yuragida yonib turgan olovday oʻt yoqa olsin!

Niyatimiz ulugʻ va yorugʻ! Prezidentimiz imzolagan ushbu tarixiy hujjat sabab, yangi Oʻzbekistonda ona tilimizning qaddi yanada yuksalsin, ayni paytda koʻpmillatli xalqimiz totuv va hamjihat yashab barcha sohalarda baland-baland choʻqqilarni zabt etsin, dunyoning qay bir hududida, qaysi mamlakatida boʻlmasin, har bir yurtdoshimiz oʻzbekistonlik ekanidan doim gʻururlansin! Oʻzbekiston bolalari oʻzbekcha soʻzlab, oʻzbekcha kuylab, hammaning havasini keltirsin! Kun kelib dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan ona tilimiz jahon tillaridan biriga aylansin!

Fozil FARHOD


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?