Ona tilini bilish, eʼzozlash masalalarida kamchiliklar sezilmoqda

10:36 20 Oktyabr 2020 Siyosat
200 0

Til har bir millat madaniyatining oʻzagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak boʻladi.

Taʼkidlash joiz, davlat tili va boshqa tillarning rivojlanishida taʼlim muassasalari katta ahamiyatga ega. Afsuski, oʻquvchi, talaba yoshlarimiz oʻrtasida ona tilini bilish, eʼzozlash masalalarida kamchiliklar yaqqol sezilmoqda.

Ona tili fani tilshunoslik faniga aylanib qolgandek. Oʻqituvchi ham, oʻquvchi ham, ota-onalar ham ona tili taʼlimi deganda tilshunoslik qoidalarini yodlash, ularga doir mashq va topshiriqlarni bajarishdan boshqa narsani tasavvur qila olmaydigan boʻlib qoldi. Ogʻzaki va yozma nutq boʻyicha savodxonlik, nutq va muloqot madaniyati, boy soʻz zaxirasi, notiqlik eng oxirgi oʻrinlarga tushib ketdi.

Oʻquvchilarning qoʻlida oʻquv lugʻatlarining yoʻqligi, hatto tuzuk-quruq imlo lugʻatining mavjud emasligi, ona tili darslarida lugʻat daftarlarining yuritilmasligi – bular inkor qilib boʻlmaydigan dalillardir. Maktablarda diktant yozdirishga kam eʼtibor berilayotgani, oliy oʻquv yurtlarida esa ona tili fanidan insho imtihonlarining olib tashlanishi va test sinovlariga haddan tashqari katta ahamiyat berilishi yoshlarimizga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qoʻymadi.

Insho yozishni oʻrgatadigan metodologiya ham, manba ham yoʻq. Aksariyat oʻqituvchilar insho mavzusini berish, qotib qolgan reja tuzish va epigraf tanlashdan boshqa tavsiya bera olmaydi. Oʻquvchilarda matn yaratish koʻnikma va malakasi mutlaqo shakllanmasdan qolyapti. Ayrim iqtidorli bolalar oʻqigan matnlariga taqlid qilib, mustaqil ravishda yozma nutqlarini takomillashtiradilar, xolos.

Buning oqibatida yoshlarimiz soʻz boyligini oshirish, stilistik va orfografik xatolar ustida ishlash, husnixat masalalariga eʼtiborsiz, befarq boʻlib qoldi. Notoʻgʻri gapirish, xato yozishdan uyalmaslikdek gʻalati kayfiyat paydo boʻlyapti. Bunday kayfiyatdagi kishilar ertaga biron sohada fidoyi shaxs boʻlib yetishishiga ishonish qiyin.

Birinchi sinfdan boshlab, adabiy tilda oʻqish, yozishlariga qaramay, baʼzi yoshlar tilimizning bir-biridan yoqimli soʻzlarini buzib soʻzlaydilar. Oʻrinli-oʻrinsiz hollarda xorijiy soʻzlarni aralashtirib gapiradilar. Chiroyli tarzda, adabiy til qonun-qoidalariga amal qilgan holda gaplashish qanchalar yaxshi. Bu yosh avlod tarbiyasi, qadriyatlar davomiyligi bilan bogʻliq muhim masala sanaladi.

Ona tilimiz sofligini saqlash va himoya qilish bevosita oʻz qoʻlimizda. Buning uchun koʻp oʻqib-oʻrganishimiz, oʻz tilimizni hurmat qilishimiz zarur. Ana shundagina biz oʻzligimizni saqlab qolamiz, tilimiz rivojiga hissa qoʻshgan boʻlamiz. Zero, til bor ekan, millat barhayot.

Dilbar MAMADJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?