Ona tilimizning taqdiri oʻz qoʻlimizda

23:54 27 Fevral 2020 Jamiyat
137 0

Internet maʼlumotlariga nazar soladigan boʻlsak, sayyoramiz aholisi yetti mingdan ziyod tilda soʻzlasharkan. Ana shu tillarning atigi bir foizida (70 ta tilda) Yer shari aholisining 90 foizi gaplashadi. Qolganlari kam foydalanadigan, yoʻqolib ketish arafasida turgan tillardir. Quvonarlisi shuki, bizning tilimiz ana shu barqaror 1 foizga kiradi. Oʻzbek tilida Yer yuzida 50 millionga yaqin aholi gaplashadi. Bu Yer yuzida har 150 kishidan biri oʻzbek tilida soʻzlaydi, deganidir. Boshqacha aytganda, oʻzbek tili soʻzlashuvchilar soniga koʻra sayyoramizda eng keng tarqalgan, har birida kamida 30 million aholi gaplashadigan 40 ta tildan biridir.

VII-VIII asrlarga mansub Oʻrxun-Enasoy obidalari barcha turkiy xalqlar qatori bizning ham qadimiy boyligimiz, merosimiz sanaladi. Buyuk ajdodimiz Bilga Hoqon 711-yilda oʻz bitiktoshida qadimgi turk tilida “ey turkiy elim. Sen oʻzingni angla, oʻzligingga qayt, shunday yuksalasan!” deya kelgusi avlodlarga vasiyatnoma bitgan edi.

Oʻrta asrlarda Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy singari allomalar oʻz asarlarini turkiyda bitib, tilimizning rivojiga hissa qoʻshishdi. Buyuk mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy esa, chin maʼnoda bugungi oʻzbek adabiy tilining poydevorini mustahkamladi. Uning tashabbusi bilan ona tilimiz Xuroson mulkininig davlat tiliga aylandi. Navoiy ilk bor oʻzbek tilida “Xamsa” yaratib, buyuk devonlar tuzib, uning boshqa tillardan kam emasligini isbot etdi. Oʻz baytlarida nafaqat oʻzbek tilining boyligi va nafosati, balki oʻzbek elining milliy qiyofasi, qadriyatlarini ham tarannum etdi:

Shoh toju xilqatikim, men tamosho qilgʻali,

Oʻzbakim boshida qalpoq, egnida shirdogʻi bas.

Oʻzbek tilidan temuriylardan tashqari, turli davrlarda Oltin Oʻrda, shayboniylar, ashtarxoniylar, oʻzbek xonliklari davrida ham asosiy til sifatida foydalanilgan. 1870-yilda oʻzbek tilidagi ilk gazeta “Turkiston viloyatining gazeti” chop etila boshlagan. XX asr boshlarida oʻzbek tili Buxoro va Xorazm Respublikalari (BXSR va XXSR)ning, Turkiston Muxtoriyati va Turkiston ASSRning, keyinchalik Oʻzbekiston SSRning rasmiy tili boʻlgan. Faqat 1989-yilning 21-oktyabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan.

30 yildan soʻng...

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi “Toshkent-siti” ishbilarmonlik markazida oʻtkazilgan tantanali anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tilimizning tarixi, bugungi kundagi mavqei, uning nufuzini oshirish yuzasidan amalga oshirilishi kutilayotgan chora tadbirlar xususida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir.

Prezidentimiz, oʻzbek tili haqida soʻz yuritarkan, shunday degan edi:“Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va gʻalabalari bilan chambarchas bogʻliqdir”.

Darhaqiqat, hali shoʻrolar tuzumi tarix sahnasida barqaror turgan bir paytda bu qonunning qabul qilinishi oʻziga xos mardlik va jasorat namunasi boʻlgan edi.

Oʻzbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulugʻ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch boʻlib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi sari qoʻyilgan birinchi dadil qadam edi.

Qonun islohotga muhtojmi?

Sir emas, bugungi nuqtayi nazardan kelib chiqib qonunga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, takomillashtirish, undagi talablarni qatʼiylashtirish zarurati yuzaga keldi. Qonun moddalariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ularning koʻpchiligida “davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda ham...” iborasiga tez-tez duch kelamiz.

Qonunni oʻqib chiqar ekanmiz, u oʻta ehtiyotkorlik, muloyimlik bilan tuzilganiga, ochigʻini aytganda, qonundan koʻra koʻproq tavsiyanoma oʻxshashini anglaymiz. Unda imkon darajasida oʻzbek tilining mavqeini boshqa tillardan oshirib yubormaslikka harakat qilingandek tuyuladi. Qonuni bilan yaxshi tanishib chiqqan, boshqa tilda soʻzlaydigan yoki boshqa millatga mansub fuqarolar “davlat tilini oʻrgansak ham, oʻrganmasak ham boʻlaverar ekan” degan xulosaga bormasligiga hech kim kafolat bermaydi. Davlat tilidagi qonunni buzish, davlat tiliga hurmatsizlik uning huquqiy oqibatlari qonunda aniq koʻrsatib berilmagan.

Baʼzi mamlakatlarning davlat tili haqidagi qonunlari nisbatan mukammalroq va qatʼiyroq ishlab chiqilgandek, nazarimizda. Masalan, Tojikiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni 3-moddasida “Tojikiston Respublikasining har bir fuqarosi tojik tilini bilishi shart” ekani koʻrsatib qoʻyilgan. 27-moddada esa, “Davlat tili haqidagi qonun normalarni buzgan mansabdorlar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi” belgilangan.

Qozogʻiston Respublikasining “Davlat tili haqidagi qonuni”ning 4-moddasida “davlat tilini bilish va unga hurmat bilan munosabatda boʻlish har bir Qozogʻiston Respublikasi fuqarosining burchi ekani” belgilab qoʻyilgan.

Armaniston Respublikasining “Til haqida”gi qonunida esa, turli anjumanlar, majlislar, xalqaro konferensiyalar, syezd va sessiyalarda arman tilida oʻqilmaydigan har qanday nutqning sinxron tarjimasi taʼminlanishi qatʼiy belgilangan.

Ha, chindan ham, Davlatimiz rahbari mazkur anjumanda oʻttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurligini taʼkidlagani ham bejiz emas.

Achchiq, ammo ochiq gaplar

Tabiiyki, til haqidagi qonun mukammal, zamon talablariga mos boʻlmaganidan keyin, uning taʼsiri ham haminqadar boʻlishi hech kimga sir emas. Buni biz hozirga qadar har qadamda uchratganmiz. Birgina, yurtimizda oʻtkazib kelingan xalqaro anjumanlarda davlat tiliga boʻlgan munosabatni olaylik. Tilimizga boʻlgan hurmat-eʼtibor ana shunday pallada koʻzga tashlanishi kerakmasmi? Holbuki, bunday anjumanlarda salom-alikdan boshqa birorta oʻzbekcha soʻz eshitmaslik hech kimni ajablantirmaydi. Xoʻsh, qoʻshni va qardosh oʻlkalarda bu borada vaziyat qanday?

Ish yuzasidan qoʻshni va qardosh mamlakatlarga koʻp borib turaman. Joriy yilning may oyida Qozogʻistonning Almati shahrida oʻtkazilgan media-forumda ishtirok etdim. Tadbirda soʻzga chiqqan qozogʻistonlik rasmiylar oʻz maʼruzalarini ona tilida oʻqishdi. Sinxron tarjimalar qozoq, rus va ingliz tillarida teng olib borildi.

Oradan koʻp oʻtmay, Boku shahrida oʻtkazilgan bir xalqaro anjumanda ham xuddi shunday holatga guvoh boʻldik. Mahalliy ishtirokchilar ozarboyjon tilida oʻqigan maʼruzasini tarjimonlar sinxron tarzda rus va boshqa tillarga oʻgirib berishdi.

Bir necha yil muqaddam Gruziyada boʻlganimda koʻchalar, binolar, peshtoqlardagi yozuvlar barchasi gruzincha ekani eʼtiborimni tortgandi. Faqat xorijlik turistlarga qiyinchilik tugʻilmasligi uchun ayrim joylarda ingliz tilidagi bitiklar uchraydi.

Bu kabi kuzatishlarim soʻngida “hech bir xalq oʻz ona tilini bizchalik “qadrlamas” ekan” qabilidagi achchiq xulosaga kelgandim. Afsuski, bu fikrimni hamon oʻzgartirolmay kelaman.

Holbuki, bugun oʻzbek tilini xorijliklar ham qiziqish bilan oʻrganmoqda. “Bi-bi-si”, “Amerika ovozi”, “Eron ovozi”, “Sputnik” singari yirik axborot mahkamalari dunyoning koʻplab tillari qatorida oʻzbek tilida ham oʻz materiallarini eʼlon qilib borishadi. Xitoyda, Turkiyada, Amerikada, Germaniyada, Hindistonda oʻzbek tili boʻyicha maxsus tadqiqotlar olib boriladi, ilmiy ishlar himoya qilinadi.

Shunday ekan, bu borada davlat rahbarining alohida tashabbusi koʻrsatgani bu kabi muammolar yechimida muhim oʻrin tutishi muqarrar.

Zamon oʻzgardi, talablar ham...

Tan olish kerak, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan oʻzbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va eʼtiborini oshirish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirila boshlandi.

Jumladan, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari tashkil etilmoqda.

2019-yil 21-oktyabr kuni Davlatimiz rahbari “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga imzo chekdi. Unga binoan “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Ushbu farmonda ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida alohida tuzilma – Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi.

Bu tuzilma davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlab kelmoqda.

Joriy yilning 20-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga binoan davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shahar hokimliklari tuzilmalarida, rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimi joriy qilindi.

Endilikda mazkur lavozimdagi shaxslar zimmasiga tashkilot va muassasalarda davlat tiliga oid qonun hujjatlari, dasturlar, “yoʻl xaritalari”ning ijrosini taʼminlash, bu boradagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xodimlarning davlat tilini chuqur oʻrganishlari uchun shart-sharoitlar yaratish singari vazifalar yuklangan.

Kuni kecha bu borada yana bir yangilikni eshitib, barchamizning koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-fevraldagi 73-sonli qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilibdi.

Ushbu jamgʻarma oʻzbek tilini rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, tilimizni rivojlantirish loyihalariga grantlar ajratish, kitob va qoʻllanmalar chop etish, media-masulotlar, kompyuter dasturlari, mobil ilovalar tayyorlash, bu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash singari ezgu maqsadlarga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.

Hammasi oʻz qoʻlimizda...

Gapning ochigʻi, shu paytga qadar tilimizni himoyalash va qoʻllab-quvvatlash uchun davlat darajasida bu qadar katta eʼtibor qaratilmagan edi.Garchi har yili 21-oktyabr sanasi arafasida quloch-quloch maqolalar yozib, tadbirlar oʻtkazib kelgan boʻlsak-da, baribir vaziyat oʻzgarmasdan qolaverar, “yuqori idoralar”da hujjatlar asosan rus tilida qabul qilinar, yirik xalqaro anjumanlar tugul, mahalliy darajadagi majlislar ham koʻpincha boshqa tillarda yuritilardi.

Oʻz-oʻzidan ravshanki, quyida ham shu holat kuzatilar: — bozor, doʻkonlarda, jamoat joylarida, binolarning peshtoqida, tashqi reklamalarda boshqa tillardagi bitiklar manaman deb koʻzga tashlanib turardi.

Albatta, bu nuqsonlarni qisqa vaqt ichida toʻliq bartaraf etish qiyin. Bunday holatlar bugun ham batamom yoʻqotilgani yoʻq. Ammo, bu borada dastlabki qadamlar qoʻyildi. Davlat rahbari bu yoʻnalishdagi ishlar nazoratini oʻz qoʻliga oldi. Tegishli tuzilmalar tuzildi, mutasaddilar tayinlandi, vakolatlar, vazifalar, chora-tadbirlar belgilandi.

Endi qolgani oʻz qoʻlimizda. Shuncha eʼtibor, shart-sharoit boʻla turib, undan foydalana olmasak, tilimizning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga yetarlicha eʼtibor qaratmasak, buning uchun oʻzimiz, faqat va faqat oʻzimiz aybdor boʻlamiz.

Aslida, ona tilimiz Yaratganning bizga inʼom etgan buyuk neʼmati, ajdodlarimizning eng nodir, bebaho merosi, buyuk mutafakkirlarimizning bizga qoldirgan omonatidir. Biz bu omonatni keyingi avlodlarga ham benuqson, bus-butun va mukammal holda topshirishimiz lozim.

Rustam Jabborov,

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?