Ona tilimizning hayotbaxsh qudrati

16:46 21 Oktyabr 2020 Madaniyat
390 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Reportaj

Yangi Oʻzbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda mustahkam tayanchdir

“Davlat tilining obroʻ-eʼtibori – butun xalq, butun jamiyatning obroʻ-eʼtiboridir”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida taʼkidlangan ushbu fikrlar poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida oʻtkazilgan bayram tadbirida yaqqol namoyon boʻldi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Quyoshning zarrin yogʻdulari kuzning iliq va musaffo havosida yana-da jilolanib, erta tongdan soʻz mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga yigʻilgan tadbir ishtirokchilariga yana-da koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.

Oʻzbek tili va adabiyoti dargʻalarining salobatli yodgorliklari joy olgan sokin xiyobon bayramona shukuhga choʻmgan. Mayin shabboda, anvoyi gullar tarovati dillarni sururga toʻldiradi. Orasta yoʻlaklarda tashkil etilgan kitoblar koʻrgazmasi kishilarni ilm-maʼrifatga, kitobxonlikka chorlab turibdi. Ulkan monitorlarda milliy til va adabiyotimiz fidoyilarining Vatanga mehr-muhabbat, azaliy anʼana va qadriyatlarimizga sadoqat, jumladan, ona tilimizni asrab-avaylash, sofligini saqlash va kelgusi avlodlarga uni bezavol yetkazishga undovchi dilbar sheʼrlari, sermazmun fikr-mulohazalari yangraydi.

Senatorlar va deputatlar, hukumat aʼzolari, adabiyot, fan, madaniyat, sport va sanʼat namoyandalari, tilshunos olimlar, talaba-yoshlar — koʻrkam xiyobonga tashrif buyurgan barcha insonlarning yuz-koʻzida milliy gʻurur, quvonch va ertangi kunga ishonch tuygʻulari balqiydi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bu bejiz emas, albatta. Zero, ona tilimizga eʼtibor bu – xalqimizga, uning qadr-qimmati, orzu va umidlariga eʼtibor ifodasidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi.

Tabrikda taʼkidlanganidek, bugungi kunda biz yangi Oʻzbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz. Chunki, necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol oʻtib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qaygʻurish – bu millatning oʻzligini anglashi, uning maʼnaviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Darhaqiqat, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” dadil odimlayotgan mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish borasida keyingi yillarda samarali ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda ulkan tarixiy voqea boʻldi. Unda ona tilimizni asrab-avaylash va yana-da rivojlantirish bilan bogʻliq muhim vazifalar belgilab berildi. 2020-yil 10-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon hamda “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror ushbu ulugʻ ayyomda bayram tuhfasi boʻlgani shubhasiz.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tadbirda yurtimizda oʻzbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi oʻrni va nufuzini yana-da mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqimizning koʻnglini togʻdek koʻtarib, Vatanimiz taraqqiyoti, hayotimiz farovonligi yoʻlidagi ezgu ishlarda kuch-gʻayratini yana-da yuksaltirishi taʼkidlandi.

Oʻzbek tili bayrami kuni tadbirlari butun mamlakatimizda, barcha shahar va qishloqlarda davom etmoqda.

Dilshod KARIMOV
(“Xalq soʻzi”).

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?