Ona tilim — jonu dilim

11:04 18 Oktyabr 2019 Madaniyat
319 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

1989-yil. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinish arafasida bahs-munozara avjiga chiqqan. Eng asosiy mavzu ushbu qonun talablariga rioya qilish muddati haqida. Qonun loyihasida bu muddat oʻn yil deb belgilangan boʻlsa, deputatlar muhokamasidan keyin sakkiz yilga oʻzgartirilgan edi oʻshanda. Keyinchalik, 1995-yil 21-dekabrdagi oʻzgartirishlarda bu muddat koʻrsatilmagandi.

Qarangki, bugun oʻsha kunga sakkiz yil ham emas, oʻn yil ham emas, oʻttiz yil toʻlibdi. Shu davr ichida ona tilimizga boʻlgan munosabat qanchalik yaxshi tomonga oʻzgarganligini oʻylasak, yurtimizdagi mustaqillik tuygʻusi xalqimiz ruhiyatini koʻtarganligi koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Mustabid zamonda aytadigan gapimizni rus tilida ifodalay olmay qanchalik qiynalganimiz hamon yodimizda. Istiqlol arafasida tilimizga davlat maqomi berilganida chin maʼnoda erkinlik gashtini yurakdan his qildik.

Qonunning 2-moddasida “Oʻzbek tili oʻzbek xalqining maʼnaviy mulkidir” deya mustahkamlab qoʻyilishi keng jamoatchilikning gʻururiga gʻurur qoʻshdi.

Axir oʻzbek kalomi hayotimizga, turmush tarzimizga shu qadar singib ketganki, uni boshqa tilga tarjima qilib tushuntirib boʻlmaydi. “Hormang”, “Bor boʻling”, “Xirmoningizga baraka”, “Umringizga baraka”, “Qadamingiz qutlugʻ boʻlsin” kabi oʻzbekona lutflarda ¬xalqimizning asriy tajribasi, koʻngli pokligi, haqiqiy donishmandligi ¬ifodasini topgan.

Birgina Toshkent metrosini olaylik. Qaysi bekatga kelganimiz, oldinda qanday bekat bizga peshvoz chiqishi davlat tilida eʼlon qilinadi. Shunisi diqqatga sazovorki, metroga tushgan har qanday millat vakili oʻzbek tilidagi kalomni oson -tushunadi.

Biror manzilni aniqlash uchun maʼlumotlar byurosiga qoʻngʻiroq qilsak, sof oʻzbek tilida javob olamiz. Bir vaqtlar nuqul oʻzga tilda gapirishga majbur boʻlgan “tez yordam”ni chaqirish ham sodda oʻzbeklarga katta ¬muammo edi.

Shu yil bahorda “Turkiston” saro¬yida “Oltin qalam” Milliy mukofoti gʻoliblarini taqdirlash marosimida BMT va YEXHT kabi xalqaro tashkilotlarning vakillari, hijjalab boʻlsa-da, oʻzbek tilida chiqish qilishdi. ¬Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi boʻlgan xonim Alisher Navoiyning “Olam ahli bilingizkim...” satrlarini yoddan aytdi. Zaldagilar ularni qizgʻin olqishlashdi. Sabab? Chunki bu diplomatlar oʻzbekcha nutq irod qilish orqali Oʻzbekistonga, oʻzbek xalqiga samimiy hurmat koʻrsatishdi. Yetti yot begona millat vakillarining bunday hafsalasi, oʻzimizda tugʻilib, umr boʻyi shu yerda yashab, mahalliy millat tilini oʻrganmagan yurtdoshlarimizning tutumi bizni ajablantiradi. Axir Oʻzbekistonning nonini yeb, shu yurt fuqarosi hisoblanib, tilini oʻrganmagan insonlar haqida nima deyish mumkin?!

Yana bir muammo. Oliy maʼlumotli, hatto nomzodlik, balki doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan ziyolilarning baʼzilari oʻz ona tilida toʻrt qator matnni yozolmaydilar. Otasi oʻzbek, onasi oʻzbek, oʻzi ham oʻzbek, lekin ruscha savod chiqargan. Yaqinda shunday olimlardan biri rus tilida yozgan maqolasini olib keldi. Ushbu matnni, yaxshisi, oʻzingiz oʻzbekchalashtirib bering, desak, “Ana shunga noʻnoqmiz-da”, degan javobi bizni oʻyga toldirdi. Qiziq, biz tilga olgan Qonun bunday ziyolilarga ¬taalluqli emasmi?!

Baʼzan boshqaruv idoralarida masʼul lavozimda ishlayotgan xodimlar ham oʻz tilida yozishlari qiyinligini aytishadi. Ayrim hujjatlarga nazar tashlasangiz, u avval rus tilida yozilgani, soʻng davlat tiliga tarjima qilingani koʻrinib turadi.

Biz oʻz tilini unutgan amaldorlarga oʻttiz yil oldin qabul qilingan Qonunning 4-moddasidan quyidagi parchani aynan keltiramiz: “Oʻzbekiston Respublikasida ishlovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari oʻz xizmat vazifasini bajarish uchun respublika davlat tilini yetarli darajada bilishlari shart. Oʻz faoliyatiga koʻra aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq shaxslar ¬xizmat vazifasini bajarish uchun ¬davlat tilini zarur boʻlgan darajada bilishlari lozim”.

Qonun ishlashi uchun nima qilish kerak? Yuqoridagi moddani idoralar peshtoqiga yozib qoʻyish kerakmi?

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan keyin 27 yil oʻtib, yana bir tarixiy voqea roʻy berdi: 2016-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. Oʻzbek tili va adabiyotining haqiqiy tabiatini oʻrganish, unga rivojlanish yoʻlini ochish bilan mashgʻul oliy oʻquv yurtini Navoiydan boshqa yana kimning nomi bilan atash mumkin?! Shoʻro davrida shu sohaga ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutini rus mumtoz ¬shoiri nomi bilan ataganimiz yodimizdan koʻtarilgani yoʻq. Yangi ochilgan universitet talabalari “Men Alisher Navoiy bobomiz nomi bilan atalgan oʻquv yurtida oʻqiyman”, deganda qanchalar yoqimli jaranglaydi bu soʻzlar.

Tilimiz sofligini saqlash unga toʻgʻri kelgan-kelmagan soʻzlarni tiqishtirishga yoʻl qoʻymaslikni anglatadi. Lekin ayrim ijodkorlar oʻziga xos yoʻl tutish, baʼzan jahon mezonlariga boʻylashish deb hisoblab, oʻzbekcha soʻz yoniga inglizcha yoki ¬boshqa tilga mansub soʻzlarni sunʼiy yopishtirishga harakat qilishmoqda. “Zoʻr” TV telekanalida “Bojalar-komyuniti” degan koʻngilochar koʻrsatuvni eslaysizmi? Bu atamaning ikkinchi qismi nima maʼno anglatishini koʻpchilik bilmasa kerak. “Yoshlar” telekanalidagi “KameRadar”, “Start up club” koʻrsatuvlarini oʻz tilimizda nomlasa boʻlmaydimi? “Toshkent” telekanali dasturi bilan tanishsangiz “Toshkent live”, “Highway”, “MFaktor praktikum”, “Hi-Tech” (oʻzbekchada ¬“Yuksak texnologiyalar” deyish mumkin), “Travel time” (shu koʻrsatuvdan biri yurtimizdagi muqaddas qadamjolarga bagʻishlandi, qiziqarli, albatta. Lekin nega shunday nomlangan?) kabi jumboqlarga duch kelasiz. “Sport” telekanalida “Battle time”, “Runner”, “Revyu” kabi koʻrsatuvlar nimani ¬anglatishini topolmasligingiz mumkin. Axir bu koʻrsatuvlar oʻzbek tomoshabinlariga moʻljallangan-ku? Shuning¬dek, “Oilaviy” kanalda “Like”, “Milliy” TV kanalida “MTV showkids”, “TV-Sale”, “M-news”, “Voydod karaoke”, “Qoʻzgʻolonshou” kabi koʻrsatuvlar nomini oʻz tilimizdagi jozibali soʻzlar bilan nomlashning iloji yoʻqmikan? Axir yoshlarimiz hayotdagi axborotni ham, maʼnaviy boylikni ham, asosan, televideniye orqali olishadi-ku?! Bunday sunʼiy nomlar nafaqat tilimizni, dilimizni ham buzadi.

Oʻzbek tilining nafosatini Alisher Navoiy bobomizdan tortib asrlar mobaynida mumtoz yozuvchi va shoirlarimiz oʻz ijodlari orqali namoyon etib kelishgan. Ajdodlarimiz yaratgan boy merosni zoʻr ishtiyoq va hafsala bilan oʻrganishimiz kerak. Buning uchun Vatanimizda davlat maqomi berilgan oʻzbek tilini eʼzozlashimiz, qalblarimizga singdirishimiz ¬kerak. Bu chin vatanparvarlikning yana bir namunasi hisoblanadi.

Shuhrat JABBOROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?