Ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi

15:31 25 Oktyabr 2019 Lifestyle
366 0

Illyustrativ foto

Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (OʻRQ–574-son, 23.10.2019-y.).

Qonunga muvofiq, ona suti bilan oziqlantirishni targʻib qilish sogʻliqni saqlash organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan aholi oʻrtasida muntazam ravishda axborot-tushuntirish tadbirlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun sharoit yaratish maqsadida davlat muassasalarida, tashkilotlarida, avtovokzallar, aeroportlar, temir yoʻl vokzallari, madaniy-koʻngilochar muassasalarda maxsus joylar ajratiladi.

Qonunga koʻra, bolalar uchun ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulot toʻgʻrisidagi har qanday axborot ona sutining foydasi va afzalligi toʻgʻrisidagi koʻrsatmani oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.

Shu bilan birga, Qonunga koʻra goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ishlab chiqariladigan hamda olib kiriladigan, Oʻzbekiston hududida sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari sertifikatlashtirilishi hamda sifat va xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.

Manba: Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” rasmiy kanali.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?