Oʻn yoshli Marjonaga 132 ta ertak va hikoya oʻqigani uchun kitob sovgʻa qilindi, kattalar “Spark” umidida

13:31 24 May 2019 Jamiyat
438 0

Bu jajji kitobsevar Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 37-umumtaʼlim maktabining 3-sinfida tahsil oladi. Sinf rahbari Manzura Karimova mutolaaga tashna oʻquvchilar safini yanada kengaytirish maqsadida “Oʻn kun ichida kim koʻp ertak va hikoya oʻqiydi?” mazmunida oʻziga xos tanlov oʻtkazdi. Tabiiyki, birinchi oʻrin belgilangan vaqt oraligʻida 132 ta kichik asar oʻqigan Marjona Mahmudjonovaga tegdi. Ilm dargohining koʻplab oʻquvchilari jamlangan tadbirda u singari tanlovda gʻolib chiqqan bir qator oʻgʻil-qizlarga qiziqarli kitoblar sovgʻa qilindi.

Maʼlumot uchun, Namangan viloyatida buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur oʻrganish va targʻib etish, yoshlarimizni oʻzlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etish uchun 37363 nafar yosh murojaat qildi.

Pop tumanidagi saralash bosqichida 20-30 yosh toifasi boʻyicha jami 437 nafar ishtirokchi qatnashish istagini bildirgan. Quvonarlisi, unda harbiy xizmatchilar ham qatnashishmoqda.

— 50 ta test jamlanmasiga javob berishni va saralashdan oʻtib, respublikada “Prezident sovgʻasi”ga ega boʻlishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan yoshlar talaygina boʻlib, ularning shiorlari “Koʻp kitob oʻqib – avtomashina minamiz”ga aylandi,— deydi Ittifoqning Pop tuman Kengashi raisi Z.Arslonov.

Ayni kunlarda viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham faol kitobxonlar saralanmoqda. Tanlovning viloyat bosqichida esa uch yosh toifasi boʻyicha 36 nafar kitobxon ishtirok etadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?