Oʻn toʻrt buloqning siri

10:25 04 Dekabr 2018 Madaniyat
269 0

Tarixiy manbalarda tez-tez uchrab turadigan Xoʻjamushkent Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida joylashgan. Bu yerdagi qadamjo obodonlashtirilib, ziyorat qilinadigan tabarruk maskanlardan biriga aylangan.

Ziyoratgohda tor yoʻlaklar orqali biridan boshqasiga oʻtuvchi katta-kichik gʻor va bir nechta buloqlar mavjud. Xalq orasida Xoʻjamushkent, yaʼni mushkullarni oson qilguvchi xoʻja nomi bilan mashhur tarixiy zotning asl ismi Xoʻja ibn Isoqdir (baʼzi manbalarda Mavlono Abu Isʼhoq deb yuritiladi). Avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan rivoyatga koʻra, janggohda dushmanlarning qoʻli ustun kelgan chogʻda, Xoʻja ibn Isoq tepalikka chiqib ortidan taʼqib etayotganlardan qutulish maqsadida Yaratganga iltijo qiladi va yerga musht uradi. Uning mushti oʻrnida gʻor paydo boʻladi. U shu gʻorga kirib gʻoyib boʻladi va Makkadan chiqadi...

Xoʻjamushkent ziyoratgohi Jizzax shahridan 150 kilometr uzoqlikda. Ushbu muazzam maʼvo bahor oylaridan boshlab gavjumlashadi.

Ziyoratgohdagi oʻn toʻrtta buloqning har biri oʻziga xos taʼmi va shifobaxsh xususiyatiga ega. Buloqlar qoʻshilib, soyga aylanadi. Aytishlaricha, bu zilol suv ming dardga davo. Ular oʻz xususiyatiga qarab alohida nomlanadi. Niyatbuloq — niyatingizga yeting, Murodbuloq — murodingizga yeting kabi.Isitmabuloq, Qoʻtirbuloq kabilar ham yer ostidan chiqadigan suvlarning qanday dardlarga davo boʻlishiga qarab eʼtirof etiladi. Yaxshi niyat bilan kelganlar bu buloqlarda yuz-qoʻllarini yuvib, shifobaxsh suvlardan toʻyib-toʻyib ichishadi. Obihayotning inson organizmiga foydali minerallarga boy ekanligi ilmiy jihatdan isbotlangan.

Atrofdagi turfa daraxtlar, gullar, ajib ifor taratuvchi rayhonlar ziyoratchilarning bahridilini ochadi.

Qadamjoda Xoʻjamushkent — Xoʻja ibn Isoqning ramziy qabriustigaxonaqoh qurilgan.Kiraverishdagi masjid, dam olish joylari, choyxona va mehmonxona ziyoratgoh koʻrkiga koʻrk bagʻishlaydi. Bu yerga xorijiy sayyohlar ham koʻp tashrif buyuradi. Ular hamyurtlarimiz qatori buloqlarda yuzlarini chayishadi, suvidan rohatlanib ichib, yaxshi niyatlar qilishadi.

— Islom olamida mashhur alloma, tasavvuf ilmining bilimdoni Xoja Yusuf Hamadoniyning qadamjosi mazkur hududdagi Changovul qishlogʻida mavjudligi tadqiqotlar natijasida maʼlum boʻlgan edi, — deydi Jizzax davlat pedagogika instituti Tarix oʻqitish metodikasi kafedrasi katta oʻqituvchisi Farrux Akchayev. — Xoja Yusuf Hamadoniy faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni toʻplash jarayonida u kishining ustozi Mavlono Abu Isʼhoq hazratlari ekanligi aniqlandi. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Xoja Yusuf Hamadoniyning ustozi Shayx Abu Isʼhoq hazratlari boʻlganligi qayd etilgan. Bu asarda yassaviylik tariqati valiylari qatorida “Isʼhoq ota” toʻgʻrisida ham maʼlumot keltiriladi. Shuningdek, Abu Xafs Nasafiyning “Qandiya” asarida Yusuf Hamadoniyning Movarounnahrga kelishi haqida:“Hamadon viloyatida 11 nafar oshnalari hamrohligida kelgan edilar. Ularning toʻrtinchisi Xoja Isʼhoq”, degan maʼlumotlar mavjud.

Mazkur manzilga tutash tepalikda qadimiy mozorqoʻrgʻonlar bor. Zardushtiylik davriga oid sopol siniqlari ajdodlarimizning hayot tarzi, madaniyatidan darak beradi.

Obod manzilda fayz va baraka boʻladi. Xoʻjamushkent ham obodlik tufayli soʻlim goʻshaga aylandi. Ilgari qarovsiz boʻlgan buloqlar qayta koʻz ochdi, manzarali daraxt hamda anvoyi gul koʻchatlari oʻtqazildi. Masjid binosi taʼmirlandi, xonaqoh tiklanib, yoʻlaklar bunyod etildi. Hozirgikunda bu yerdan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi.

Xolnisa RAHMONQULOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?