Oʻn yilda bitmagan ish oʻn kunda bitgani rostmi?

17:53 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
147 0

Yuzlab yoshlarimiz xorijda taʼlim olib, intiqlik bilan kutgan va qoʻlga kiritgan hujjatlarini bir necha oʻn yillar davomida nostrifikatsiyalash, yaʼni ekvivalentligini qayd etishning uddasidan chiqa olishgani yoʻq edi. Buning eng asosiy sabablaridan biri –bu jarayonda koʻp vaqt sarf etilishi, ortiqcha hujjatbozlik, ovoragarchilikning benihoya koʻpligi boʻlsa, yana bir tomondan talabgorlarning nostrifikatsiyalash jarayonida ularga toʻsiq boʻlayotgan korrupsion gʻovlarning bartaraf etilmaganligi edi.

Sir emaski, taʼlim sohasidagi bu kabi muammolar yillar davomida bir havodan nafas olayotgan minglab aziz yurtdoshlarimizning “bosh ogʻrigʻi”ga aylanib qolgandi.

Joriy yilning 16-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.Bu muhim va uzoq kutilgan qarorga koʻra, joriy yil 1-martdan boshlab xorijiy davlatlarda berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibi joriy etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi xujjatlarni tan olish tartibi haqida NIZOM” tasdiqlandi.

Ushbu hujjatning eng muhim jihati shundaki, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish toʻgʻrisidagi talabgorlarning arizalari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinishi belgilab qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi qaroriga asosan, 2018-yil 1-iyun kunidan eksperiment tariqasida Qoʻqon shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan xorijiy davlatlarda berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish davlat xizmati koʻrsatila boshlandi.

Shu yilning 8 oyi davomida Fargʻona viloyatining 19 tuman va shahar davlat xizmatlari markazlariga xorijiy davlatlarda oʻqiganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash toʻgʻrisida 1514 ta ariza kelib tushgan. Shundan Fargʻona, Qoʻqon, Quvasoy shaharlari va Quva, Rishton, Soʻx tumanlarida bu koʻrsatkich salmoqli qismni tashkil qilmoqda.

–2008-yilda Qirgʻiz –oʻzbek universitetining pedagogika va boshlangʻich taʼlim metodikasi fakultetini tamomlaganman, – deydi Oltiariq tumani, Katput qishlogʻida istiqomat qiluvchi Marhabo Holmatova. – Shu yilning avgust oyiga qadar qiyinchilik va ortiqcha hujjatbozlikning koʻpligidan xorij diplom-hujjatimni nostrifikatsiya qilishning uddasidan chiqa olmaganman. Endilikda yaratilgan ulkan imkoniyatdan unumli foydalanib Davlat xizmatlari markazi orqali xorijiy davlatda oʻqiganlik toʻgʻrisidagi hujjatni nostrifikatsiyalash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qildim. Toʻgʻrisi, sodda va shaffof tizim orqali yumushlarim osongina hal boʻldi. Xorijiy davlatlarda taʼlim olganligim tan olindi.

Yozyovon tumani, Xonobod koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro Ibodat Gʻafurova ham 2007-yilda Qirgʻiz-oʻzbek universitetini tamomlagan. Rishton tumani Mehnatobod qishlogʻida yashovchi Kamola Ahmedova 2011-yilda Batken davlat universitetining Qizilqiya gumanitar pedagogika institutini aʼlo baholar bilan yakunladi. Biroq shu kunga qadar bu sobiq bitiruvchilar mazkur diplomlaridan foydalana olishmagan. Davlat xizmatlari markaziga kerakli xujjatlarni taqdim qilganlaridan soʻng, I.Gʻafurova hamda K.Ahmedovalarning xorijiy davlatda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjati tan olinib, nostirifikatsiya qilindi.

ElyorjonEHSONOV.

(Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?