Oʻn yil farzand kutgan ayol uch egizakni dunyoga keltirdi

12:52 07 Avgust 2019 Jamiyat
117 0

XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Baliqchi tumanining Olimbek qishlogʻida istiqomat qiluvchi 31 yoshli Muyassarxon Mamatqulova 3 egizakni dunyoga keltirdi. Farzandlariga Fotima va Zuhra hamda Muhammadaziz deb ism qoʻydilar.

“Bolalarning vazni 2.490, 2.05 va 1.805 grammni tashkil etadi. Jarrohlik yoʻli bilan dunyoga kelganliklari bois salomatliklariga astoydil eʼtibor qaratdik. Ayni paytda uchchalasining ham sogʻligi joyida. Onaning ahvoli yaxshi”,-deydi Andijon viloyat perinatal markazi shifokori Nargizaxon Qosimova.

Shunday qilib yana bir oilada mehr bulogʻidan yaralgan quvonch ummoni mavjlana boshladi. Bizni esa haqli bir savol qiziqtirdi. Nima uchun keyingi paytlarda Andijon viloyatida 3 va undan koʻp farzandlarni dunyoga keltirish holati koʻp uchramoqda. Bu yaxshimi yoki yomon? Ana shu savol bilan perinatal markazi rahbari GulnoraRahimovaga murojaat etdik:

“Darhaqiqat, Andijon viloyatida uch va undan koʻp farzandlarni dunyoga keltirish holati koʻp uchramoqda. Afsuski, buning sabablari mutaxassislar tomonidan oʻrganilmagan. Lekin, shaxsiy fikrlarim yoʻq emas. Aytish mumkinki, Andijon viloyati tabiati sofligi va oziq-ovqat xavfsizligi jihatidan boshqa viloyatlardan ustun turadi. Shaxsan men toshkentlikman. Ushbu markazda faoliyat koʻrsata boshlaganimga ikki yil boʻldi. Mana shu davr mobaynida biror marta ham kasallanmadim. Va holanki, Toshkent shahrida boʻlganimda bu paytda kamida uch yoki toʻrt marta muolaja olishim mumkin edi. Boshqa viloyatlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida iqlim kun davomida bir necha marotaba keskin oʻzgarib turadi. Bu inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Andijonda esa iqlim asta sekinlik bilan oʻzgaradi yoki kun davomida bir maromda saqlanib qoladi. Oziq-ovqat mahsulotlarida ham tabiiy vitaminlar meʼyori katta. Masalan, goʻshtni olaylik. Andijon viloyatida qoʻy va sigirlar tabiiy sharoitda boqiladi. Demakkim, ularning goʻshti boshqa viloyatdagi hayvonlarning goʻshtiga nisbatan foydaliroq hisoblanadi. Bu holatlarning barchasi inson salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ayollarning 3 va undan yuqori nafar bolalarni dunyoga keltirishida mana shu holatlarning ham ahamiyati katta, deb oʻylayman. Tan olib aytishim kerak, andijonlik xotin-qizlarning 90 foizi kam qonlik alomatiga ega. Biroq, gemoglobin miqdori 50-60 koʻrsatkichga ega boʻlgani holda ham bemalol jarrohlik yoʻli bilan farzandlarni dunyoga keltirishyapti va tugʻruqdan soʻng sogʻligida hech qanday salbiy holatni kuzatmaysiz. Va holanki, bu vaziyatda umuman jarrohlik amaliyotiga ruxsat berilmaydi va zarurat tugʻilganida ham onaning salomatligida jiddiy oʻzgarish yuzaga kelishi kerak. Menimcha, shu omillarning barchasi onalarning bir paytda koʻp farzandlarni dunyoga keltirishlariga sabab boʻlyapti”,-deydi Gulnora Rahimova.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2018-yilda Andijon viloyatida 11 ta holatda 3 va 4 nafar egizaklar dunyoga kelgan boʻlsa, joriy yilning shu davriga qadar bu koʻrsatkich 5 tani tashkil etdi. Tahlillar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, eng koʻp egizaklar Oltinkoʻl, Baliqchi hamda Shahrixon tumanida tugʻilmoqdalar. Bu uchchala tuman viloyatning aynan bir yoʻnalishida joylashganligini inobatga olsak, demak, egizaklar dunyoga kelishida hududning, yaʼni onalarning yashash joylari qayerda ekanligining ham ahamiyati katta ekan.

Bir soʻz bilan aytganda, bu mavzudagi maʼlumotlar mutaxassislar izlanishlarini kutib turibdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?