Ombudsman: “Muassasalarda yaratilgan sharoitlar inson qadr-qimmati va shaʼnini tahqirlaydi”

11:11 01 Mart 2019 Jamiyat
193 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi ONLINE”/Munisxon Karimova. Ombudsman oʻz hisobotida oʻtgan yilda surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka chalingan bemorlarni davolash uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan barcha 16 ta ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasi monitoring bilan qamrab olinganini taʼkidlab oʻtdi.

Monitoring natijalari tahlili mazkur jarayonni tashkiliy-huquqiy jihatdan taʼminlashda qator tizimli muammo va kamchiliklar borligini koʻrsatdi.

Unga koʻra:

- sohani boshqarishning qonunchilik va metodik bazasi hozirgi zamon talablariga javob bermaydi. Masalan, 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash toʻgʻrisida”gi Qonun. Qonun qisqa bayon etilgan 14 ta banddan iborat boʻlib, shundan 3 tasi havolaki norma va yana 2 ta band kuchini yoʻqotgan yoki oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladigan normativ hujjatlar roʻyxatini belgilab beradi. 26 yil davomida Qonunga muassasalarda davolash, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash tartibini aniqlashtirish boʻyicha tuzatishlar kiritilmagan.

- muassasalarda yaratilgan sharoitlar inson qadr-qimmati va shaʼnini tahqirlaydi. 16 ta muassasadan 10 tasida bemorlar soni ularda yaratilgan koyka-joylar sonidan ortiq ekani qayd etildi. Jumladan, Andijon viloyatida 2 baravar, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1,5 baravar, Toshkentda 1,4 baravar ortiq. Ayrim hollarda bemorlar polga solingan matraslarda yotadi. Bir kunda bir nafar bemorning 3 mahal ovqatlanishi uchun 2018 yilda ajratiladigan mablagʻlar Surxondaryo viloyatida 6 484 soʻmni va Namangan viloyatida 7 317 soʻmni tashkil etadi. Davolanayotgan xotin-qizlar bir boʻlmadagi palatalarda erkaklar bilan qoʻshni boʻlib yashaydi hamda bitta dushxona va hojatxonadan foydalanadi.

- muassasalarda bemorlarni tibbiy davolashni tashkil etish va gigiyena juda nomaqbul ahvolda. Dori-darmonlar xaridi toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirilishiga qaramay, muassasalarga tashrif buyurilgan vaqtda ularning ayrimlarida asosiy buyurtirilgan psixotrop preparatlar yoʻq edi (Fargʻona, Xorazm va Andijon viloyatlarida, Toshkent shahrida), muddati oʻtgan dori-darmonlar ishlatilar edi (Fargʻona viloyati), bir marta ishlatiladigan shprislar, tizimlar va qoʻlqoplar yoʻq edi (Xorazm viloyati). Davolashning bir yarim yillik kursi 7-14 kunlik muolajalar bilan almashtiriladi. Muassasalar ish samaradorligining pastligi bemorlarning 30-40 foizida kasal qaytalanishi va ular takroran davolashga qabul qilinishi bilan tasdiqlanadi;

- maʼnaviy-maʼrifiy ishlar olib borilmayapti va bemorlarni ijtimoiy moslashtirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmayapti. Muassasalarda bemorlar bir yarim yilgacha boʻlgan davrda yangilik olmasligi mumkin. 11 ta muassasada hamma foydalanishi mumkin boʻlgan televizorlar, radiopriyomniklar va davriy nashr yoʻq. Madaniy va huquqiy kamol toptirish borasida muassasalarda huquqiy va ilmiy-ommabop adabiyotlardan iborat kutubxona fondi mavjud emas. Muassasalar bemorlarning sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlamaydi, ularda jismoniy tarbiya mashgʻulotlari oʻtkazilmaydi, jamoaviy sport turlari uchun sharoitlar yoʻq;

- bemorlarning mehnat bilan mashgʻul boʻlishi va kasbiy koʻnikmalarga oʻqitish kurslari tashkil etilmaydi. “Mehnat terapiyasi” kasallarni davolash va ijtimoiy moslashtirishning ajralmas qismi sifatida Sogʻliqni saqlash vazirligi hujjatlarida aks etgan. Mehnat bilan shugʻullanish bemorlarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirishga koʻmaklashadi, nosogʻlom qarashlar, boqimanda va jamiyat uchun nomaqbul turmush tarzi paydo boʻlishining oldini oladi.

Ikkita muassasa boʻyicha monitoring natijalariga koʻra Ombudsman tomonidan:

- Bosh prokurorga xatti-harakatlarida inson huquqlari va erkinliklari buzilishi aniqlangan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritildi (Qoʻqon shahridagi muassasa boʻyicha);

- sogʻliqni saqlash vaziriga inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlari buzilishini, shuningdek ularni keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida Taqdimnoma kiritildi (Andijon viloyatidagi muassasa boʻyicha).

Ombudsman Iltimosnomasi prokuratura organlari tomonidan koʻrib chiqilishi natijasida muassasa rahbariyati qarori yuzasidan 5 ta protest kiritildi, 5 nafar mansabdor shaxs intizomiy jazoga tortildi, byudjetga 3,0 mln. soʻm undirildi. Ombudsman Taqdimnomasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan taʼsirchan choralar koʻrilmadi.

Muassasalar faoliyatini tubdan takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadida “Sogʻliqni saqlash vazirligi muassasalarida surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka chalingan bemorlarni davolash boʻyicha inson huquq va erkinliklarini taʼminlash monitoringi yakunlari toʻgʻrisida” axborot-tahliliy xat tayyorlandi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatali, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuraturasi va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasiga kiritildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?