Oltinsoydagi mojaroga deputatlar qanday munosabat bildirdi?

08:01 17 Fevral 2020 Jamiyat
185 0

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida fuqarolar va IIB xodimlari oʻrtasida yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Kecha ushbu holatga Bosh prokuratura izoh bergani haqida maʼlum qilgan edik.

Mazkur vaziyat boʻyicha quyi palata deputatlari ham munosabat bildirdi.

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi:

— Fuqarolarning uyi buzilishi bilan bogʻliq kelib chiqishi mumkin boʻlgan ommaviy norozilik haqidagi xavotirlar asossiz emas. Lekin baribir masʼullar bunga shunchaki odatiy ish sifatida qarab, oʻz pozitsiyalarni “qulay“ qonunlar orqali himoya qilishyapti.

Odamlar ichida yurib ularning dardini haqiqatan tinglagan inson buni tushunadi: noqonuniy qurilma sifatida uyi buzilayotganlar ichida aybsiz “aybdor“lar ham koʻp. Boshpanasini yoʻqotgan odam uchun joni va yaqinlaridan boshqa yana yoʻqotadigan nima qoladi?!.

Bu masalada adolatli boʻlishni balki parlament yakdil boʻlib talab qilsa va tekshiruv oʻtkazishga oʻtsa buni qoʻllovchilar qatoridaman. Zero, Xalq vakillaridan iborat parlament doimo adolat tomonida boʻlishi lozim.

Alisher Qodirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi:

— Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qoʻpol qonun buzilishi, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari qonunlarimizga ham, qadriyatlarimizga ham zid boʻlgan jinoyat sifatida baholanishi kerak.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligi, huquq va erkinliklarini taminlash, turmush sharoitlarini oʻzgartirish maqsadida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar aslo mamlakatimizda qonun ustuvorligini taminlashga toʻsqinlik qilmaydi. Zero, qonun ustuvor boʻlgan davlatlardagina xalqqa samarali xizmat qilish mumkin.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ushbu jinoyat ochiq tergov qilinishi va aybdorlarga keskin jazo belgilanishi kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?