Oltiariqda bozor rahbari kartoshka zaxirasini talon-taroj qildi

14:29 28 Mart 2019 Jamiyat
648 0

Illyustrativ foto

Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida bozor rahbari qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilingan 103 million soʻmlikdan ortiq kartoshka mahsulotini talon-toroj qildi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Har yili mamlakatimizda aholi hamda ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qish va bahor mavsumi uchun zaxiraga jamgʻarish ishlari amalga oshiriladi.

Xususan, Oltiariq tumanida 2017-2018 yillar uchun bu mavsumga tayyorgarlik koʻrish uchun barcha tashkilotlarga aniq vazifalar topshirilgan edi.

Tuman “Dehqon bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari A. Rahimov (ism familiyasi oʻzgartirilgan) esa bu borada oʻz burchini unutdi. U boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, guruh boʻlgani holda jinoyatga qoʻl urdi.

Masʼuliyat cheklangan jamiyat qoshidagi “Oltiariq import eksport” unitar korxonasiga AT “Asakabank” Oltiariq filialidan 180 million soʻmlik kredit olinib, aholini arzon narxlarda qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 60 tonna kartoshka zaxirasi yaratildi.

Bozor rahbari mazkur mahsulotdan bahosi 79 million 530 ming soʻmlik 26 ming 510 kilogramm isteʼmolga yaroqli boʻlgan qismini aprel-may oylarida hech qanday hujjatsiz D. Qosimovga, bahosi 24 million soʻmlik 8 ming kilogrammini esa may oyida “Nodira diyor mevalari” korxonasi rahbariga berib yuborib, oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

“Niyozxon-Musaxon” dehqon xoʻjaligi rahbari D. Qosimov esa boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, guruh boʻlgani holda “Dehqon bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshidagi “Oltiariq import eksport” unitar korxonasida zaxira qilingan kartoshka mahsulotining 103 million 530 ming soʻmlik 34 ming 510 kilogrammini bozor rahbari A. Rahimovdan qabul qilib olib, tergovda aniqlashning imkoni boʻlmagan shaxslarga sotib yuborib, oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, sud jarayonida masʼul rahbarlarning oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari natijasida qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilingan kartoshka sifatli saqlanmaganligi va maʼlum qismi chirib, isteʼmolga yaroqsiz boʻlib qolganligi aniqlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tuman sudida mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqilib, A. Rahimov va D. Qosimovlarga tegishli jazo tayinlandi. Ular tomonidan yetkazilgan moddiy zarar toʻliq qoplandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?