Olot tumani paxtakorlari yillik rejani ortigʻi bilan bajardi

09:23 06 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
410 0

Buxoro viloyati Olot tumani paxtakorlari davlatga 24 ming 830 tonna paxta topshirib, viloyatda birinchi boʻlib shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajardi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Hosilning qariyb 95 foizi birinchi navga qabul qilindi. Yana bir muhim koʻrsatkich: yalpi hosildorlik oʻtgan yildagidan 3 sentnerga oshib, 30,8 sentnerga yetdi.

Tumandagi 262 fermer xoʻjaligining 170 tasi davlat shartnoma rejasini oshirib bajardi. “Akbar Joʻrayev”, “Komil Ergash”, “Himmat”, “Jumageldi” kabi peshqadam fermer xoʻjaliklarida hosildorlik 38-48 sentnerni tashkil etdi.

– Yerni haydash va ekinga tayyorlash, ekish va gʻoʻzani parvarish qilish bilan bogʻliq tadbirlarda agrotexnik qoidalarga qatʼiy rioya qilinishi natijasida dehqonchilik madaniyati oshib bormoqda, – deydi “Akbar Joʻrayev” fermer xoʻjaligi rahbari Akbar Joʻrayev. – Joriy yilda 17,2 gektar maydondan hozirgacha jami 83 tonnadan koʻproq hosil oldik. Oʻrtacha hosildorlik 48 sentnerga yetdi. Bu oʻtgan yilga qaraganda 15 sentner koʻp. Barakali xirmon – katta daromad, degani. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yil yakunida jami 135 million soʻmdan ziyod sof foyda olamiz. Gʻallachilikdagi foydani hisobga olsak, koʻrsatkichimiz yanada salmoqli. Bu mablagʻlar xoʻjalik faoliyatini kengaytirish, ishchilarimiz moddiy manfaatdorligini oshirish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va mahalla obodonchiligiga sarflanadi.

Tumanda yigʻim-terim ishlarida 15 mingdan ziyod terimchi ishtirok etdi. Mavsumda terimchilarning moddiy manfaatdorligi oshirilgani, aniqrogʻi, terilgan bir kilo paxta uchun avval 700 soʻmdan, soʻngra 950 soʻm, keyinchalik esa 1100 soʻm toʻlangani muhim ragʻbat boʻldi. Terimchilarga shu paytga qadar jami 22,6 milliard soʻmdan ziyod haq toʻlandi. Ilgʻor terimchilar hozirgacha oila byudjetini 10-14 million soʻm bilan toʻldirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?