Olmazorning har bir mahallasida tadbirkorlik rivojlanadi

09:36 11 Iyul 2018 Jamiyat
131 0
Arxiv foto

Bugun mamlakatimizni har jihatdan rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlar infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, pirovardida oddiy odamlar turmush farovonligini yaxshilash kun tartibidagi kechiktirib bo‘lmas vazifaga aylandi.

Bu joriy yil 29 iyun kuni Prezidentimizning Olmazor tumaniga tashrifi davomida yana bir bor namoyon bo‘ldi. Boisi davlatimiz rahbari tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishar ekan, bu yerda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ishlamayotgan obyektlar faoliyatini qayta tiklash, yangi korxonalar tashkil etish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish hisobidan odamlarga daromad manbai yaratish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, yana bir yangi tashabbus ilgari surildi: Olmazor tumanida tajriba tariqasida “Mahalla tadbirkorlik markazi”ni tashkil etish taklifi bildirildi.

Darhaqiqat, yirik hududni — 58 mahallani qamrab olgan bu tumanda tadbirkorlik rivoji uchun qulay imkoniyat mavjud.

Prezidentimizning mazkur topshiriqlarini to‘la-to‘kis bajarish maqsadida parlament quyi palatasi Spikerining o‘rinbosari raisligida Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi idora rahbarlari, tumandan saylangan Toshkent shahar va Olmazor tumani Kengashlari deputatlari hamda tumandagi 58 ta mahalla oqsoqollari ishtirokida ishchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda parlament, deputat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, xususan, bo‘sh turgan obyektlarni aniqlash, ro‘yxatga olish va ishga tushirish bo‘yicha masalalarni chuqur o‘rganish uchun Olmazor tumanining barcha mahallasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari biriktirildi.

Shu kuniyoq mahalla oqsoqollari bilan birgalikda bo‘sh turgan obyektlar ro‘yxatini shakllantirish hamda ularni ishga tushirish bo‘yicha hududlarda amaliy harakatlar boshlab yuborildi.

— Olmazor tumanidagi 1-sektorga qarashli “Olimpiya” mahallasi hududidagi bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan yoki hujjatlashtirilmagan binolar va faoliyati to‘xtab qolgan korxonalar Oliy Majlis hamda tuman Kengashi deputatlari, MFY raisi ishtirokida joyiga borib o‘rganib chiqildi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘ani Umirov. — Mazkur hududda 9 ta obyekt va yer maydonlari bo‘sh turgani aniqlandi. Masalan, tuman hududida joylashgan “Telegum gold service” MCHJga qarashli polietilen mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino qurilishi boshlab qo‘yilgan. Biroq hujjatlashtirilmagan, hech qayerda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bu inshoot 2012 yildan buyon bo‘sh yotibdi, ishga tushishdan darak yo‘q. Endi tasavvur qiling: bir emas, bir necha shu kabi yerlar o‘z vaqtida ishning ko‘zini bilgan biror tadbirkorga berilganida edi, bekor o‘tgan 5 yil ichida qancha iqtisodiy foyda keltirgan bo‘lardi?!

Yana bir achinarli holat: Muxbir ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasining qarovsiz yotgan ikki qavatli binosidan uch-to‘rt yildan buyon foydalanilmaydi. Bu obyekt ham o‘tgan vaqt mobaynida risoladagidek ishlatilganida qanchadan-qancha fuqaro ish bilan ta’minlanib, ro‘zg‘orini tebratgan, tadbirkorga ham, tuman g‘aznasiga ham foyda keltirgan bo‘lardi.

Umuman olganda, deputatlar joylarda faqatgina muammolarni o‘rganish bilan cheklanib qolmasdan, ularning kelib chiqish sabablari hamda yechimiga ham e’tibor qaratmoqda. Tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar bilan qiziqyapti. Xususan, bo‘sh turgan obyektlardan ijtimoiy foydali maqsadlar yo‘lida foydalanilishi uchun kredit olish, ularning kadastr va boshqa hujjatlarini tezlashtirish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, faoliyatini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashda olmazorliklarga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.

Bugungi kun talabi odamlarning farovonligini ta’minlash uchun har qarich yerdan unumli foydalanishni, tadbirkorlik qilib, ro‘zg‘orini ham, davlatni ham boy qilaman degan odamga sharoit yaratib berishni taqozo etmoqda. Bo‘sh, qarovsiz yotgan bitta obyekt g‘ayrat-shijoatli tadbirkorga berilsa, u hudud obod go‘shaga aylanadi. Odamlar ish bilan ta’minlanadi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy byudjetga qo‘shimcha daromad keltirishi tabiiy. Ayni paytda Prezidentimizning ko‘rsatmalari asosida joylardagi mahalliy byudjet mablag‘lari o‘sha hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun o‘z hisobida qoldirilayotgani yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirish, pirovardida aholining farovonligini ta’minlash, ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining tashrifi davomida mazkur tuman ko‘pgina jabhalarda rivojlanishdan orqada qolayotgani, xususan, sanoat ishlab chiqarish bo‘yicha Toshkent shahri tumanlari orasida o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham 2 barobar, xizmat ko‘rsatish ko‘lami esa 3 barobar kam ekani tanqid qilingan edi.

Deputatlar tomonidan o‘rganishlar jarayonida ana shu kamchiliklarni bartaraf etish, Olmazorni Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan talablar asosida namunaviy tumanga aylantirish uchun barcha imkoniyat va salohiyatni ishga solishda davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlariga yaqindan ko‘maklashilmoqda. Bu sa’y-harakatlar yaqin orada o‘zining ijobiy natijasini berishi shubhasizdir.

— Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, Yurtboshimiz takror va takror bir fikrni aytmoqdalar, ya’ni biz uchun eng katta baho — xalqimizning ishonchini qozonish, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Sa’dullayev. — Biz, deputatlar bir necha kundan beri tuman mahallalarida aylanib yuribmiz. Baholi qudrat qator muammolarni hal qilishga yordam berdik. Eng muhimi, aholi biz bilan samimiy fikrlasha boshladi. Tashvishlari, muammolarini ochiq-oydin bayon etyapti. Biz ularga ko‘makdosh bo‘lib, masalalar joyida yechilishiga yordam beryapmiz. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, xalqimiz ishonchini oqlash har bir deputat faoliyatining asosiy mezoni bo‘lmog‘i lozim.

Qobil XIDIROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?