Olmazor tumanida 2018 — 2020 yillarda qariyb 100 million dollarlik 50 ta loyiha amalga oshiriladi

10:48 17 Iyul 2018 Iqtisodiyot
416 0

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Parlament va hukumat a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan qo‘shma majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 29 iyun kuni Olmazor tumaniga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Davlatimiz rahbarining tuman faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan qo‘shma majlisga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari hamda Hukumat tomonidan tegishli “yo‘l xaritalari” tasdiqlangan edi. Ularga asosan, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar va axborotlar qo‘shma majlis ishtirokchilariga havola etildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga vazifalar yuklatildi. O‘z navbatida, parlament, mahalliy deputatlik korpusi hamda jamoat tashkilotlariga mazkur masalalar ijrosi yuzasidan ta’sirchan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash vazifasi topshirildi.

So‘zga chiqqanlar tumanga investitsiyalarni jalb etish, kichik sanoat zonalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Xususan, ushbu yo‘nalishda “O‘zeltexsanoat”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zcharmsanoat”, Farmatsevtika agentligi zimmasiga Olmazor tumanida zamonaviy ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgandi. Uning amalga oshirilishi yuzlab yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga, pirovardida hudud obodligi va aholi turmush farovonligi yuksalishiga xizmat qilishi muqarrarligi qayd etildi.

Qo‘shma majlisda mazkur investitsion dasturlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar taqdimotlari eshitildi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarovning ma’lum qilishicha, Olmazor tumanida bugungi kunda uyushma tarkibiga kiradigan 23 ta korxona faoliyat yuritadi, ularning 15 tasida qo‘shimcha yana 100 taga yaqin ish o‘rinlari yaratish mumkin. Bundan tashqari, tumanda amalga oshirish uchun 8 ta yangi loyiha ishlab chiqildi, bunga 17,5 million dollar sarmoya kiritiladi. Bu loyihalar hayotga tatbiq etilsa, tumanning eksport salohiyati yiliga yana 12 million dollarga ko‘payadi.

— Mahallalarda xonadonma-xonadon aylanib chiqish asnosida o‘nlab qarovsiz, bo‘sh turgan bino va inshootlar aniqlandi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev. — Vaholonki, bugun ko‘plab tadbirkorlar o‘z faoliyatini kengaytirish hamda investitsiya jalb qilish uchun qo‘shimcha binolarga ehtiyoj sezmoqda. Sanoatni, kichik biznesni rivojlantirish orqali tuman aholisi, ayniqsa, ayollar va yoshlar uchun yuzlab ish o‘rinlarini yaratish mumkin. 2018 — 2020 yillarda tumanda umumiy qiymati 97,2 million AQSH dollari, shu jumladan, 57,2 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasini jalb qilish bo‘yicha 50 ta loyiha shakllantirildi. Ushbu loyihalar doirasida ikkita shifoxona, 8 ta sanoat, 10 ta to‘qimachilik, 13 ta charm-poyabzal mahsulotlari, 3 ta tibbiy vositalar, 2 ta tejamkor lapmalar va quyosh kollektorlari, 3 ta qandolat va sariyog‘ ishlab chiqarish korxonalari, 2 ta sport sog‘lomlashtirish majmuasi, mebel ishlab chiqarish korxonasi, zamonaviy mehmonxona, maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta ko‘p qavatli turarjoy, logistika markazi va supermarket quriladi. Buning evaziga tumanda qariyb 5 ming ish o‘rinlari yaratiladi.

— Biz neft-gaz, kimyo, qurilish sohalari uchun lateks va PVX qoplamali qo‘lqoplar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, — deydi “Armatex” MCHJ direktori Rustam Ahmedov. — Loyihaning umumiy qiymati 2 million dollar bo‘lib, uning yarmi xitoylik sheriklar tomonidan kiritilmoqda. Uzoq vaqt mobaynida bo‘sh turgan farmatsevtika bazasi hududidan 5 ming kvadrat metr joy ajratib beradigan bo‘lishdi. 2019 yilning oxiriga borib, mazkur loyiha to‘la quvvat bilan ishlay boshlaydi. Qo‘shimcha 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Qo‘lqoplarning asosi mahalliy paxta matosidan hamda rezina qoplamasi uchun xom ashyo esa Janubiy Osiyo mamlakatlaridan olib kelinadi. Hozirgi kunda bunday qo‘lqoplar chet eldan import qilinadi. Korxonamizning birinchi bosqichdagi quvvati mahalliy bozordagi talabning yarmini qoplashga yetadi. Qolaversa, mahsulotlarimizga Qozog‘iston va Rossiya kompaniyalaridan qiziqish bildirilmoqda.

Bundan tashqari, Olmazor tumanida yillar davomida to‘planib qolgan uy-joy kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylardagi kanalizatsiya tarmoqlarining ahvoli, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bilan bog‘liq muammolar, obodonlashtirish borasidagi jiddiy kamchiliklar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani aytildi.

Shu bilan birga, tumanda aholi bandligini ta’minlash sohasida ham qator kamchiliklar mavjud.

Qo‘shma majlisda tuman tibbiy xizmatining ahvoli, maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Muhokama jarayonida ushbu sohalardagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan uy-joy kommunal xo‘jaligi, bandlik va mehnat munosabatlari, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim hamda xalq ta’limi vazirlarining taqdimot va axborotlari eshitildi.

— Maktabgacha ta’lim tizimida ham qator yangiliklar yuz beradi, — deydi xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi deputati Lola Musajonova. — Tumandagi aksariyat oilalar uchun ushbu masala dolzarb ahamiyatga ega. Negaki, yetti yoshgacha bo‘lgan 20 mingdan ortiq bolalar bor. Tumandagi 58 ta mahalladan 20 tasida birorta ham bolalar bog‘chasi yo‘q. Natijada 6 ming 200 nafardan ortiq bolalar maktabgacha ta’lim muassasasiga qamrab olinmagan. Yaqin istiqbolda tumanda oltita davlat, yana 20 ta davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim muassasasini barpo etish rejalashtirilyapti. Natijada 2 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz maktabgacha puxta tayyorgarlikdan o‘tishadi.

Tumanning bugungi va istiqboldagi taqdiri uchun hal qiluvchi kuch bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularning kuch va imkoniyatlarini ezgu maqsadlar ro‘yobiga to‘liq safarbar etish har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash masalasi doimiy diqqat markazida turishi zarur. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, uning natijalaridan qanoat hosil qilib bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi.

Mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida Olmazor tumanida tadbirlar o‘tkazish, mahallalarda “Yoshlar mehnat guzarlari”ni qurish bo‘yicha taqdimot ham namoyish etildi.

— Olmazor tumanida respublikamizda Prezidentimiz tashabbusi bilan sinov tariqasida xalq deputatlari Kengashi kotibiyati tuzildi, deputatlar orasidan kotibiyat rahbari saylandi, — deydi Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov. — Kotibiyat doimiy komissiyalar, deputatlik guruhlari faoliyatini takomillashtiradi, sessiyalarga tayyorgarlikni muvofiq-lashtiradi, Kengash va doimiy komissiyalar ish rejalari ijrosi ustidan nazorat o‘rnatadi. Bu deputatlar faolligini oshirishga, hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga doir dasturlar ijrosi, byudjet mablag‘lari sarflanishi ustidan samarali deputatlik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Majlisda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan va Olmazor tumanida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi, taqdimotlar asosida “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N. Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov ishtirok etdi.
Qobil XIDIROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?