Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari Abdurasul Vahabov qonun oldida javob berishi shart

12:39 16 Avgust 2019 Jamiyat
567 0

Foto: Qoʻshni mahalla

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Olmazor tumani hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Abdurasul Vahabovni Kun.uz xodimlariga davlat organi xodimiga xos boʻlmagan tarzda muomalada boʻlgani, bu bilan cheklanmay, ijodiy jamoa xodimlaridan videotasvirga olmaslikni talab qilib, operatorga tashlangani, tahririyatga tegishli texnik vositani sindirib tashlaganini keskin qoralaydi.

Mamlakatimizda matbuot va soʻz erkinligi, davlat hokimiyati organlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotgan, davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi jurnalist va blogerlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib turgan bir paytda Olmazor tumani hokimi oʻrinbosarining bu xatti-harakatini qanday tushunish kerak.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanishi koʻrsatib oʻtilgan.

Eʼtiborli jihati, A. Vahabovning Kun.uz ijodiy guruhiga birinchi marta tajovuzi emas. U shu yilning yanvar oyida ham koʻpchilik oldida tasvirchiga tashlangan.

Bu kabi illatlar ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar erkin faoliyat yuritishi taʼminlanishiga putur yetkazib, ochiqlik siyosatiga, mamlakatimiz taraqqiyotiga rahna soladi. Shunday ekan, Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari Abdurasul Vahabov qonun oldida javob berishi kerak va shart.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tegishli idoralar – mazkur masalaga masʼullardan tezkor choralar koʻrilishini va bu haqda OAV vakillariga maʼlumot berib borilishini soʻraydi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?