“Olmazor Business city”ni barpo etish ishlari boshlandi

15:46 16 Avgust 2018 Jamiyat
542 0

Olmazor tumanida zamonaviy, yuksak me’moriy qiyofaga ega bo‘lgan “Olmazor Business city”ni barpo etish ishlari boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati “Xalq so‘zi“ga ma’lum qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni mamlakat hududlarida Business city formatidagi ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Qaror shahar va tuman markazlarining arxitekturaviy qiyofasini yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun ularning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, asosiy turistik yo‘nalishlarda zamonaviy obyektlar qurish, shuningdek aholi va mamlakat mehmonlari uchun taqdim etilayotgan xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish hamda sifatini oshirishga qaratilgan.

Qurilishlar buyurtmachi, muvofiqlashtiruvchi va nazoratchisi vazifasini Toshkent hokimiyatlari huzuridagi har bir “Siti” uchun tashkil etiluvchi direksiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Bugun respublikada birinchi bo‘lib Olmazor tumanida 23,5 gektarga ega bo‘lgan “Olmazor Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazi Direksiyasi tashkil etildi. Ushbu markaz chuqur va har tomonlama puxta ishlab chiqilgan Konsepsiyaga asosan tashkil etildi.Xususan, ko‘p qavatdan iborat bo‘lgan zamonaviy turar joylar va apartamentlar, zamonaviy savdo va ijtimoiy majmualar hamda sayilgohlar qurish ko‘zda tutilgan.

E’tiborli tomoni “Olmazor Business city” hududida investorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida soliq va bojxona imtiyozlari, chet el investorlar va mutaxassislar uchun viza va ishga jalb qilish tartiblari soddalashtirilgan.

“Shu bois, “Olmazor Business city” Direksiyasi barcha mahalliy va chet el investorlarini ushbu markazga jalb qilish uchun hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?