Olivye SHAV: “Oʻzbekistonda boʻlayotgan oʻzgarishlar, islohotlar Shveysariya hukumatining ham, xususiy sektorining ham eʼtiborini tortdi”

15:51 30 Avgust 2018 Siyosat
99 0

Olivye SHAV, Shveysariya Konfederasiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Oʻzbekistonda boʻlayotgan oʻzgarishlar, islohotlar Shveysariya hukumatining ham, xususiy sektorining ham eʼtiborini tortdi. ­Yangilanish jarayoni hali uzoq ­davom etishi tushunarli, ular toʻxtab qolmasligi va muvaffaqiyat qozonishi uchun yetarli asoslar bor. Buni oʻzbek xalqining yashash sifati butunlay oʻzgarib borayotganidan ham koʻrish mumkin.

Oʻzbekiston hukumati, ayniqsa, kapital va innovatsiyalar borasida koʻmakka ehtiyoj sezayotgan bugungi davrda Shveysariya oʻzi faol boʻlgan, Oʻzbekiston vakillari anchadan buyon ishtirok etayotgan Bretton-Vud moliya institutlari hamda YETTB yoʻnalishi orqali mamlakatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.

Biz ham Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarni toʻla qayta tashkil qilyapmiz va rahbariyat, xususan, yaqinda Oʻzbekistonga tashrifini amalga oshirgan iqtisodiyot­ vaziri Yoxann Niklaus Shnayder-Ammanning tavsiyalaridan soʻng hamkorlikni yangi ­bosqichga olib chiqmoqchimiz.

Biz, shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan BMT tashkilotlari, jumladan, Jahon banki tomonidan taqdim qilingan chuqur tahlillarni oʻrganib chiqdik va ushbu tadqiqot hamda undagi tavsiyalarni amalga oshirishda koʻmaklashishga tayyormiz.

Oʻz navbatida, oxirgi paytda shveysariyalik tadbirkorlar ham mamlakatingizga tez-tez kelmoqda, ikki davlat biznes vakillari oʻrtasida uzoq muddatli va manfaatli bitimlar tuzilyapti. Qolaversa, Shveysariyadan tobora koʻproq sayohatchilar, hatto havo shari uchuvchilari ham (Samarqand va Buxoroda parvozlari yoʻlga qoʻyilgan havo sharlari nazarda tutilmoqda — tahr.) tashrif buyurib, bu goʻzal diyoringizning betakror tabiati, mahobatli tarixiy shaharlari va, albatta, mehmondoʻst oʻlkadagi ajoyib sanʼat va meʼmorchilik durdonalaridan bahra olyapti.

Bayram munosabati bilan oʻzbek xalqiga va mamlakat rahbariyatiga eng yaxshi niyatlarimni bildiraman. Vataningizni rivojlantirish yoʻlidagi intilishlaringizda ­muvaffaqiyatlar, tinch va farovon kelajak tilab qolaman!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?