Olis qishloqlar aholisi muammolariga qanday yechim topildi?

13:56 21 Iyun 2019 Jamiyat
356 0

Foto: "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalari bugun aholining najot manziliga aylangan boʻlsa, sektor rahbarlari tomonidan hududlar kesimida sayyor qabullarning tashkil etilayotgani odamlarda ishonch paydo qilmoqda. Aholining mushkulini oson qilish maqsadida sayyor qabullar chekka hududlarning oʻzida tashkil qilinayotgani odamlarga yanada qulaylik yaratmoqda.

Qashqadaryoning togʻli hududlarida yashovchi aholining holidan xabar olish, ularning tashvish va muammolarini oʻrganish maqsadida viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlarining Kitob va Shahrisabz tumanlaridagi Hisor togʻlari etagida joylashgan qishloqlardagi ommaviy qabullari har tomonlama samarali boʻldi.

Shahrisabz tumanining togʻli Sarchashma, Gʻilon va Koʻl qishloqlarida oʻtkazilgan sayyor qabulda 2 mingdan ortiq aholi ishtirok etib, 600 dan ortiq murojaat qabul qilindi. 200 dan ortiq murojaat shu yerning oʻzida hal etildi. Qoʻshimcha oʻrganish lozim boʻlgan masalalar boʻyicha tushuntirish berilib, amaliy natijasi maʼlum qilinishi belgilab olindi. Murojaatlarning aksariyati aholini koʻpdan buyon qiynab kelayotgan muammolar, xususan yoʻl, bandlik, ichimlik suv, tibbiy muolajalar olish, maktablardagi shart sharoit va kadrlar taʼminoti bilan bogʻliq masalalardir.

Ommaviy qabulda qishloq aholisini koʻpdan buyon qiynab kelayotgan 2 ta muammo aytildi. Sarchashma -Hisorak yoʻlining 12 kilometri nosoz ahvolga kelib, qatnovda katta qiyinchilik tugʻdirmoqda. Shuningdek, qishda qalin qor yoqqan paytlari berkilib, muammo tugʻdiradi, qorni tozalash uchun esa texnikaning yoʻqligi pand bermoqda. Muloqotda ushbu muammoli masala ijobiy hal etiladigan boʻldi.

Sarchashma qishlogʻida 5 mingdan ortiq aholi yashaydi. Ularning 50 foizini yoshlar tashkil etadi. Ammo hududda yoshlar boʻsh vaqtlarida shugʻullanishi uchun toʻgaraklar, sport maydonchalari yoʻq. Kutubxonalarda tojik tilidagi adabiyotlarning yetishmasligi haqli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Avloqul bobo Yaxshiyevning murojaat qilishicha yaqin oʻrtada dorixona yoʻqligi odamlarni qiynamoqda. Samimiy muloqotlar jarayonida bu masalalarning ijobiy yechimi boʻyicha chora tadbirlar belgilandi.

Sayyor qabul jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor fuqarolarga, keksalarga alohida eʼtibor qaratildi. 90 yoshli onaxon Nazira Rajabovaga sogʻligini tiklash uchun Qarshi shahridagi keksalar sanatoriysiga bepul yoʻllanma berildi. Qishlogʻidan nariga chiqmagan onaxon uchun bu kutilmagan sovga boʻldi.

Qishloqda birorta ham xotin qizlardan oliy maʼlumotli mutaxassisning yoʻqligi ham tilga olindi. Bu borada viloyat test markazi tomonidan yoshlarga test jarayonlaridagi oʻzgarishlar, yangiliklar va imkoniyatlar xususida maʼlumotlar berildi.

Sarchashma qishlogʻida yashovchi Neʼmatulla Safarov Tojikiston respublikasidagi tibbiyot kollejida oʻqib, maʼlum vaqt qoʻshni davlatda ishlashiga toʻgʻri keldi. Ammo, 1996-yilda ota yurtiga qaytgan Neʼmatullaning koʻngli bir chekkasi kemtik boʻlib yashardi. Bugun uning 23 yillik armoni ushaldi. Prezidentimizning Farmoniga koʻra Oʻzbekiston respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Xudi shunday Hamid Sharipov oʻz yurtining toʻlaqonli fuqarosi boʻlishni 27 yil davomida umid bilan kutdi. Uning ham orzu va armonlari roʻyobga chiqdi.  Sayyor qabul davomida har ikkala fuqaroga ham Oʻzbekiston respublikasining pasporti tantanali ravishda topshirildi.

Dengiz sathidan 2 ming 300 metr balandlikda joylashgan Gʻilon qishlogʻida 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Gʻilonliklar ham viloyat rahbariga koʻpdan buyon uylantirib kelayotgan muammolarini aytishdi. Hududdagi 58 maktab oʻqituvchisi Roʻziboy Qurbonov kollej binosida yoshlar uchun oʻquv markazi ochish, shuningdek 10-11 sinf oʻquvchilari uchun ishlab chiqarish sexi tashkil etish taklifini bildirdi.

Abdikarim Jumayev qishloqqa avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilsa, aholining uzogʻi yaqin, mushkuli yengil boʻlishini aytib, murojaat qildi. Bu muammo ham oʻrganilib, hal etish choralari koʻrilishi maʼlum qilindi.

Dildan suhbat, samimiy muloqotlar jarayonida togʻliklarning mahalliy bozor tashkil etish, dorixona, maktabgacha taʼlim muassasasi, yoqilgʻi quyish shoxobchalari qurish boʻyicha murojaatlari boʻyicha ayrim masalalar shu yerning oʻzida hal etildi. Bozor, bogʻcha, dorixona qurish uchun tadbirkorlarga yer va imtiyozli kreditlar ajratib beriladigan boʻldi.

Aholining yashash tarzi bilan yaqindan tanishish, ularni qiynab kelayotgan muammolarga oʻz vaqtida yechim topish odamlarning hayotga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda, turmush farovonligining yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda badiiy jamoalar va voha sanʼatkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

A. Muhammadiyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?