Olis hududlardagi maktablarning oʻqituvchilariga 100 foizgacha ustamalar beriladi

12:12 21 Dekabr 2018 Hujjatlar
1602 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olis hududlarda joylashgan umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning oylik ish haqiga ish staji uchun ustamalar belgilash toʻgʻrisida” qarori loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirildi.

Hujjatda Respublikaning olis togʻli va chekka hududlarida joylashgan umumtaʼlim maktablari roʻyxatini tasdiqlash koʻzda tutilmoqda. Roʻyxatga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va sakkiz viloyatdagi jami 193 maktabni kiritilishi kutilmoqda.

Qaror loyihasi olis togʻli va chekka hududlarda joylashgan umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning oylik ish haqiga ish staji uchun Davlat byudjeti hisobidan ustamalar berilishini quyidagi tartibi belgilashni taklif etilmoqda:

mehnat stajiga ega boʻlmagan yosh mutaxassislar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 25 foizi;

mehnat staji 1 yildan 3 yilgacha boʻlgan oʻqituvchilar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 50 foizi;

mehnat staji 3 yildan 5 yilgacha boʻlgan oʻqituvchilar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 75 foizi;

mehnat staji 5 yildan ortiq boʻlgan oʻqituvchilar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 100 foizi.

Hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi olis togʻli va chekka hududlarda joylashgan umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning oylik ish haqiga ish staji uchun ustamalar berilishini doimiy nazoratga olishligi koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi qaror loyihasini yanada takomillashtirish uchun barcha jamoatchilik vakillarini muhokamalarga faol ishtirok etishga chaqiradi. Hujjat loyihasining muhokamasi 2019 yilning 4 yanvarga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?