Olimjon Toʻychiyev: Grantlar doirasida doktorantlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish kerak

13:45 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
281 0

Joriy yilning 27-oktyabr kuni Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev raisligida Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari va Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlarining ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlari ishtirokida yigʻilish tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi muhokama qilindi.

“Mazkur farmon Uchinchi Renessans poydevori, unga yetaklovchi hujjat boʻlishi kutilmoqda. Uning imzolanishi tarixiy voqea boʻladi. Farmon loyihasi boʻyicha bugungi yigʻilishimiz barchamiz uchun oʻz faoliyatimizga yangicha nazar tashlab uni yana-da yaxshilab olishimizga zamin yaratadi”, dedi O.Toʻychiyev.

Yigʻilishda Farmon loyihasi keng muhokama qilinib, ayniqsa ilm-fan va innovatsiyalarga tegishli boʻlgan 4 ta bandi alohida koʻrib chiqildi.

Hujjat loyihasining 26-bandda 2021-yildan boshlab, 100 nafar yoshlarni nufuzli olimlarga biriktirish, hamda olis va chekka hududlarga ham grantlar ajratish koʻzda tutilgan boʻlib, barcha hududlarni qamrab olish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzolari ishtirokida щtkazilgan Farmon muhokamasida 100 nafar kamlik qilishi, boshlanishiga 200 nafar yoshlarni nufuzli olimlarga biriktirish masalasini koʻtarishgan.

“Biz har bir OTMlarda ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar bilan suhbatlashishni boshladik. Bu oʻz navbatida tadqiqotchilarning muammo va kamchiliklarini oʻrganish imkonini bermoqda. Ular faqatgina stipendiyalar bilan tadqiqot ishi olib borib boʻlmasligi, yetarli sharoitlarsiz tadqiqot olib borish qiyin ekanini aytishmoqda. Bu oʻz-oʻzidan ilmiy izlanishlar natijadorligiga va davlat tomonidan doktorantlar uchun ajratilayotgan kvotalar sonini oshirishga ham salbiy taʼsir qilmoqda. Masalan, bu yil doktoranturaga jami 3750 kvotaga talabnoma soʻralgan boʻlsa, byudjetdan 1800 ta ajratilgan. Oʻz oʻrnida bu miqdorni oshirish uchun natijadorlik degan masala koʻndalang qoʻyilyapti. Agar yosh olimlar ilmiy izlanishlari samaradorligini oshiradigan boʻlsak, yana-da katta natijalarga erishish, koʻproq kvotalar olish imkoniyatlari paydo boʻladi”, dedi O.Toʻychiyev.

Vazir oʻrinbosari doktoranturaga qabul masalasida toʻxtalib, halqaro tajribaga asoslanib grantlar doirasida doktorantlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyishni taklif sifatida kiritdi.

Oʻz navbatida Toshkent kimyo texnologiyalar instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori X.Poʻlatov soʻzga chiqib, oliy taʼlim muassasalarida atoqli olimlar, akademiklar nomidagi stipendiyalarni taʼsis etish va ushbu stipendiyaga tavsiya etilgan talabalarni magistraturaga imtiyozli qabul kilish tizimini takomillashtirish va OTMlarda sohaning mashhur akademiklari nomidagi auditoriyalar va ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish taklifini bildirdi. Shuningdek atrof-muhitni muxofaza qilish sohasi boʻyicha Davlat dasturlari doirasidagi grantlarga kvotani oshirish va Farmon loyihasining 2-ilovasiga texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish vakolatini ilmiy salohiyati yuqori boʻlgan OTMlar ham berish imkoniyatlarini kiritish takliflarini bildirdi.
Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Gulandom Bakiyeva Shvetsiya misolini keltirib oʻtdi. Undan tashqari ilmiy ish himoya muddatini 3 yilda emas, boshqa muddatda tugatish masalasi ham koʻtarildi.

Farmonga spikerlar tomonidan har bir doktorantga bittadan ilmiy asar tarjimasini yuklash taklifi ham muhokamaga qoʻyildi. Bu talab esa yoshlarni ilmiy ish qilishga jalb etish oʻrniga undan uzoqlashtirishi mumkinligi aytib oʻtildi.

Barcha takliflar oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilib, rahbariyatga taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?