Olimpiya chempionlarini yetkazib bergan maskanning yangi qiyofasi

15:11 14 Mart 2019 Sport
215 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 25 yanvardagi PF-5313-son, “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 5 martdagi PF-5368-son farmonlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3504-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash, shuningdek sportning olimpiya va milliy turlari boʻyicha terma jamoalarni shakllantirish uchun sport zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ”Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qilingandi.

Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internat sifatida qayta tashkil qilingan sobiq ROZKda (Respublika olimpiya zaxiralari kolleji) oʻtgan davr mobaynida qanday oʻzgarishlar boʻldi? Hukumat qarori ijrosi bugungi kunga kelib qanday holatda, Shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida yuzlab oʻzbek sportining yulduzlarini yetishtirib bergan maskanga tashrif buyurdik. Bizni bu dargohda maktab-internat direktori Mirsardor Alimov kutib oldi. Yangidan tashkil qilingan dargohda boʻlayotgan kutilayotgan oʻzgarishlarni bilish maqsadida Mirsardor akani suhbatga tortdik.

— Prezidentimiz va Hukumatimizning sportga qaratayotgan yuksak eʼtiborlari namunasi oʻlaroq, bizning maktabda ham katta oʻzgarishlar boʻlmoqda, — deb soʻz boshladi M. Alimov. — Bugungi kunda respublikamizga olimpiya zaxiralarini yetkazib berish maqsadida maktab-internatning infratuzilmasi butunlay yangilanmoqda. Mazkur maktab rahbarligiga kelganimga 9 oydan sal koʻproq vaqt boʻlgan boʻlsa, shu muddatda maktab joylashgan hududni qaytadan oʻrganib chiqib, 20dan ortiq yangi loyihalarni ishlab chiqdik. Salkam 20 gektar maydonimiz boʻlsada, ilgari ularning koʻp qismidan toʻgʻri foydalanilmagan. Juda koʻp hududlar boʻsh yotgan. Aynan shu oʻrinlarni ham zamonaviy inshootlar bilan toʻldirish maqsadida sportning koʻplab turlari uchun binolarni qurishni rejalashtirganmiz. shu maʼnoda qisqa vaqtda maktab-internat hududidan unumli foydalanish maqsadida yangi loyihani ishlab chiqdik. Ularning baʼzilarini qurish ishlari boshlab yuborilgan. Baʼzilari bitish arafasida. Qolganlarini ham investorlarga taklif sifatida kiritganmiz. Tez orada ularning ham qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Albatta bular oʻz-oʻzidan boʻlib qolayotgani yoʻq. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi mutasaddilariga ham alohida rahmat. Ular moliyaviy tomondan bizni qoʻllab-quvvatlab kelishmoqda.

Maktab direktori bilan birga hududni aylanish uchun chiqdik. Hududda shu kunga qadar oʻquv binolari, mashgʻulot zallari, maydonlar bilan qoʻshib hisoblaganda 15 dan ortiq inshoot mavjud boʻlgan. Yangi loyihaga koʻra, bunday binolar soni 37taga yetkazilishi koʻzda tutilgan.

— Suv sport uchun moʻljallangan zamonaviy saroyni bitkazdik. Bu yerda xalqaro talablarga, olimpiya talablariga javob beradigan barcha sharoitlar yaratilgan. Eng yirik xalqaro musobaqalarni ham bu yerda oʻtkazish mumkin boʻladi. Tez orada kamondan oʻq otish uchun moʻljallangan bino ham foydalanishga topshiriladi. Bu binoni qurishda homiylar oʻz mablagʻlari orqali yordam berishdi. Buning uchun ularga rahmat aytmoqchiman. Biz bu inshoot qurilishi uchun 100 foiz homiylardan pul oldik, deydi maktab rahbari.

Bilishimiz boʻyicha hozirgi kunda qadar kamondan oʻq otish maydoni biroz tartibsiz boʻlgan hududda joylashgan. Yengil atletika bilan shugʻullanuvchi sportchilar bilan ular qariyb bir hududga tiqilib qolishgandi. Yangi loyihada bu muammo ham bartaraf etilishi kutilmoqda.

Loyihalarda eʼtiborimizni tortgani bu usti yopiq koʻrinishdagi velotrek maydoni va ogʻir atletika saroyi boʻldi. Velopoygalar oʻtkazishga moʻljallangan bino xuddi velosportchining bosh kiyimini eslatadi. Ogʻir atletika uchun moʻljallangan bino esa guyoki shtangani ikki qoʻlda koʻtarib turgan sportchining holatini eslatib turadi.

— Bizda koʻplab sport turlarining qarorgohlari ham yoʻq boʻlgan. Maktab internatimiz hududida terma jamoalar uchun baza sifatida xizmat qilishi uchun ham koʻplab inshootlar qurilmoqda. Kurash musobaqalarini oʻtkazish uchun moʻljallangan bino qariyb 70 foizga bitib qoldi. Hozirda milliy kurash, sport kurashlari bitta joyga yigʻilib qolishgan. Yangi bino ishga tushgach, ular alohida mashgʻulot oʻtkazish imkoniyatiga ham ega boʻladi. Shuningdek, bu zalda turli musobaqalarni ham oʻtkazish mumkin boʻladi. Bundan tashqari ot sporti, gandbol musobaqalarini oʻtkazishga moʻljallangan arenalar ham barpo etiladi. Ot sporti uchun maydonimiz deyarli shay holatda. Bundan tashqari futbol stadionimiz 1961 yilda qurilgan holicha umuman tashlab qoʻyilgan. Tomoshabinlar uchun moʻljallangan qismi butunlay yaroqsiz holga kelib qolgandi. Endi oʻsha hududni buzib stadionning yengil atletika musobaqalari oʻtadigan qismini kengaytirmoqchimiz, deya qoʻshimcha qildi Misardor Alimov.

Bir soʻz bilan aytganda maktabda ish qizgʻin davom etmoqda. Loyihalarning barchasi amalga oshadigan boʻlsa, hududni bemalol kichik olimpiya shaharchasi sifatida koʻrishimiz mumkin boʻladi.

Safarimiz yakuni arafasida maktabdagi oʻquv-mashgʻulotlar jarayoni bilan qiziqdik. Boks, milliy kurash, sport kurashlari futbol, kamondan oʻq otish, bosqon uloqtiruvchi sportchilar mashgʻulotlarga zoʻr berishmoqda. Har boʻlim boʻlajak musobaqalarga jiddiy hozirlik koʻrmoqda.

Umuman olganda bu dargohni haqiqiy chempionlar dargohi deyish mumkin. Juda koʻplab Osiyo, jahon va Olimpiya chempionlarini yetkazib bergan maktab-internat bu natijalarni yanada yaxshilash yoʻlida harakat qilmoqda. Biz ham ularga bu ishlari amalga oshishida muvaffaqiyat tilab ortga qaytdik.

Hakim Yoʻldoshev olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?