Olimlarga boʻlgan bunday eʼtibor ilm-fanda yangi choʻqqilarni zabt etish sari yetaklaydi

17:16 31 Avgust 2020 Jamiyat
362 0

Prezidentimiz tomonidan 2020-yil “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi. Ushbu yilda fanning matematika, kimyo, biologiya va geologiya kabi yoʻnalishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu bizning Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti uchun quvonchli xabar sifatida qabul qilindi. Chunki 4-5 yil muqaddam institutimiz yopilish darajasiga kelib qolgandi. Ilmiy kashfiyotlar va ishlanmalarga boʻlgan eʼtiborsizlik tufayli juda koʻp yoʻnalishlar, ilmiy maktablar va ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar faoliyati toʻxtatilgan edi. Ayniqsa, institutning moddiy-texnik bazasi achinarli bir ahvolga kelib qolgan, moddiy taʼminot deyarli izdan chiqqandi. Birgina misol, ushbu ilm dargohimiz oxirgi 30 — 40 yil ichida umuman mukammal taʼmirlanmagan. Endi olimlarimizning tashlandiq binoda qanday sharoitda mehnat qilishgani, oʻqib izlanishganligini oʻzingiz tasavvur qilavering.

Keyingi uch yil ichida mamlakatimiz, jumladan, viloyatimizda ham ilm-fanga va olimlarga boʻlgan eʼtibor tufayli, yillar davomida yoʻl qoʻyilgan yoʻqotishlar, boy berilgan imkoniyatlar qayta tiklanib, salohiyatli olimlar fanga qaytarildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yana-da mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2021-yilda institutimiz asosiy binolarini mukammal taʼmirlash, ilmiy laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, barcha jihozlar va asbob–uskunalarni tubdan yangilash koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi “Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan esa, institutda faoliyat olib borayotgan ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi yoʻlga qoʻyildi. Xususan, fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan xodimlarga 60, falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan xodimlarga 30 foiz oyligiga qoʻshimcha haq berilmoqda. 8 nafar ilmiy xodimimiz arzonlashtirilgan uy-joyga ega boʻldilar. 2 nafariga esa, sovgʻa sifatida hyech qanday toʻlovlarsiz uy hadya etildi. Bundan tashqari, yosh avlodga biologiya fanini chuqur oʻrgatish maqsadida respublikamizda 14 ta tayanch va 150 ta ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilishi, ushbu maktablarga ilmiy tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish korxonalarining biriktirilishi kelajakda rivojlangan mamlakatlar talablari darajasida yuqori malakali biologlar yetishib chiqishiga zamin yaratilyapti.

Ilm ahliga boʻlgan bunday eʼtibor, izzat-ikrom jonajon Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi bayrami arafasida amalga oshirilgani barcha ilmiy jamoamizni benihoya mamnun etdi.

Albatta, olimlarga boʻlgan bunday eʼtibor ilm-fanni yana-da yangi choʻqqilar sari yetaklaydi.

Institutimizda dorivor oʻsimliklar genetikasi va biotexnologiyasi yoʻnalishi yangitdan tashkil etildi. Hozirda, zanjabil (Zingiber officinale), zarchava (Curcuma longa) singari bir qator noyob va dorivorlik xususiyatlari yuqori boʻlgan oʻsimliklarni oʻrganish va ular kolleksiyasini yaratish ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, ekib koʻpaytirilyapti, fiziologik-biokimyoviy xususiyatlari oʻrganilayotir. Ayni chogʻda davlat rahbarining 2020-yil 10-apreldagi “Yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida noyob dorivor oʻsimliklardan zubturum, tirnoqgul, anzur piyozi, qoqioʻt va boshqa oʻsimliklar urugʻlari kolleksiyasi yaratilmoqda. Surxondaryo viloyati «Boysun-Farm» erkin iqtisodiy zonasi bilan dorivor oʻsimliklarni hamkorlikda yetishtirish boʻyicha oʻzaro kelishuv memorandumi tuzildi.

Prezidentimiz tomonidan paxta xom ashyosiga davlat buyurtmasining bekor qilinishi tarixiy voqea boʻldi. Chunki yaqin yillarga qadar plan bajarish ilinjida asosan tosh bosadigan, chigiti ogʻir gʻoʻza navlari ekilgan boʻlsa, endilikda tola chiqimi va hosildorligi yuqori navlarga zaruriyat sezilmoqda. Qolaversa, yaqin kelajakda toʻqimachilik sanoati yuksak rivoj topishi kuzatilyapti. Endi paxtamiz xom ashyo sifatida arzon narxlarda eksport qilinmasdan, balki, tayyor mahsulot koʻrinishida xorijga eksport qilinadi. Bu ulugʻvor vazifalarga hissa qoʻshish uchun institutimiz olimlari tomonidan keyinga uch yilda bir qator muhim ilmiy natijalarga erishilgan.

Gʻoʻzaning “Yuksalish”, “Genofond-2”, “AN-419”, “Afsona”, “Iftixor”, “Mehnat”, “Kelajak”, “Zafar” va “Zamin” kabi yangi navlari yaratilib agroklaster va fermer xoʻjaliklariga tavsiya etildi. Ushbu gʻoʻza navlari suvsizlikka, shoʻrga va kasalliklarga chidamliligi, tola chiqimi, sifati va hosildorligi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Misol tariqasida gʻoʻzaning “Yuksalish” navi — tola chiqimi 42-43 foiz boʻlib, maʼlum darajada suv tanqisligi va shoʻrhoklikka bardoshli. Hozirda Sirdaryo viloyatida “BEK CLUSTER” agroklasteri dalalarida tajribadan oʻtmoqda.

Respublikamizda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda muhim boʻlgan dukkakli ekinlar, chunonchi, sabzavot soyasi va moshning ertapishar, hosildor yangi navlarini yaratish boʻyicha ham ilmiy tadqiqotlar davom ettirilmoqda. Yumshoq bugʻdoyning “Bardosh”, “Pahlavon”, «Oqmarvarid» va “Qayroqtosh” kabi mahalliy navlari yaratildi. Soyaning “Genetik-1” va “Sochilmas” navlari urugʻlarini koʻpaytirish va ekin maydonlarini kengaytirish maqsadida «Markaziy Osiyo urugʻchilik kompaniyasi» bilan litsenzion shartnoma tuzishga erishdik.

Bu yutuqlarning barchasi ilm-fanga berilayotgan bugungi eʼtibor, olimlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlar tufaylidir.

Barcha yurtdoshlarimizni mamlakatimiz mustaqilligining 29 yillik ayyomi bilan jamoamiz nomidan qutlab qolaman!

Abdujalil Narimanov,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi
Genetika va oʻsimliklar 
eksperimental biologiyasi
instituti direktori,
qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?