Olimlar uzoq galaktikadan kelgan 72 ta gʻalati signalni “tutib olish”di

12:05 13 Sentyabr 2018 Dunyo
735 0
Illyustrativ foto

AQSHning Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari Yerdan 3 mlrd. yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan mitti galaktikadan kelgan 400 terabayt radiomaʼlumotni shifrdan chiqarish orqali 72 ta gʻalati signalni tutib qolishdi.

Bu haqda Bi-bi-si xabar berdi. Mazkur izlanishlar SETI(Yerdan tashqari sivilizatsiyalarni izlash boʻyicha xalqaro loyiha) doirasida olib borilayapti. Ushbu loyiha 1959 yildan buyon mavjud boʻlib, texnologik jihatdan rivojlangan har qanday sivilizatsiya qandaydir chastotada signal berishga qodir degan farazga asoslanadi. Tadqiqotlar Amerika kompaniyalari va qisman NASA tomonidan moliyalashtiriladi.

Olimlar tomonidan FRB 121102 deya nomlangan yuqoridagi signal manbai shunisi bilan noyobki, u oʻzidan muntazam ravishda radioovozlar chiqarib turadi.

Aniqlangan signallar juda tez, ammo radioimpulslar orqali yaxshi seziladi. Shunga oʻxshash voqea 2007 yilda ham kuzatilgandi, ammo bu holat olimlar eʼtiborini endi oʻziga tortayapti.

“Ularni ishlab chiqarayotgan obyekt tabiati bizga nomaʼlum”, - deya maʼlum qildi SETI vakillari.

Signallarning kelib chiqishi haqida qator taxminlar bor. Hatto ulardan biri bunday belgilarni Yerdan tashqaridagi qandaydir ongli mavjudot joʻnatayapti degan farazdir.

Oʻtgan yili Garvard universiteti olimlari bunday signallar Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalarda qurilgan qudratli uzatgichlardan kelayotgani, bundan koʻzlangan maqsad yulduzlararo kosmik ekspeditsiyalarni uyushtirish ekanligini taxmin qilishgandi. Olimlar bu kabi sayohatlar uchun yorugʻlik yoki quyosh yelkanlari tamoyilidan foydalanish mumkinligini aytishadi. Yorugʻlik(foton) tomonidan yaratilgan kichik bosim kuchsiz, ammo tezlikni muntazam oshirib borishga xizmat qilib, bu nazariy jihatdan kosmik kemaga qariyb yorugʻlik tezligiga erishish imkonini beradi.

Bu galgi signallar Gʻarbiy Virjiniya shtatidagi “Grin-Benk” radioteleskopi yordamida aniqlandi. Ilmiy xodim Jerri Chjan tomonidan esa 400 terabayt radioaxborotni toʻliq oʻrganishda qoʻl keladigan maxsus algoritm ishlab chiqdi.

Ilgari buning uchun IT-kompaniyalar qidiruv natijalari va tasvirlarni tasniflashni optimallashtirish uchun foydalanadigan nisbatan oddiy algoritmlarga oʻxshash tizimlar ishlatilgan.

“Ushbu ish nafaqat tez radioovozlar paydo boʻlish dinamikasini batafsil oʻrganishga yordamlashmoqda, balki aqlli mashinalar anʼanaviy algoritmlar ilgʻay olmaydigan signallarni ham qayd eta olishini koʻrsatib berayapti”, - dedi SETI tadqiqot markazi rahbari Endryu Simon.

Eslatib oʻtamiz, 1999 yilda Kaliforniya universiteti SETI loyihasiga barcha xohlovchilarni jalb etishga qaror qildi. Buning uchun personal kompyuterga radioteleskop yordamida qabul qilingan signallarni shifrdan chiqarib beradigan dasturlar paketini oʻrnatish kifoya edi. Ushbu chaqiriqqa dunyoning 200 mamlakatidan qariyb besh million kishi labbay deb javob berdi. Loyihada ularning har birining ishtiroki uncha qimmatga tushmaydi, ammo barcha koʻngillilarning barchasi tomonidan mazkur loyihaga sarflangan elektr energiyasi qiymati umumiylashtirilganda, u 2 mlrd. dollardan ham oshib ketgan. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?