Olimlar olovdan ham, suvdan ham “qoʻrqmaydigan” yogʻoch yaratishdi

11:25 30 Oktyabr 2018 Dunyo
442 0

Yogʻoch — dunyodagi eng ommabop qurilish materiallaridan biridir. U ekologik toza va qayta tiklanadigan resurs hisoblanadi. Olimlar oxirgi yillarda uning xususiyatlarini oʻzgartirishga erishayotgani esa hayratlanarlidir. Masalan, bundan bir necha yil oldin Stokholmda oyna va deraza uchun plastik sifatida foydalanish mumkin boʻlgan shaffof yogʻoch yaratilgandi.

Oʻz navbatida uzoq yillardan beri sunʼiy taxta kashf etish ustida izlanishlar olib borilayotgan edi. Shu yoʻl bilan sayyoramizning oʻpkasi hisoblangan oʻrmonlarning kesilib ketishini toʻxtatib qolish mumkin. Va nihoyat ana shu orzu roʻyobga chiqdi. Xitoyda tabiiy taxtaning suv va olovga bardosh bera oladigan sunʼiy muqobili yaratildi.

Scientific American manbasining xabar berishicha, Chin oʻlkasi Anxoy provinsiyasi Xefey ilmiy-texnika universitetida oʻz sifati boʻyicha tabiiy yogʻochdan aslo qolishmaydigan, hatto ayrim koʻrsatkichlari boʻyicha undan oʻtadigan material tayyorlandi. Buning ustiga uni ishlab chiqarish uchun juda kam vaqt — bir necha soat ketadi. Vaholanki, oʻrmonzorlar yillar davomida vujudga keladi. Qiziq tomoni sunʼiy yogʻochni yasashda lignin(yogʻochga pishiqlik beradigan) moddasidan emas, balki oʻzining oʻrgimchaksimon tuzilmasi bilan unga oʻxshab ketadigan rezol polimeridan foydalanildi.

Nou-xau muallifi Shu Xun Yuning aytishicha, rezolli suv eritmasi xitozan(qisqichbaqa va krevetkalar kosasidagi qandli polimer) va sirka kislotasiga qoʻshildi. Olingan eritma suyuq azot yordamida muzlatildi va vakuum muhitiga quritish uchun qoʻyildi. Shundan soʻng pishiq kimyoviy birikmani paydo qilish uchun Selsiy boʻyicha 200 darajada qizdirildi. Qator tajribalar shuni koʻrsatdiki, olingan polimer tabiiy yogʻochga qaraganda juda mustahkam, egiluvchanlik va siqishga nisbatan qarshiligi ancha yaxshi ekan. Qolaversa, tabiiysidan farqli oʻlaroq oʻta yengil va uni istalgan rangda chiqarish mumkin. Eng asosiysi, suv oʻtkazmaydi va yogʻochni koʻmirga aylantirib yuboradigan oʻta yuqori haroratlarga ham chidamlidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?