Olimlar Namangan viloyatidagi taʼlim muassasalariga kitob ulashdi

14:35 23 Aprel 2019 Jamiyat
145 0

Joriy yilning 15-16 aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining haqiqiy aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis deputati, qoʻmita raisi, akademik Akmal Saidov hamda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik Qalandar Abdurahmonov Namangan viloyatidagi bir nechta taʼlim muassasalariga tashrif buyurishdi.

Akademiklar Namangan Yuridik kolleji fondiga, Namangan davlat universiteti axborot-resurs markaziga, Isʼhoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internati kutubxonasiga, Toʻraqoʻrgʻon tumanida joylashgan 10-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi kutubxonasiga hamda shu tumanda joylashgan Bolalar musiqa va sanʼat maktabining kutubxona fondiga oʻz mualliflik asarlari va shaxsiy kutubxonalaridan 500 donadan ortiq, turli tillardagi (rus, ingliz, fransuz, nemis) kitoblarini sovgʻa qilishdi.

Jumladan, akademik A.Saidov sovgʻa qilgan kitoblar kolleksiyasidan – Immanuel Kantning “Pedagogika” va “Falsafiy huquqiy merosi”, “Xoffman nemis va oʻzbek yuristi nigohida”, “Dante yurist”, taniqli rus adibi Ivan Buninning sheʼrlari jamlangan “Tiyramoh”,“Gyote kak yurist” asarlari oʻrin olgan. Akademik Q.Abdurahmonov sovgʻa qilgan kitoblar toʻplamida muallif tomonidan 3 marta qayta nashrdan chiqqan “Mehnat iqtisodiyoti”, “Human development”, “Buyuklar kahkashonida”, “Olamni mahliyo aylagan diyor” va boshqa turli xildagi kitoblar sovgʻa qilindi.

Olimlarning oʻquv yurtiga tashrifi va maʼrifatga boy sovgʻalar jamlanmasini taqdim etishi oʻqituvchilar va oʻquvchilar oʻrtasida katta kitob bayramiga aylanib ketdi.

Bundan tashqari, tumandagi 10-maktabgacha taʼlim muassasasi, Bolalar musiqa va sanʼat maktabi, qolaversa, viloyatdagi Axsikent ochiq osmon ostidagi muzeyga ham borildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?