Olimlar infarkt olib keladigan xavflarni kamaytiradigan o‘ta muhim omillarni aniqlashdi

18:20 20 Aprel 2018 Lifestyle
917 0

Shvetsiyalik kardiologlarning qayd etishicha, jismoniy faollik yurak xurujini boshidan o‘tkazganlar uchun bevaqt o‘limdan qochish imkonini berar ekan. 

Mazkur tadqiqotda 2005 — 2013 yillar oralig‘ida miokard infarktini boshidan o‘tkazgan 22227 nafar bemor ishtirok etdi. Shifokorlar ularning jismoniy faolligi darajasini ikki marta — yurak xurujidan 6 — 10 hafta va 12 oy o‘tgandan so‘ng o‘lchab ko‘rishdi. So‘rov davomida har bir ko‘ngilli o‘tgan yetti kun davomida necha marotaba jismoniy mashg‘ulot qilishganini aytib borishdi. Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, har bir jismoniy mashg‘ulot 30 daqiqadan ko‘p davom etmasligi kerak, deb yozadi “EurekAlert!”.
Bu esa infarktdan so‘ng mushaklarga tushadigan yuk qay darajada o‘zgarganini aniqlash imkonini berdi.

O‘rtacha o‘tgan 4,2 yil davomida qariyb 1087 nafar bemor vafot etdi. Bu borada o‘lim xavfi jismoniy jihatdan nofaol bo‘lgan insonlarda ko‘proq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Nisbatan kam jismoniy mashq qiladiganlardan o‘lim ehtimoli 37 foiz, doimiy jismoniy faol insonlarda esa 59 foiz kamaygan. Olimlarning aytishicha, infarktga chalinganlar nafaqat chekishni tashlashi, balki sog‘lom ovqatlanishni boshlashi hamda haftada kamida ikki marta jismoniy mashqlarga e’tibor qaratishlari lozim. 

Bundan oldin shved mutaxassislari tomonidan “Heart” ilmiy jurnalida har hafta yong‘oq iste’mol qilish yurak-qon tomiri kasalliklari, jumladan, aritmiyaning eng keng tarqalgan turlaridan — yurak bo‘lmasi fibrillyatsiyasi xavfini pasaytirishi ma’lum qilishgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?