Olima ayol koronavirusga oid raqamlarni kamaytirishdan bosh tortgani uchun ishdan boʻshatildi

17:15 20 May 2020 Dunyo
346 0

AQSHning Florida shtatilik olim Rebekka Jons koronavirusni monitoring qilish boʻyicha ikkita ilova, oltita vosita yaratgan. U shtat aholisiga tojdor virus bilan bogʻliq real holatni koʻrsatib borish uchun maʼlumotlar joylashtiriladigan oltita noyob xaritani ham ishlab chiqqan edi.

Yaqinda uni ishdan boʻshatishdi, deb yozadi RT.

Jonsning aytishicha, uni koronavirus bilan bogʻliq ilovalardagi maʼlumotlarni oʻzgartirishdan bosh tortgani uchun ishdan olishgan. Gap shundaki, ekspert "shtatni ochish uchun maʼlumotlarni oʻzgartirish kerakligi haqidagi buyruqni bajarmagan, chunki odamlardan asl haqiqatni yashirishni istamagan. Ammo buyruqni kim berganini ochiqlamagan.

“Bir oʻzim ikki oylab kuniga 16 soatdan ishladim. Ulardan aksariyat qismi uchun haq ham toʻlashmadi va bu voqeadan keyin endi umuman toʻlashmasa ham kerak”, — deydi Jons.

Biolog Laki Tran esa Rebekkaning ishdan boʻshatilishi sababini bilganidan soʻng Tvitterda shunday deb yozdi: “Qachonki siyosatchilar olimlarni senzuraga duchor etsa va raqamlar bilan manipulyatsiya qilsa, qolgan odamlar aziyat chekadi”.

Floridada asta-sekinlik bilan koronavirus sabab joriy etilgan cheklovlar yumshatib borilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, shtatda virusga chalinganlar soni 46 mingdan oshgan, vafot etganlar esa ikki mindan ziyodni tashkil etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?