Oliy taʼlimda korrupsiya qay darajada?

09:49 19 Yanvar 2020 Jamiyat
926 0

18-yanvar kuni Bosh prokuraturada Bosh prokuror N.Yoʻldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda oliy taʼlim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni taʼminlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohidov, Prezident maslahatchisining oʻrinbosari U.Ismailov, 
Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov qatnashdi.

Oliy taʼlim sohasida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi yigʻilishda tanqidiy muhokama etildi.

Bosh prokuror oʻz maʼruzasida, oliy taʼlim sohasida korrupsiya tarqalgan yoʻnalishlarni sanab oʻtdi.

Jumladan, korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, oʻqish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning oʻqish joyini koʻchirish, oʻqish yoʻnalishini oʻzgartirish hamda oʻqishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilayotganligi koʻrsatildi.

Yigʻilishda soʻnggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim taʼlim jarayoni bilan bogʻliq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy oʻquvyurtlariga toʻgʻri kelishi tanqid ostiga olindi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan oʻrinbosarlari, 62 nafarini oʻqituvchilar tashkil etadi.

Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor oʻrinbosari, 94 nafar oʻqituvchi jinoyatga qoʻl urgan.

Sohada korrupsiyaning oldini olish va unga chek qoʻyish borasidagi choralar yetarli samara bermayotganligini keng jamoatchilik fikri tasdiqlamoqda.

2018-yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazi oʻtkazgan soʻrovda ishtirok etganlarning 29 foizi oliy taʼlim tizimida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan boʻlsa, 2019-yilda bu salbiykoʻrsatkich 35 foizni tashkil etgan.

Oʻtgan yilning avgust oyida Internet orqali oʻtkazilgan soʻrovda Yuridik, Iqtisodiyot, Milliy, Axborot texnologiyalari universitetlari hamda Tibbiyot akademiyasi korrupsiya eng koʻp tarqalgan oliy oʻquv yurtlari sifatida koʻrsatilgan.

Komissiya raisi talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

Jumladan, oʻqishga kiritish vaji bilan 115 nafar, jumladan, 
58 nafar oliy va 57 nafar oʻrta maxsus taʼlim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti oʻqituvchisi K. fuqaro D.ni institutning buxgalteriya fakulteti sirtqi yoʻnalishiga oʻqishga kiritish uchun 10 ming AQSH dollari olganda ushlangan.

Qarshi davlat universitetining prorektori N. maxsus sirtqi boʻlimga kirish imtihonlaridan oʻta olmagan O.ni oʻqishga kirishida yordam berish vaji bilan 3 ming AQSH dollari olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. 

Ijodiy imtihon jarayonlari xolis va adolat bilan oʻtkazilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Xususan, Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi S., qabul komissiya aʼzosi ekanligidan foydalanibfuqaro A.ni ijodiy imtihondan yuqori ball olishida yordam berish evaziga 6 ming AQSH dollari olganda ushlangan.

Soʻnggi ikki yilda 21 nafar talabaning bunday jinoyatlarga aralashib javobgarlikka tortilganligi tizimdagi korrupsiya oqibati sifatida keskin tanqidga olindi.

Bosh prokuror maʼruzasida, mutasaddilarga oliy oʻquv yurtlarining taʼlim tilidagi zamonaviy darslik va oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash zarurligini koʻrsatdi.

Tahlillar, oliy taʼlim muassasalarida oʻquv rejalaridagi fanlarning 24 foizi boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalar mavjud emasligini koʻrsatmoqda.

Masalan, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida 1.552 nafar talaba tahsil olsa-da, bor – yoʻgʻi 15 nomdagi 45 dona darslik mavjud.

Ayrim oliy oʻquv yurtlarida darslik va oʻquv qoʻllanmalari maʼnan eskirib, hozirgi zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Masalan, toʻqimachilik sohasidagi oliy oʻquv yurtlaridagi 429 ta darslik va qoʻllanmaning har toʻrtinchisi 10 yildan 30 yilgacha, har uchinchisi 30 yildan 50 yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida nashr etilgan.

Oliy taʼlim muassasalarida axborot resurs markazlari, ayniqsa, kutubxonalardan foydalanishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar ham roʻy-rost koʻrsatilib, axborot — kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlim jarayonlariga keng joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Magistratura yoʻnalishida yoʻl qoʻyilgan ayrim suiisteʼmolchilik holatlari keskin tanqid qilindi.

Oʻzbekiston Milliy universitetida dekan lavozimida ishlagan A. va oʻrinbosari Yu. fuqaro R.ni magistratura yoʻnalishiga kiritish evaziga undan ming AQSH dollari olganligi uchun unga nisbatan sud hukmi bilan jazo tayinlangan.

Nukus davlat pedagogika instituti sobiq rektori va prorektori magistratura bosqichiga sinovdan oʻtgan 55 nafar talabgorning imtihon natijalarini soxtalashtirganMazkur holat boʻyicha aybdor shaxslarning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingan.

Talabalar oʻqish joyini koʻchirish, oʻqish yoʻnalishini oʻzgartirish hamda oʻqishga qayta tiklashda korrupsiyaga duch kelayotganligi, bunga oliy oʻquv yurti va vazirlik ayrim mutsasaddilari bosh qoʻshganligi keskin tanqid ostiga olindi.

Muqaddam oliy taʼlim sohasida ishlab, taʼlim bilan bogʻliq poraxoʻrlik va firibgarlik jinoyatlari uchun 4 marotaba sudlangan 
U. Oliy taʼlim vazirligida masʼul lavozimda ishlab, taʼlim bilan bogʻliq qator jinoyatlarga qoʻl urgan.

Jumladan, U. Rossiya va Ukraina tibbiyot oliygohlarida taʼlim olayotgan ikki nafar talabaning oʻqishini Toshkentdagi oliygohlarga koʻchirish uchun 4 ming AQSH dollari olganligi fosh etilgan. Bundan tashqari, tergovda, U. yana 6 ta holatda oʻqishga kiritish, talabalarning oʻqishini tiklash va koʻchirish masalasini hal qilishga vaʼda berib, 14 ming AQSH dollarini pora tariqasida olganligi aniqlangan.

Yigʻilishda komissiya raisi, korrupsiya holatlariga taʼlim jarayonlarning ochiq va shaffof tashkil etilmaganligi sabab boʻlganligini koʻrsatib, bundan sohadagi har bir rahbar xodim oʻziga tegishli xulosa chiqarishi lozimligini taʼkidladi.

Oliy taʼlim muassasalari ilmiy — tadqiqot faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar ham yigʻilish aʼzolari tomonidan muhokama etilib, ilmiy daraja berish tartib — taomillaridagi murakkabliklar, oʻrinsiz talab va korrupsiyaviy omillar taʼlim sifatiga taʼsir koʻrsatayotganligi qayd etildi.

Byudjet mablagʻlarini sarflash jarayonidagi talon-torojliklar sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri boʻlib qolayotganligi, oʻtgan yilda Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan tekshirilgan 1.107 ta vazirlik muassasalarining 1.035 tasi yoki 93 foizida 16,7 mlrd. soʻmlik moliyaviy qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyilganligi koʻrsatib oʻtildi.

Oliy taʼlim sohasida yoʻl qoʻyilgan korrupsiya holatlarining asosiy sabablaridan biri — ijro intizomi, yuridik xizmat faoliyati yetarli yoʻlga qoʻyilmagani, deb koʻrsatdi komissiya raisi.

Maʼruza yakunida Bosh prokuror N.Yoʻldoshev, oliy taʼlim masalasiga eʼtiborsiz qaralgan vaziyatlarda yuzaga keladigan mudhish oqibatlar haqida soʻz yuritib, Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qoʻyilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.

“Har qanday millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun taʼlim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning oʻzi kifoyadir.

Bu tarzda taʼlim olgan shifokorlar qoʻlidan bemorlar oʻlim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron boʻladi, iqtisodchi va hisobchilar qoʻlida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham 
shunday huquqshunos va sudyalar qoʻlida zavol topadi.

Taʼlimning inqirozi – bu millat inqirozidir”.

Komissiya yigʻilishi qizgʻin muhokamalar bilan kechdi. Soʻzga chiqqan Prezidentning maslahatchisi A.Abduvaxitov, Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov, Sudyalar Oliy Kengashi raisi U.Mingboyev, Qonunchilik palatasi deputatlari D.Aripov, Sh.Bafayev, Senat aʼzolari B.Matmuratov, Z.Nizomxodjayev, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi direktori R.Kamilov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, Adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qudratxodjayev, Respublika Oliy taʼlim Kengashi raisi Oʻ.Umurzakovlar oliy taʼlim sohasida korrupsiyani oldini olish boʻyicha vazifalar borasida oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.Madjidov, vazir oʻrinbosari U.Begimqulov, vazirlik bosh boshqarma boshligʻi A.Xoliqov, Fargʻona davlat universiteti rektori R.Maksudov, Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti rektori A.Riskulov, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti rektori vazifasini bajaruvchi B.Onorboyev, Yuridik universitet rektori R.Hakimov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori K.Sharipov, Farmatsevtika instituti rektori I.Alimdjanov, Stomatologiya instituti prorektori A.Xaydarovlarning tushuntirish 
va izohlari eshitildi.

Yigʻilish yakuni boʻyicha oliy taʼlim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish, qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?