Oliy taʼlim tizimini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish – dolzarb vazifa

17:26 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
154 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida oliy taʼlim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan seminar boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Videoselektor shaklida oʻtkazilgan tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bosh prokuratura mutasaddilari ishtirok etdi. 

Tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Botir Matmuratov maʼruza qildi.

Seminarda oliy taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Jumladan, bu borada qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” 7 ta boʻlimni, yaʼni umumiy tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar, qabul jarayoni, taʼlim berish va talabalar bilimini baholash, oʻqishni koʻchirish, oʻqishga tiklash va nostrifikatsiya, oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, professor-oʻqituvchilarning ijtimoiy himoyasi, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanishni oʻz ichiga olgan va 42 ta band ijrosiga vazirlik masʼul etib belgilangan. Qolaversa, vazirlik “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hozirgi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida ham batafsil bayon qildi.

Tadbir soʻngida bu muhim masalada belgilangan vazifalarni barcha masʼul va manfaatdor tomonlar, ishchi guruh aʼzolari bilan birgalikda sidqidildan bajarishga va qoʻyilgan maqsadga erishish uchun tizimning butun salohiyatini safarbar etishga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?